Uzagrostar Holding — Denov quruq mevalari uchun qadoq dizayni
Surxon jaziramasida toblangan, Denov bogʻlarida yetishgan mevalarning tafti va asl taʼmini hech narsa bilan almashtirib boʻlmaydi. Oʻzbek dehqonining mehnati jo boʻlgan shunday noyob neʼmatni jahon bozoriga qanday qiyofada olib chiqish kerak?
Xalqimizda “Ishtaha ovqat paytida ochiladi” degan zoʻr gap bor. Bu soʻzlarning asl maʼnosini biz Uzagrostar Holding bilan hamkorlikda toʻliq his qildik.
1. Muammo va vazifa
Biz Uzagrostar brendining 160 ga yaqin mahsulot turi (SKU) uchun yagona, umumiy dizayn konsepsiyasini yaratish boʻyicha shartnoma tuzgan edik. Ammo loyihani realizatsiya qilish jarayonida mijozimiz qoʻshimcha taklif bilan chiqdi: Denov quruq mevalari shunchalik premium va oʻziga xoski, ularning dizaynini meva va sabzavotlar uchun ishlangan umumiy dizayn konsepsiyasiga joylash adolatdan boʻlmasdi.
Shu bois oldimizga Bu mahsulotlar uchun umumiy lineykadan farq qiluvchi, yangicha, dadil va eksklyuziv qadoq konsepsiyasini ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.
2. Tadqiqot
Quruq mevalar bozorini oʻrganish jarayonida biz bir xil, zerikarli manzaraga guvoh boʻldik. Raqobatchilarning aksariyati yo arzon koʻrinuvchi oddiy shaffof paketlardan, yoki mevaning standart rasmi bosilgan qolipli karton qutilardan foydalanadi. Xaridor eʼtiborini polkadayoq jalb qiladigan, mahsulotning premium darajasini va tabiiy jozibasini koʻrsata oladigan vizual yechim bozorda yoʻq edi. Biz aynan mana shu boʻshliqni toʻldirishimiz va quruq mevalar haqidagi stereotiplarni buzishimiz kerakligini angladik.
3. Yechim
Natijada xaridor eʼtiborini tortish uchun polkada oʻzini oʻzi sotadigan vizual yechim ishlab chiqdik:
- Shaffoflik va estetika: rasmlarda koʻrib turganingizdek, mahsulotning tabiiy goʻzalligini yashirmadik. Ishtahaochar koʻrinish nafis shaffof tara (konteyner) orqali koʻzga tashlanadi. Qalin shishasimon plastik tozalik hissini berib, mahsulotga oʻzgacha va qimmat koʻrinish bagʻishlaydi.
- Abstrakt patternlar: idish markazini toʻq binafsharang yorliq bilan oʻradik. Unga zerikarli meva rasmlarini emas, balki Denov tabiatini aks ettiruvchi yorqin, zamonaviy va abstrakt meva patternlarini joylashtirdik.
- Toʻgʻri xabar: neon tusidagi geometrik kompozitsiya ostiga “Sun-dried fruits from the Heart of Uzbekistan” (Oʻzbekiston yuragidan quyoshda quritilgan mevalar) yozuvini joylab, neʼmatning asl qadrini va kelib chiqishini gʻurur bilan koʻrsatdik.
Natija
Bunday dadil ranglar kombinatsiyasi supermarket polkalarida mutlaq vizual ustunlik yaratadi. Xaridor bunday dizayndagi mahsulotni aniq eʼtiborsiz qoldirmaydi.
Bizning bu premium yondashuvimiz Uzagrostar jamoasiga maʼqul keldi va ular quvonch bilan qoʻshimcha byudjet ajratib, loyihani tasdiqlashdi. Eng muhimi — aynan mana shu quruq mevalar dizayni ustida zavq bilan ishlayotganimizda, mijoz bizga yana yangi loyihalarni ishonib topshirdi.
MINIM agentligining bosh missiyasi — “Made in Uzbekistan” yorligʻi ostidagi mahsulotlarni ichki va jahon bozorida raqobatbardosh qilish. Biz ishlab chiqqan dizaynlar orqali milliy mahsulotlarimiz jahon bozoriga chiqishiga sababchi boʻlayotgani missiyamiz amalga oshayotganidan dalolat qiladi.










