Vazifa: kafening oʻziga xosligini ifodalovchi va turk taomlari haqida tasavvur uygʻotuvchi nom topish.
Topilgan nom: Chaban ogʻlu
Lingvistik tahlil: “Chaban” (asli turkcha “çoban”) — choʻpon maʼnosini anglatuvchi soʻz. Turkiy tillarda bir-biriga yaqin bir qancha talaffuzga ega: choʻpon, choʻbon, chobon, chaban, shopan kabi. Turkcha “ogʻlu” soʻzi turk tilida “oʻgʻli” degan maʼnoni anglatadi.
Oshxonada asosan turkcha taomlar taqdim etilgani bois nom ham aslan turkcha boʻlishi mumkin edi: Çoban oğlu shaklida. Ammo kafe mijozlarining asosiy qismi oʻzbeklar boʻlishini inobatga olib, turk tilidagi ilmoqchi ç belgisini oʻzbek lotin alifbosidagi ch harfiga, ğ belgisini okinali gʻ harfiga almashtirdik. Ammo harflar oʻzgargani bilan turkcha talaffuz saqlab qolindi.
Nomga izoh: Oshxonaning oʻziga xosligi shundaki, taomlar uchun barcha goʻsht mahsulotlari Qashqadaryo hududidan olib kelinadi. Bu esa faqatgina yem-hashak bilan boqilgan va sunʼiy semirtirilgan chorvalar emas, balki maysalar bilan tabiiy muhitda boqilgan chorvalar boʻladi. Shu afzallikdan kelib chiqib, biz brend uchun hikoya yaratdik.
Hikoyaga koʻra, bir choʻponning oʻgʻli chekka hududdan shaharga kelib, oshxona ochadi. Oshxona taomlari uchun choʻpon oʻz chorvalaridan joʻnatib turadi. Tabiiy muhitda boqilgan chorva goʻshtidan boʻlgan taomlar mazali boʻlgani uchun oshxona tezda mashhurlikka erishadi. Shu tariqa bu maskan “Choʻpon oʻgʻli” oshxonasi deb nomlanadigan boʻladi.
Bir cho‘ponning o‘g‘li chekka hududdan shaharga keladi va o‘zi bilan nafaqat merosini, balki yangi maskanga biror yangilik kiritish haqidagi orzularini ham olib keladi.
Kichikkina oshxona ochib, bolaligidan o‘z otasidan o‘rgangan an’anaviy milliy taomlarga asoslangan bilim va ko‘nikmalarini amalda joriy qiladi. Cho‘pon ota esa o‘z navbatida tog‘ hududlarida tabiiy boqilgan chorva go‘shtini o‘g‘liga jo‘natgan holda farzandini qo‘llab-quvvatlashda davom etadi.
Shu tariqa «Chaban oglu» — cho‘pon o‘g‘li maskani paydo bo‘ladi.