16.08.2026

Markaziy Osiyodagi yangi qadoq standartlariga mahalliy ishlab chiqaruvchilar tayyor emas, endi nima qilish kerak?

Markaziy Osiyodagi yangi qadoq standartlariga mahalliy ishlab chiqaruvchilar tayyor emas, endi nima qilish kerak?

Mintaqamizda ekologik qadoq haqida gap ketsa, koʻpchilik buni ishlab chiqarish rejasi emas, konferensiyalarda gapiriladigan uzoq kelajak mavzusi deb biladi. Lekin vaziyat oʻzgardi. Endi bu masalaning aniq muddatlari bor va ulardan biri bir necha hafta ichida kuchga kiradi.

Koʻpchilikning eʼtiboridan chetda qolayotgan ikkita muddat

2026-yil 12-avgustda Yevropa Ittifoqining qadoq va qadoq chiqindilari toʻgʻrisidagi yangi reglamenti ishga tushadi. Qadoq qayerda ishlab chiqarilganidan qatʼi nazar, Yevropa bozoriga kiradigan har qanday qadoq shu qoidaga boʻysunadi. Yevropaga mahsulot sotmoqchi boʻlgan mintaqa brendi uchun bu nima degani? Shu kundan boshlab qadoqning tarkibi, hajmi va ishlatilgan material miqdori qatʼiy talablarga javob berishi shart. Oziq-ovqat qadoqlarida PFAS guruhidagi moddalar taqiqlanadi. Bundan tashqari, ishlab chiqaruvchi yoki uning vakili tovar kiradigan har bir Yevropa davlatida “ishlab chiqaruvchining kengaytirilgan javobgarligi” tizimidan roʻyxatdan oʻtishi kerak.

Deyarli shu paytda, 2026-yil 1-avgustdan Oʻzbekistonda ham yangi tizim bosqichma-bosqich ishga tushadi. Yaroqlilik muddati tugagach atrof-muhitga zarar yetkazadigan qadoq va tovarlar uchun kengaytirilgan majburiyatlar kiritiladi. Bu ishlab chiqaruvchilarga ham, import qiluvchilarga ham tegishli. Buni Prezidentning 2023-yildagi PQ-171-sonli qarori belgilab bergan.

Hozirda undan ham qatʼiyroq qadamlar muhokama qilinmoqda. Masalan, 2027-yildan plastik paket ishlab chiqarish va sotishni taqiqlash. Shuningdek, ichimlik ishlab chiqaruvchilar uchun plastik qadoqni qayta ishlash boʻyicha majburiy ulushni yildan yilga oshirib borish. Bu qadamlar hozircha muhokamada boʻlsa-da, lekin davlat siyosati yashil iqtisodiyotga fokus qaratgani allaqachon hammaga maʼlum.

Ikki muddat bejizga bir vaqtga toʻgʻri kelgani yoʻq. Yevropada ham, Oʻzbekistonda ham bu qadoqni tartibga solishdagi umumiy oʻzgarishlarning bir qismi hisoblanadi. Ammo oʻzbek bosmaxonalari va qadoq ishlab chiqaruvchilari xizmatini taklif qilayotganda ekologik barqarorlikni umuman tilga olmaydi. Chunki ular uchun tiraj, kongrev yoki Pantone boʻyicha rang muhim parametr. Qadoqning tabiatga zarari esa ikkinchi darajali masala.

Nega mahalliy ishlab chiqaruvchilar hali tayyor emas?

Gap xohish-istakda emas. Sabab — infratuzilmadagi va amaliyotdagi real kamchiliklar.

Chiqindini alohida yigʻish tizimi yoʻq. Bu Oʻzbekistondagi eng katta toʻsiqlardan biri. Chiqindi alohida yigʻilmagani uchun hozir ishlab turgan qayta ishlash zavodlari ham toʻliq quvvatda ishlamaydi. Qayta ishlanishi mumkin boʻlgan narsa saralash boʻlimigacha yetib kelmayapti.

Maishiy chiqindining katta qismi plastik, plastikning eng katta qismi esa qadoq. Maʼlumotlarga koʻra, mamlakatda har yili 10 million tonnadan ortiq qattiq maishiy chiqindi chiqadi. Uning taxminan oʻndan biri plastik. Shu plastikning eng katta ulushi qadoqqa toʻgʻri keladi. Bu yakka holat emas, tizimli muammo.

Ekologik materiallar hali standart emas. Qayta ishlangan yoki FSC sertifikatiga ega karton mahalliy bosmaxonalarning asosiy taklifiga kirmaydi. Odatda bunday qadoqlarni prays-listdan tanlab boʻlmaydi, koʻpincha alohida buyurtma qilishga toʻgʻri keladi.

Ekologik barqarorlikka qadoqning asosi emas, yozuv deb qaralmoqda. Amalda material yoki konstruksiya oʻzgarmaydi, etiketkaga “eko” soʻzi yozib qoʻyiladi, xolos. Holbuki, yangi qonunlarning asosiy talabi yozuv emas, aynan material va konstruksiya.

Nega kutib oʻtirmasdan hozir boshlash kerak?

Muddatlar endi shunchaki gap emas. Yevropa reglamenti va Oʻzbekiston qarori — kelajakda qabul qilinadigan loyiha emas. Ular deyarli bir vaqtda, bir oy ichida kuchga kiradigan aniq talablar. Yevropaga eksport haqidagi suhbatni yarim yildan keyin boshlamoqchi boʻlgan kompaniya allaqachon kechikkan.

Qadoqni oʻzgartirish tez bitadigan ish emas. Redizaynning toʻliq sikli — odatda bir necha oy strategiyadan bosmaxonagacha davom etadi. Bunga material yetkazib beruvchini almashtirish yoki yangi konstruksiyani kelishish vaqti kirmaydi. Bu jarayonni qonun kuchga kirgandan keyin boshlash eksport imkoniyatini qoʻldan boy berish demakdir.

Ikkala tizimda jarima mantigʻi bir xil. Qadoq qanchalik past qayta ishlangan boʻlsa, ishlab chiqaruvchining boʻyniga tushadigan moliyaviy jarima shunchalik ogʻir boʻladi. Demak, qarorni keyinga surish bepul emas. Xarajat yoʻqolmaydi, faqat keyinroq va koʻpincha qimmatroq boʻlib qaytadi.

Raqobatda oldinga chiqish imkoni hozircha bor. Ekologik qadoq mintaqada oddiy normaga aylanmasidan oldin harakatni boshlagan brend yutadi. Bu brendga qonunga boʻysunish emas, raqobatchidan ajralib koʻrsatuvchi ustunlik beradi. Ayniqsa, bu ekologik qadoq standart talabga aylangan eksport bozorlarida qoʻl keladi.

Hozirdan nimani boshlash mumkin?

Birinchi qadam uchun mahalliy qayta ishlash infratuzilmasi toʻliq qurilishini kutish shart emas.

Imkon boʻlgan joyda monomaterialga oʻtish. Bitta turdagi polimer yoki kartondan tayyorlangan qadoqni qayta ishlash koʻp qatlamli laminatga qaraganda ancha oson. Yevropa reglamentidagi qayta ishlanuvchanlik bahosi ham aynan shunga qaraydi.

Qadoq hajmi va qatlamlar sonini qisqartirish. Materialni tejashni ikkala qonun ham toʻgʻridan-toʻgʻri talab qiladi. Bu deyarli har doim qadoq tannarxini ham pasaytiradi.

Oʻzimizda kuchli boʻlgan materialdan foydalanish. O‘zbekistonda shisha idishlar sanoati rivojlangan. Shisha esa tabiatan eng oson qayta ishlanadigan materiallardan biridir. Shu bois, shishadan foydalanish mumkin bo‘lgan sohalar uchun bu barqarorlik va mahalliy ishlab chiqarish o‘rtasidagi murosaga kelish emas, balki bu ikki omil uyg‘unlashgan noyob bir holatdir.

Oziq-ovqatga tegadigan qadoqda PFAS dan voz kechish. Buni ekologik belgi deb emas, 2026-yil avgustdan keyin Yevropa bozoriga kiradigan har qanday qadoq uchun yangi minimal talab deb bilish kerak.

Bosmaxona bilan oldindan gaplashish. Xaridor, savdo tarmogʻi yoki davlat organi bu savolni berishidan oldin, bosmaxona va material yetkazib beruvchi bilan qayta ishlanuvchanlik haqida suhbatni boshlang. Buyurtma berilgandan keyin emas, aynan oldin.

Asosiy xulosa

Qadoq standartlari mintaqamizda endi kelajak mavzusi emas, balki qadoq uchun standartlar allaqachon qabul qilingan va ular yaqin orada kuchga kiradi. Infratuzilma hali tayyor emas deb oʻtirgandan, hozirdan boshlash kerak. Chunki qadoqni oʻzgartirish oylar oladi, jarima esa kechikkanlarga qoʻllanadi. Hozir boshlaganlar brend qonunni bajaribgina qolmay, raqobatchilardan bir qadam oldinda boʻladi.

Boshqa maqolalar

Brendning marketing strategiyasi qadoq dizaynidan keyin emas, avval shakllantirilishi kerak

04.10.2026

Brendning marketing strategiyasi qadoq dizaynidan keyin emas, avval shakllantirilishi kerak

Agar hamkorlik uchun moʻljallangan brif “bizga shunchaki qadoq kerak” degan gap bilan boshlansa, juda muhim bir bosqich eʼtibordan chetda qolgan boʻladi. Professional dizayn agentligining birinchi savoli rang yoki uslub haqida boʻlmaydi. Ular birinchi navbatda ushbu qadoq qanday biznes masalasini hal qilishi kerakligi haqida soʻrashadi. Ushbu savolga javob izlamasdan ish boshlash shunchaki nazariy xato emas, balki katta moliyaviy yoʻqotishlarga olib keluvchi jiddiy kamchilik hisoblanadi. Jahon savdo amaliyotidagi eng mashhur muvaffaqiyatsizliklardan biri ham aynan shu savolni unutish oqibatida yuzaga kelgan.

O‘zbekistonda “HalOl” sertifikati: u biznesingizga nima uchun kerak, narxi qancha va qanday olinadi?

29.09.2026

O‘zbekistonda “HalOl” sertifikati: u biznesingizga nima uchun kerak, narxi qancha va qanday olinadi?

Oldinlari “Halal” belgisi ko‘pchilik uchun shunchaki chiroyli marketing nayrangi edi. Qadoqqa yashil yarim oy yopishtirilsa, savdo o‘saverardi. Ammo o‘yin qoidalari tubdan o‘zgardi. 2025-yil 1-maydan boshlab O‘zbekistonda “Halal” markirovkasi davlat nazoratiga olindi. Endi bu belgi uchun faqat SMIIC standartlari asosidagi rasmiy sertifikat talab qilinadi. Sertifikat olish ixtiyoriy bo‘lsa-da, yirik supermarketlar, eksport yoki import xomashyo bilan ishlashda u biznesning asosiy shartiga aylandi.

Agar siz oziq-ovqat, kosmetika yoki hatto oddiy qadoqlangan suv ishlab chiqarayotgan bo‘lsangiz va qadog‘ingiz noqonuniy belgi uchun jarima yig‘ib kelishini emas, balki savdoni oshirishini istasangiz, yangi qoidalarni tushunib olishingiz kerak bo‘ladi. Ushbu maqolada biz bevosita brendlar bilan ishlovchi agentlik sifatida hammasini ipidan-ignasigacha bayon qilamiz: bugungi kunda qonuniy sertifikatlarni kim beryapti, ishlab chiqarishingiz qanday mezonlar asosida tekshiriladi, bu jarayon necha pulga tushadi va qaysi kutilmagan mahsulotlarda halollik statusi hal qiluvchi rol o‘ynaydi.

Qadoq dizaynda mahalliy brendlarning xalqaro bozorga chiqishdagi odatiy xatolari

21.09.2026

Qadoq dizaynda mahalliy brendlarning xalqaro bozorga chiqishdagi odatiy xatolari

Oʻzbekistonlik ishlab chiqaruvchilar tobora koʻproq tashqi bozorga koʻz tikmoqda. Eksport qanchalik muvaffaqiyatli boʻlishini odatda qadoq hal qiladi. Odatda sabab mahsulot sifatida emas, balki tashqi bozor qadog‘i ichki bozordagi kabi chizilishida bo‘ladi. Yaʼni, oʻzimizda ishlanayotgan qadoqni olib, nomini inglizchaga oʻgirib qoʻyishadi, boʻldi tamom.

Quyida eng koʻp uchraydigan xatolar va ularning har biri nega dastlab koʻringanidan qimmatroq tushishi haqida so‘z yuritilgan.