Nur&Garden — STM uchun mos qadoq dizayni: guruchdan quruq mevalargacha
Bozorga yangi mahsulot bilan kirib kelish xuddi katta va raqobati kuchli maydonning eshigini taqillatishga o‘xshaydi. Xaridorlar sizni qanday kutib olishi ko‘p jihatdan “ustingizdagi libos”ga, ya’ni qadoq dizayniga bog‘liq.
MINIM agentligiga murojaat qilgan navbatdagi mijozimiz anchagina yosh, ammo oldiga tog‘dek katta maqsadlarni qo‘ygan shijoatli tadbirkor yigit edi. U kundalik ehtiyoj tovarlari (FMCG) bozoriga yangi — “Nur&Garden” brendi bilan kirishni niyat qilgandi. Bizning vazifamiz esa aniq va lo‘nda: shunchaki chiroyli dizayn chizib berish emas, balki to‘g‘ri vizual yechimlar orqali bu yosh brendga yangi bozorlar va imkoniyatlar eshigini ochib berish!
1. Muammo va vazifa
Boshlang‘ich bosqichda bizga faqatgina tabiiy tozalangan guruch (1 kg va 5 kg lik) qadog‘i uchun dizayn yaratish vazifasi (TZ) qo‘yildi.
Dizayn biznesning STM (Xususiy savdo belgisi) modeliga mos kelishi kerak edi. Ya’ni supermarket polkalaridagi Korzinka'ning “365 kun”, “Из Корзинки” yoki Makro'ning shaxsiy “M” brendlari kabi, ertaga qatoriga boshqa mahsulotlar qo‘shilsa ham, barchasiga birdek tushadigan yaxlit va universal konsepsiya yaratishimiz talab etildi.
Bosmaxona xarajatlarini optimallashtirish uchun esa dizayn maksimum 6 ta rangdan iborat bo‘lishi kerak edi.
2. Tadqiqot
“Yetti o‘lchab bir kes” deganlaridek, ishga kirishishdan avval bozorning issiq-sovug‘ini tatib ko‘rdik. Raqobatchilarning polkadagi holatini va qadoqlarini chuqur o‘rgandik. Xaridorlar ortiqcha vizual shovqindan xoli, toza va minimalistik dizaynlarni qadrlashini inobatga oldik.
Strategiyamizning mag‘zi shunda edi: ertaga mahsulot turi (guruch, yog‘ yoki meva) o‘zgarsa ham, xaridor qadoqqa ko‘zi tushishi bilan “Nur&Garden” brendini darhol tanib olishi shart. Xaridor brendning bir mahsulotini yaxshi ko‘rib qoldimi, ertaga uning boshqa mahsulotini ham hech ikkilanmay sotib oladi.
Shu maqsadda dastlab brendning yuzi — logotipning 2 ta konseptual variantini ishlab chiqdik va mijozga eng ma’qul kelgani tasdiqlandi.
3. Yechim
Yagona vizual til yaratish uchun qadoqda geometrik liniyalar va kesishmalardan foydalandik. Bu chiziqlar brendning barcha mahsulotlarini birlashtirib turuvchi ko‘prikka aylandi.
Qadoqning qoq markazida esa shaffof darcha qoldirdik. Hozir bizga asosiy mahsulot sifatida “Lazer” navli guruchi berilgani uchun bu darchani ishtahani karnay qiluvchi palov surati bilan uyg‘unlashtirdik. Agar keyinroq mastavabop yoki boshqa turdagi guruchlar sotuvi yo‘lga qo‘yilsa, faqatgina markazdagi taom surati guruch naviga qarab almashadi, umumiy konsepsiya esa buzilmaydi.
Bu dizayn ertaga boshqa mahsulotlarda qanday turishini ko‘rsatish uchun dizaynni kungaboqar yog‘i uchun ham adaptatsiya qilib ko‘rsatdik.
4. Yangi buyurtma
O‘zbekchilikda “Ishtaha ovqat paytida ochiladi” degan juda topib aytilgan gap bor. Biz bergan yechimlar mijozimizga manzur bo‘lganidan ko‘p o‘tmay yangi loyihalar — ko‘k choy va quruq mevalar lineykasi bilan yangi murojaat qildilar.
- Ko‘k choy qadog‘i: mijozning dididagi tasavvurlarini inobatga olgan holda o‘sha tasdiqlangan vizual liniyalarni saqlab, choy barglarining tabiiyligi va haroratini aks ettiruvchi toza dizayn yaratdik.
- Quruq mevalar uchun aqlli STM yechimi: pista, bodom, yeryong‘oq, mayiz va turshak... Bularning har biriga alohida qimmat qadoq yaratish — tadbirkor uchun ortiqcha harajat ekani aniq edi. Shuning uchun quruq mevalarning barchasi uchun bir xil vizual konsept ishlab chiqdik.
Sir nimada deysizmi? Xuddi yirik supermarketlardagi tizim kabi, mahsulot turiga qarab faqatgina orqa tarafidagi ma’lumotlar yozilgan yorliq (nakleyka) o‘zgaradi. Bu ishlab chiqaruvchi xarajatlarini keskin kamaytiruvchi eng maqbul va to‘g‘ri yechim edi.
Natija
Biz birgina guruch qadog‘idan boshlab ertaga supermarket polkalarini to‘liq egallashga qodir bo‘lgan, xaridor ko‘zida yaxlit va ishonchli ko‘rinadigan kuchli FMCG brendining vizual poydevorini qurib berdik. Asosiy liniyalar va darchalar butun lineyka bo‘ylab o‘z mantig‘ini yo‘qotmadi. Aksincha, brendning taniluvchanligini keskin oshirdi.
To‘g‘ri qilingan qadoq dizayni nafaqat ko‘zni quvontiradi, balki biznesni kengaytiradi. “MINIM” agentligi bilan birgalikda brendingiz uchun yangi bozorlar va cheksiz imkoniyatlar eshigini oching. Biz mahsulotingizni polkada munosib o‘rin egallaydigan va xaridor qalbidan joy oladigan yetakchiga aylantiramiz.










