Kompaniya yangi muzqaymoqlar lineykasi uchun brending yaratish vazifasi bilan bizga murojaat qildi. Bozorda qadoqlar asosan bir xilda va mahsulot qadriyatlarini yetkazmaydi.Mijoz istagiga ko‘ra, qadoq sharqona an’analarni aks ettirishi va mahsulotni shu kabi takliflar orasida ajratib ko‘rsatishi kerak edi.
Tadqiqot
Biz bozor va raqobatchilarni o‘rganish uchun tadqiqot olib bordik. Maqsadli auditoriya talablarini o‘rganish shuni ko‘rsatdiki, iste’molchilar nafaqat tashqi ko‘rinishidan chiroyli, balki madaniy qadriyat beruvchi mahsulotlarni ham izlashadi.
Yechim
Neyming: yangi muzqaymoq brendi uchun biz «Basma» nomini taklif etdik. Turk tilida bu so‘z «imzo qo‘yish», «chop etish» degan ma’nolarni anglatadi, bu esa mahsulotning noyobligiga va iste’molchilar qalbida o‘chmas iz qoldirishiga ishora qiladi.
Logotip: Yangi mahsulotning nomi tezda esda qolishi uchun tipografika shaklidagi, ya’ni shriftli logotip ishlab chiqdik, unga burama shakllar bergan holda estetik ko‘rinishga keltirdik.
Qadoq dizayni: muzqaymoq jozibador bo‘lishi uchun qadoqda muzqaymoqlarning 3D ko‘rinishini tasvirlab berdik. Tarkibidagi mevalar va ustidagi shokoladli glazurni ham ishtahani ochadigan qilib ko‘rsatdik. Bu bilan nafaqat mahsulot jozibadorligini ko‘rsatib berdik, balki qadoqqa sharqona an’analarni integratsiya qilish orqali madaniy qadriyat ham berdik.