Tetsu — tabiatning haqiqiy kuchi
Tetsu – tabiiy kuch va sof suv manbai uchun premium ichimlik suvi dizayni
1. Vazifa
Mijoz oldimizga ichimlik suvi uchun yangi brendni yoʻlga qoʻyish gʻoyasi bilan keldi. Ammo bu shunchaki suv emas, balki oʻz tarixiga ega brend edi: suv manbayi 1968-yildan buyon mavjud boʻlib, u 280 metr yer qaʼrida, ekologik toza hududda joylashgan, atrofi ham yashil qir-adirlardan iborat.
Oldimizga mijoz talablaridan kelib chiqib, mahsulot xususiyatlarini aks ettiruvchi nom topish, logotip ishlab chiqish va qadoq dizayni konsepsiyasini yaratish vazifasi qoʻyildi.
2. Tadqiqot
Bizning ishda eng muhim jarayon — bu oʻrganish: raqobatchilarni, maqsadli auditoriyani, bozor holatini. Agar bu bosqich puxta olib borilsa hamda toʻgʻri xulosa va insaytlar olinsa, natija ham shunga yarasha ijobiy boʻladi.
Ishni boshlashdan oldin biz ham mahalliy, ham xalqaro brendlarni oʻrganib chiqdik. Mahsulot suv boʻlgani uchun och koʻk va oq ranglarga urgʻu qaratilishi tabiiy. Ammo biz ranglarga emas, koʻproq shakl va shamoyilga eʼtiborimizni qaratdik.
3. Yechim
• Neyming
Nom topishda maʼnoli, jarangdor va esda qolarli boʻlishiga eʼtibor qaratdik. Suvning shifobaxsh, salomatlikka foydali ekanini inobatga olib, “tetiklantiruvchi suv” jumlasini asos qilib oldik. Uni qisqartirib, mozayka uslubida unikal nom hosil qildik. Natijada jarangdor Tetsu nomi hosil boʻldi.
Undan tashqari, yapon tilida “Tetsu” temir degan maʼnoni anglatadi. Maʼlumki, temir moddasi mineral sifatida ichimlik suvlari tarkibida boʻladi. Shu bois bu nom mahsulotning tabiiy xususiyati va majoziy maʼnoda tabiat quvvatini ham ifodalaydi.
• Logotip
Bir vaqtning oʻziha ham togʻ, ham tojni eslatuvchi shakl ichida suv tomchisini tasvirladik va ostiga nafis shriftlar bilan brend nomini tushirdik. Minimalizm uslubi, jiddiy simmetriya, sof ranglar — bularning barchasi ortiqcha detallarsiz premium toifadagi mahsulot tasavvurini beradi.
4. Qadoq dizayni
Navbatda turli hajmdagi butilkalar dizaynini ishlab chiqdik. Gazli va gazsiz suvlar uchun ranglarni mos ravishda inversiya qildik. Premium segment uchun mijozga muz va minerallarni eslatuvchi oliy navli suv qadogʻini ham koʻrsatib oʻtdik. Etiketkani ham umumiy konsepsiyaga mos ravishda tomchi shaklida tayyorladik. Uni tegishli illyustratsiyalar va me’yoriy matnlar bilan toʻldirdik.
Mijoz talabiga koʻra flayer, brendlangan avtomobil, 19 litrli butilka dizaynini ham ishlab chiqdik.
Natija
Aniq ayta olamizki, bu loyihada biz shunchaki dizayn emas, toʻlaqonli brend yaratishga oʻz hissamizni qoʻshdik. Tez orada ushbu yangi brend bozorda mustahkam oʻrnashadi va xalqimiz qalbidan joy egallaydi.