Noorly
Serquyosh O‘zbekiston mevalari bilan dunyoga mashxurdir.
Bu o‘lkaning nozu-ne’matlari quyoshning taftidan bahra olib, shirasi tilni yoradigan darajada mazzali bo‘lib yetiladi. Bu lazzatni yilning qaysi fasli bo‘lishidan qat’iy nazar saqlab qolish maqsadida tadbirkorimiz mevali murabbo va jemlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydilar. Yangi biznes brendi uchun nom, logotip va qadoq dizaynini ishlab chiqish bo‘yicha ishlarni Minim jamoasiga ishonib topshirdilar.
Avvalo, biz brend uchun nom izladik va “Noorly” so‘zida to‘xtaldik. Bu shunchaki eshitilishi jarangli bo‘lgan tasodifiy so‘z emas. U o‘zbekcha «nurli» so‘ziga asoslangan bo‘lib, «nurga to‘la»degan ma’noni anglatadi. Shuningdek, bu nom mahalliy va xorijiy iste’molchilar uchun juda qulay, mazmunli va eshitilishi yoqimlidir. «Nur ila yetilgan» slogani orqali logotipga ta’rif berib ketdik.
Keyingi bosqichda brend uchun logotip ishlab chiqdik. Uni noodatiy shriftda yuqoriga intilgan holda tasvirlashga qaror qildik. Bu ramziy ma’noda brendni odamlar orasida keng yoyilib, yuqoriga cho‘qqilarga erishishga intilishini ifodalamoqchi bo‘ldik. Shuningdek, brend nomning ma’nosidan kelib chiqib, Noorly so‘zining orqa fonida yorishayotgan quyoshni tasvirladik. Bu ham o‘z navbatida logotipimizni o‘zgacha ko‘rinishda bo‘lishiga yordam berdi.
Qadoq dizayniga kelganda, biz yil bo‘yi quyosh nuriga to‘lib-toshgan O‘zbekistonning quyoshli tabiatini aks ettirishga harakat qildik. Mahsulotning tabiiy kelib chiqishiga urg‘u berish maqsadida esa murabbo va jemlarga mos mevalarning hamda vodiy landshaftining illustratsiya variantlaridan foydalandik. Natijada iste’molchilarga tushunarli bo‘lgan, ko‘zni quvontiradigan darajada rang-barang bo‘lgan dizayn vujudga keldi.
Ushbu dizayn Buyuk Britaniyaning World Brand Design va dunyo bo‘ylab eng qiziqarli va kreativ ishlarni yig‘ib boradigan Packaging of the World hamjamiyati tomonidan muvofaqqiyatli deb tan olindi va o‘sha kuni e’lon qilingan dizaynlar orasida eng ko‘p ko‘rilgan va ijobiy ovoz olgani bo‘ldi.