Pr.uz nashri o‘z sahifasida maqola joylab, unda mahalliy “RAPM” brendi uchun agentligimiz yaratgan dizayn ishi borasida ikki ekspertning fikrini taqdim etdi. Biz nashrning bozor ishtirokchilarining ochiq, asosli va xolis muloqot qurishi tarafdori ekanini qo‘llab-quvvatlaymiz va o‘z navbatida maqolada bildirilgan fikrlar bo‘yicha o‘z dalillarimizni keltirib o‘tamiz.
Biz dizaynerlar jamoasi o‘laroq san’at, ijod va noyoblikni qadrlaymiz. Original g‘oyalar muvaffaqiyatli dizaynning asosiy omili ekaniga ishonamiz. Mijozlarimizga noyob va jozibador natija taqdim etish uchun bizning har bir loyihamiz avval chuqur tadqiqot, maqsadli auditoriya tahlili, mahalliy bozordagi raqobatchilarni va xalqaro amaliyotni o‘rganishdan boshlanadi.
Bilamizki, dizayn sohasida “referens” degan tushuncha bor, u ilhom manbai degan ma’noni anglatadi. Referenslar ko‘plab ijod sohalarida muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi va plagiat hisoblanmaydi. O‘zini hurmat qilgan har qanday professional dizayner biror loyihani boshlashdan oldin referenslarga namuna tariqasida murojaat qiladi, natijada ularga tayanib o‘zining shaxsiy ishini yaratadi. Referenslar dizaynerni qiziqarli g‘oyalarga ilhomlantiradi, fikrlarini yo‘naltiradi va yangi durdona asar yaratishga turtki beradi.
Pr.uz maqolasida bizning dizaynerlik ishimiz Avstraliyaning “Kevin Murphy” brendi bilan solishtirilgan. Bu ishlar orasida ba’zi o‘xshashliklar bo‘lishiga qaramay, bir qancha farqlar ham bor.
Maqsadli auditoriya
— “Kevin Murphy” mahsulotlari ayollar auditoriyasiga mo‘ljallangan.
— “RAPM” shampunlarining maqsadli auditoriyasini, aksincha, erkaklar tashkil etadi, bu esa dizayn ishlab chiqish yondashuvini tubdan o‘zgartirib yuboradi. Aynan mijozlar portreti bizni brutal qadoq dizaynini yaratishga sababchi bo‘ldi.
Rang yechimi
— “Kevin Murphy” kosmetika mahsulotlari qadog‘i och, pastel tuslarda taqdim etilgan.
— Erkaklar uchun mo‘ljallangan “RAPM” qadoqlarining asosiy rangi esa redizayndan so‘ng ham o‘ziga xosligini saqlagan holda qora bo‘lib qoldi. Shu bilan birga, biz shampunlar tarkibiga ko‘ra uni boshqa ranglar bilan birlashtirishga erishdik. Shu tariqa noyob gradiyentli yechim paydo bo‘ldi.
Qadoq shakli
— “Kevin Murphy” qadog‘i shakli turli graduslardagi ko‘plab burchaklarga ega, unda turli taraflardan yedirilgan simmetriyasiz burchaklar ham bor.
— “RAPM” qadog‘i shunday shaklga egaki, uning ko‘ndalang kesimi qat’iy simmetriyani hosil qiladi. Bizning g‘oyamiz jiddiy liniyalarga ega to‘rtburchakning tepa va pastiga kesilgan piramida shaklini qo‘shishdan iborat bo‘lgan, ularning yon chekkalari trapetsiya shaklini hosil qiladi.
Logotipning o‘yib yozilishi
Debosslash — bu mahsulotni personallashtirishning bir yo‘li. Bosma naqshning bu turi qadimgi davrlardan qo‘llab kelinadi va shu nuqtayi nazardan mualliflik huquqi obyekti bo‘la olmaydi.
Bundan tashqari, “Kevin Murphy” kompaniyasi o‘z mahsuloti qadog‘ida bu usuldan foydalangani ilk va yagona holat emas.
Yana aytish joizki, original mahsulotga o‘xshashi tufayli odamlarni chalg‘ituvchi qadoqni plagiat deyish mumkin. Biz ishontirib ayta olamizki, iste’molchilar “Kevin Murphy” va “RAPM” mahsulotlarini adashtirib xarid qilishmaydi.
World Brand Design Society — dizayn sohasidagi xalqaro hamjamiyat va tanlovlar tashkilotchisi
“World Brand Design” dizayn sohasidagi nufuzli hamjamiyat hisoblanadi. Loyihalarni hamjamiyat saytida e’lon qilish uchun bir qancha mezonlarga mos kelish talab qilinadi. Talablarga rioya qilmaslik loyihalarni e’lon qilishda rad javobi berilishiga sabab bo‘ladi. Biz o‘ylaymizki, plagiat yoki g‘oya o‘g‘riligi holatida hamjamiyat bizning loyihamizni o‘z saytida joylamagan va saytning bosh sahifasida e’tirof etilgan loyihalar qatoriga qo‘shmagan bo‘lardi.
Mualliflik huquqi
Aytish joizki, shu kunlarda biz ishlab chiqaruvchi bilan birga intellektual mulkka mualliflik huquqini olishga muvaffaq bo‘ldik. Ma’lumki, tarkibi jihatidan noyob bo‘lgan ijodiy mehnat mahsullariga mualliflik himoyasi beriladi.
Biz faoliyatimizga bildirilgan e’tibor uchun bag‘oyat xursandmiz va xulosa o‘laroq quyidagilarni aytamiz:
- Bizning mijozlar biz uchun asosiy qadriyat hisoblanadi va bizning faoliyatimiz natijalari ularga ma’qul kelayotganidan faxrlanamiz. Bizning hamkorlik faoliyatimiz davom etayotganidan xursandmiz va mijozlarimiz bizga yana bir loyihani ishonib topshirishdi, bu esa ular natijalardan mamnun ekanidan dalolat qiladi.
- Yuqoridagi mahsulot qadog‘i uchun mualliflik huquqini olish mijoz bilan hamkorlik doiramizdagi eng muhim bosqichlardan biri bo‘ldi. Bu bizdagi professionallik va loyihalarni amalga oshirishdagi samaradorlikning yana bir tasdig‘i bo‘la oladi.
- Biz yo‘limizda uchrashi mumkin bo‘lgan har qanday qiyinchiliklarga qaramay, ishlashda davom etishga to‘liq tayyormiz. Biz chaqiriqlarga javob beramiz va to‘siqlarni yorib o‘tamiz. Chunki biz dizayn sohasida doimiy rivojlanish va yangi marralarga yetishga intiluvchi haqiqiy professionallar jamoasimiz.