Dadasini Qizi — muzqaymoq uchun brending
Dadasini Qizi – O‘zbekistondagi oilaviy muzqaymoq brendi
1. Vazifa
Bu safar bizga zavod kengayishi, yangi sanoat liniyalari va mahsulotlar turlari ortishi munosabati bilan muzqaymoq ishlab chiqaruvchilar murojaat qilishdi. Ularda brendni shunchaki mazali emas, haqiqatan ham oilaviy, mehrga to‘la va taniqli qilish g‘oyasi bor edi. Shu bois u bir qarashdan esda qoladigan bo‘lishi muhim edi.
2. Tadqiqot
O‘rganishlar bosqichida biz oddiy, ammo kuchli insaytlar topdik:
— ko‘p hollarda muzqaymoqni otalar olishadi, oila a’zolariga, farzandlariga. Ammo qizig‘i, ko‘pincha o‘z qizlariga olishar ekan.
Qizi muloyimlik bilan “Dadajon, muzqaymoq olib bering” deb tursa, har qanday ota ham erib ketsa kerak. Shu tariqa “Dadasini qizi” nomi va g‘oyasi paydo bo‘ldi. Ta’sirli. Haqiqiy. O‘zbekona.
Biz FMCG segmentida mahalliy va xalqaro amaliyotni ham o‘rgandik hamda bir qancha muhim qoidalarni bilib oldik:
— qadoq hissiyot berishi kerak — quvonch, o‘yinqaroqlik, g‘amxo‘rlik;
— do‘konda ajralib turishi kerak (muzqaymoq segmentida bir xil dizaynlar ko‘p);
— hikoya yaratuvchi va taniqlilikni oshiruvchi qahramonlardan foydalanish mumkin;
— dizayn turli SKU va kanallarga moslashuvchan bo‘lishi kerak;
— oilaviy mahsulot oiladagi iliq lahzalarni ko‘rsatishi kerak.
Bizni ayniqsa ilhomlantirgan g‘oya: xaridorlar ko‘proq ta’mni emas, hissiyotni eslab qolishadi. “Bu muzqaymoqni menga dadam olib berganlar” degan his.
3. Yechim
Biz yagona vizual tizimni ishlab chiqdik, unda barchasi birgina hisiyot asosida aylanadi, ya’ni oiladagi mehr-muhabbat haqida.
Brend markazida — ota ayiq va qiz ayiqcha. Ular shunchaki maskot emas, balki kichik hikoyacha qahramonlari: birga velosipedda sayr qilishadi, superqahramonlarga aylanishadi, quchoqlashishadi, birgalikda muzqaymoq tayyorlashadi, shunchaki bir-birlaridan quvonishadi va hokazo.
Har bir qadoq xuddi kayfiyatni ko‘taruvchi komiksdagi bir kadrga o‘xshaydi.
4. Dizayndagi yechimlar:
• Universal format: biz bergan yechim cho‘pli, briketli, qutili, konusli va boshqa turdagi qadoqlarga mos keladi.
• Rang palitrasi — ko‘k, och ko‘k va sariq birlashmasi. Muzqaymoqlar bozorida bu yangicha, noodatiy kombinatsiya. Shu bois bunday qadoq ajralib turadi, bir vaqtda salqinlik va baxt hissini beradi.
• Logotip: yumaloq shriftli, do‘stona, mehrga to‘la uslubda yozilgan.
• Illyustratsiyalar: minimalizm (flat) uslubida, oson kattalashadi va uzoqdan ha ko‘rinadi.
Natija
“Dadasini Qizi” tez orada sotuvga chiqishi ko‘zda tutilmoqda. Jarayon so‘nggi bosqichda, biz esa brendning yangi qahramonlari muzlatkichlardan joy olib, mehrli otalar va qizlar qo‘lida bo‘lishini intizorlik bilan kutyapmiz.
Ba’zida muhabbat — bu shunchaki qizi uchun muzqaymoq olib berish, “Dadasini Qizi” ayni shuni eslatib turadigan brend.