Nutq va chips orasida qanday bog‘liqlik bor deb hayron bo‘layotgan bo‘lsangiz kerak. Maqolani oxirigacha o‘qisangiz, bu haqda bilib olasiz.
Vazifa
Bizga chipslar ishlab chiqaruvchi tadbirkor neyming va qadoq dizayni xizmati bo‘yicha murojaat qildi. Vazifa original va ajralib turuvchi yechim berishdan iborat edi.
Yechim
Neyming
Nom tanlashda ham ma’noga, ham kompaniya beradigan qiymatga ahamiyat berdik. Natijada “Spich” nomini taklif etdik. Spich — bu chips so‘zining teskari o‘qilishi. Bu bilan Spich iste’molchilarni o‘zgacha ta’mlar bilan chips haqidagi tasavvurlarini butunlay o‘zgartirib yuborishiga ishora qiladi.
Undan tashqari, inglizcha talaffuzda “Speach” so‘zi davra yoki sahnada nutq so‘zlash, muloqot degan ma’noni anglatadi. Ya’ni bu chipslarni yaqinlar davrasida muloqot qilib iste’mol qilish yanada ajoyib ekanini anglatadi.
Dizayn
Neymingdan kelib chiqib, biz tovush to‘lqinlarining abstrakt ko‘rinishidan foydalandik. Ta’mlar xilma-xilligini illyustratsiyalar bilan ko‘rsatib berdik. Natijada yoshlarbop, estetik va minimalistik dizayn hosil bo‘ldi. Tahlilimiz bo‘yicha, bu mahsulot o‘zining qadoq dizayni bilan raqobatchilar orasida ham ajralib tura oladi.