21.07.2026
Eksport uchun qadoq dizayni: “Made in Uzbekistan” yorligʻini qanday qilib eksportda real ustunlikka aylantirish mumkin?
Eksportga endi chiqayotgan koʻp kompaniyalar birinchi navbatda mahsulot qayerda ishlab chiqarilganini qadoqning eng koʻrinmas joyiga yashirishga urinadi. Ular “Made in Uzbekistan” degan yozuv chet ellik xaridorni choʻchitadi deb oʻylashadi. Xavotir oʻrinli, lekin tadqiqotlar buni tasdiqlamaydi. Chunki mahsulotning qayerdan kelib chiqqani yashirish kerak boʻlgan avtomatik “minus” emas, balki boshqa davlatdagi raqobatchilar ishlata olmaydigan noyob brend aktivlaridan biridir. Axir xitoylik ham, turk ham oʻz mahsulotiga “Made in Uzbekistan” deb yoza olmaydi. Shuning uchun gap yorliqni koʻrsatish yoki koʻrsatmaslikda emas. Muhimi — uni qanday qilib toʻgʻri koʻrsata bilishda.
Ishlab chiqarilgan mamlakat effekti aslida qanday ishlaydi?
Marketingda “country-of-origin effect” (ishlab chiqarilgan mamlakat effekti) 1960-yillardan beri oʻrganiladi. Oʻshandan beri bu xaridorlar psixologiyasidagi oʻzgarmas qoidalardan biri boʻlib kelmoqda. Yaʼni, xaridorlar mahsulotni baholashda, ayniqsa u haqida boshqa maʼlumot yoʻq paytida, mamlakat imijidan “qisqa yoʻl” sifatida foydalanishadi.
Bu yerda oʻzbekistonlik eksportchilarga bevosita tegishli bitta muhim jihat bor. Tadqiqotchi K.M. Xanning ilmiy ishida koʻrsatilishicha, xaridor biron mamlakatning qaysidir toifadagi mahsulotlari bilan tanish yoki tanish emasligiga qarab, “ishlab chiqarilgan mamlakat effekti” turlicha ishlashi mumkin. Agar tanish boʻlsa, mamlakat imiji shu paytgacha toʻplangan tajribaning “umumiy bahosi” sifatida ishlaydi va uni oʻzgartirish qiyin. Agar tanish boʻlmasa, “halo effect” (bir taassurotning butun assortimentga koʻchishi) ishga tushadi. Xaridor mahsulotni hali ushlab koʻrmasdan turib, mamlakat haqidagi umumiy tasavvurlari asosida uning sifati haqida oldindan xulosa chiqaradi.
Chet ellik xaridorlarning koʻpchiligi uchun Oʻzbekistonning oziq-ovqat, kosmetika yoki isteʼmol tovarlari aynan ikkinchi holatga tushadi. Ularda hali na yaxshi, na yomon taassurot shakllanmagan. Bu kamchilik emas, balki juda kam uchraydigan imkoniyat. Chunki hech qanaqa stereotiplar bilan kurashmasdan brend imijingizni noldan boshlab qurasiz.
Yana bir muhim jihat ham bor. “Ishlab chiqarilgan mamlakat effekti” mahsulot toifasiga qarab tanlab ishlaydi. Bir mamlakat nomi bir turdagi mahsulotga kuchli ustunlik berishi, boshqasiga esa umuman taʼsir qilmasligi mumkin. Demak, savolni “mamlakatni koʻrsataylikmi, yoʻqmi?” deb qoʻyish notoʻgʻri. Toʻgʻri savol boshqacha: mamlakat tarixi qaysi mahsulotlarga chindan foyda beradi, qaysilariga esa uni sunʼiy tiqishtirmaslik kerak — avval shuni aniqlab olish lozim.
Yaqqol misol: Gruziya sovet merosini qanday qilib premium eksportga aylantirdi?
Bu borada eng yaxshi misol — Gruziya vino sanoati. Gruziya ham xuddi bizdek postsovet davlati hisoblanadi. SSSR parchalanganidan keyin Gruziya vinochiligi deyarli noldan tiklandi. Sovet tizimi uni aniq bir ishlab chiqaruvchining nomisiz, yagona brend ostidagi ommaviy vinoga aylantirib qoʻygan edi. Gruziya Yevropa bilan ularning qoidalari asosida bellashishga urinmadi. Balki buning oʻrniga faqat oʻzida bor narsaga — “kvevri”, yaʼni yerga koʻmilgan loy idishlarda vino tayyorlashning sakkiz ming yillik anʼanasiga tayandi. Asosiy fokus xalqaro tan olinishga qaratilgani tufayli 2013-yilda YUNESKO bu anʼanani nomoddiy madaniy meros roʻyxatiga kiritdi.
Natija esa uzoq kuttirmadi. 2017–2018-yillargayoq Gruziya vinosi eksporti mustaqillikning dastlabki yillariga nisbatan oʻn barobardan ziyod oʻsib, yiliga 68–76 million shisha vino oʻnlab mamlakatlarga joʻnatilib, tushum 160 million dollardan oshdi. Aynan kelib chiqish tarixi (faqatgina narx yoki sifat emas) Gruziya vinosi uchun yangi bozorlarni ochib berdi. Jumladan, ilgari Gruziya haqida deyarli hech narsa bilmagan Gʻarb bozorlariga ham yoʻl ochildi.
Lekin bu voqeaning davomi ham bor. “Kvevri” hikoyasi shunchalik mashhur boʻlib ketdiki, hozirda soha vakillari u qolgan hamma narsaning yoʻlini yopib qoʻydi deb tan olishmoqda. “Kvevri” vinosi Gruziyadagi jami ishlab chiqarishning atigi besh foizini tashkil qiladi. Biroq xorijda aynan shu hikoya ommalashib, Gruziya vinochiligining boshqa mahsulotlarini soyada qoldirmoqda. Kuchli kelib chiqish tarixi bozorga kirish eshigini ochib beradi. Ammo faqat shu hikoyaga suyanib qolgan brend bozorning ichigacha kirmay, koridorda qolib ketadi.
Bu oʻzbek eksportchilari uchun nimani anglatadi?
Gruziyada ish bergan yondashuv bizga ham mos keladi. Har qanday qadoqni bezash uchun mavhum “milliy kolorit” qidirish shart emas — mintaqa tarixi bilan aniq mahsulot oʻrtasidagi haqiqiy bogʻliqlikni topish kifoya. Buyuk Ipak yoʻli merosi, hunarmandchilik anʼanalari, mintaqada asrlar davomida yetishtirilib kelinayotgan qishloq xoʻjaligi ekinlari — bularning barchasi kelib chiqish tarixini yaratish uchun ajoyib asos boʻla oladi. Biroq buni faqat mahsulot turiga mos tushadigan joyda ishlatish kerak. Qanday tovar ekanidan qatʼi nazar har qadoqqa naqsh bosib chiqish esa butunlay boshqa narsa.
Minim agentligi tomonidan UzAgroStar brendi uchun ishlab chiqilgan eksport qadoq dizayni aynan shu asosga qurilgan. Undagi Sherdor va Simurgʻ ramzlari tushirilgan arkalar shunchaki bezak emas, balki mahsulotning kelib chiqish tarixini aytib turadi va tashqi bozorda uning qadrini oshiradi. Axir Gruziyada ham xuddi shu prinsip ishlagan edi. Ishlab chiqarilgan mamlakat brend tarixining ajralmas qismiga aylanadi va qadoq orqasidagi mayda yozuv boʻlib qolib ketmaydi.

Bu strategiyani tanlaganlar uchun amaliy tavsiyalar
Mahsulot rostdan tarixiy haqiqatga asoslangan boʻlishi kerak. Qadimiy savdo yoʻllari haqidagi hikoya ziravorlar, choy, quruq mevalar va toʻqimachilik kabi tarixan ushbu savdoning bir qismi boʻlgan mahsulotlar uchun juda mos keladi. Ammo bunday tarixiy mantiqqa ega boʻlmagan mahsulotlar uchun bu unchalik ishonchli chiqmaydi. Zoʻrma-zoʻraki tiqishtirilgan hikoya esa mazmunli xabar sifatida emas, balki oʻrinsiz bezak sifatida qabul qilinadi.
Tashqi tasdiq hikoyani quruq maqtanishdan koʻra kuchliroq qiladi. YUNESKO eʼtirofi Gruziya keysida mustaqil guvoh boʻldi. Aks holda ular buni faqat oʻz soʻzlari bilan isbotlashlariga toʻgʻri kelardi. Oʻzbek brendlari uchun bu vazifani sohaviy sertifikatlar, mukofotlar, professional uyushmalarga aʼzolik va xolis texnik koʻrsatkichlar bajarishi mumkin. Yaʼni, hikoyani sizning marketing matningiz emas, balki uchinchi tomon tasdiqlab tursin.
Bitta madaniy motivni barcha mahsulotlar uchun yagona hikoyaga aylantirib qoʻymang. Zero, “kvevri” voqeasidan olinadigan dars ham shu. Kuchli hikoya bozorga eshik ochib beradi, lekin butun bino shu eshikdan iborat boʻlib qolmasligi kerak. Bir umr bitta qiyofaga bogʻlanib qolmaslik uchun vaqt oʻtishi bilan mahsulotlarning kengroq assortimentini koʻrsatishga oldindan joy qoldiring.
Hikoya milliy gʻururni koʻrsatish bilan cheklanib qolmasligi, balki xaridorning “buning menga nima qizigʻi bor?” degan savoliga ham javob berishi kerak. Ishlaydigan hikoya oddiy dizayndan xaridorga aniq afzallikni — taʼmni, ishlab chiqarish usulini yoki xomashyoning noyobligini tushuntirib berishi bilan farq qiladi. Shunchaki “bu bizning mamlakatda ishlab chiqarilgan” degan faktni taʼkidlash yetarli emas
Asosiy xulosa
“Made in Uzbekistan” yorligʻi uchun oldindan belgilab qoʻyilgan konkret xulosa yoʻq — u oʻz-oʻzidan brendga plyus ham, minus ham bermaydi. Chet ellik xaridor uchun bu hali oppoq qogʻoz. Unda oʻchiradigan hech narsa yoʻq — birinchi soʻzni siz yozasiz. Gruziya tajribasidan kelib chiqib, postsovet mamlakati qisqa vaqt ichida sovet sanoat merosini premium kelib chiqish tarixiga aylantirishi mumkin. Buning uchun oʻz madaniyatidan aynan shu mahsulot turiga mos keladigan chinakam noyob narsani topish va buni nafaqat soʻzlar, balki tashqi eʼtirof bilan ham mustahkamlash kerak.
Eksportga chiqayotgan oʻzbek brendlari uchun bu erishib boʻlmaydigan maqsad emas, balki hozirdanoq qoʻllash mumkin boʻlgan aniq strategiya. Faqat unga tayyor qadoqdagi oddiy naqsh deb emas, balki biznes qarori deb qarash kerak.
Boshqa maqolalar

04.10.2026
Brendning marketing strategiyasi qadoq dizaynidan keyin emas, avval shakllantirilishi kerak
Agar hamkorlik uchun moʻljallangan brif “bizga shunchaki qadoq kerak” degan gap bilan boshlansa, juda muhim bir bosqich eʼtibordan chetda qolgan boʻladi. Professional dizayn agentligining birinchi savoli rang yoki uslub haqida boʻlmaydi. Ular birinchi navbatda ushbu qadoq qanday biznes masalasini hal qilishi kerakligi haqida soʻrashadi. Ushbu savolga javob izlamasdan ish boshlash shunchaki nazariy xato emas, balki katta moliyaviy yoʻqotishlarga olib keluvchi jiddiy kamchilik hisoblanadi. Jahon savdo amaliyotidagi eng mashhur muvaffaqiyatsizliklardan biri ham aynan shu savolni unutish oqibatida yuzaga kelgan.

29.09.2026
O‘zbekistonda “HalOl” sertifikati: u biznesingizga nima uchun kerak, narxi qancha va qanday olinadi?
Oldinlari “Halal” belgisi ko‘pchilik uchun shunchaki chiroyli marketing nayrangi edi. Qadoqqa yashil yarim oy yopishtirilsa, savdo o‘saverardi. Ammo o‘yin qoidalari tubdan o‘zgardi. 2025-yil 1-maydan boshlab O‘zbekistonda “Halal” markirovkasi davlat nazoratiga olindi. Endi bu belgi uchun faqat SMIIC standartlari asosidagi rasmiy sertifikat talab qilinadi. Sertifikat olish ixtiyoriy bo‘lsa-da, yirik supermarketlar, eksport yoki import xomashyo bilan ishlashda u biznesning asosiy shartiga aylandi.
Agar siz oziq-ovqat, kosmetika yoki hatto oddiy qadoqlangan suv ishlab chiqarayotgan bo‘lsangiz va qadog‘ingiz noqonuniy belgi uchun jarima yig‘ib kelishini emas, balki savdoni oshirishini istasangiz, yangi qoidalarni tushunib olishingiz kerak bo‘ladi. Ushbu maqolada biz bevosita brendlar bilan ishlovchi agentlik sifatida hammasini ipidan-ignasigacha bayon qilamiz: bugungi kunda qonuniy sertifikatlarni kim beryapti, ishlab chiqarishingiz qanday mezonlar asosida tekshiriladi, bu jarayon necha pulga tushadi va qaysi kutilmagan mahsulotlarda halollik statusi hal qiluvchi rol o‘ynaydi.

21.09.2026
Qadoq dizaynda mahalliy brendlarning xalqaro bozorga chiqishdagi odatiy xatolari
Oʻzbekistonlik ishlab chiqaruvchilar tobora koʻproq tashqi bozorga koʻz tikmoqda. Eksport qanchalik muvaffaqiyatli boʻlishini odatda qadoq hal qiladi. Odatda sabab mahsulot sifatida emas, balki tashqi bozor qadog‘i ichki bozordagi kabi chizilishida bo‘ladi. Yaʼni, oʻzimizda ishlanayotgan qadoqni olib, nomini inglizchaga oʻgirib qoʻyishadi, boʻldi tamom.
Quyida eng koʻp uchraydigan xatolar va ularning har biri nega dastlab koʻringanidan qimmatroq tushishi haqida so‘z yuritilgan.