Nuvella – Nusi brendining premium pechenyelari uchun qadoqlash dizayni
Avvalroq qandolat bozoridagi loyihalarimizdan biri — Nusi rebrendingi haqida tahliliy maqola e’lon qilgan edik. Muvaffaqiyatli yangilanishdan so‘ng, kompaniya brendlar arxitekturasini kengaytirishga qaror qildi va “Brendlar uyi” (House of Brands) strategiyasiga o‘tdi. Ushbu yangi brendlar portfelidagi ilk premium loyiha esa “Nuvella” subbrendi bo‘ldi.
1. Muammo va vazifa
“Nusi” odatda bolalar auditoriyasi bilan assotsiatsiya qilinardi. Kompaniya oldida bu cheklovni buzib, yoshlar, oilaviy segment va HoReCa uchun mo‘ljallangan, mahalliy va eksport talablariga javob beradigan premium pechenyelar liniyasini yaratish vazifasi turar edi.
Mahsulot — ichida yumshoq shokoladli kremi bor pechenye. Bizning vazifamiz mahsulotning nafis va boy tabiatini ochib beruvchi, xorijiy hamkorlarni bir qarashdayoq ishontira oladigan vizual qiyofa yaratish edi.
2. Tadqiqot
Eksportga yo‘naltirilgan premium qandolat mahsulotlari bozorini o‘rganish shuni ko‘rsatdiki, xaridor mahsulot sifatini birinchi navbatda uning qadog‘i va taktil hissiyotlari orqali baholaydi. Arzon sellofan yoki standart yechimlar mahsulot qadrini tushiradi.
Shuningdek, iste’molchi qadoqni ochgandan keyingi jarayon ham muhim. Ko‘plab brendlar tashqi o‘ramga e’tibor qaratib, mahsulotning o‘zini e’tiborsiz qoldiradi. Natijada ichidagi mahsulot kutilgan taassurotni bermaydi. Biz bu bo‘shliqni to‘ldirishga qaror qildik — dizayn mahsulotning o‘zidan boshlanishi kerak.
3. Yechim
Loyihada bir nechta strategik marketing insaytlaridan foydalandik:
- Produkt-dizayn (pechenye formasi): pechenening shakli, relefli naqshlari va markazdagi “N” harfi maxsus ishlab chiqildi. Bu orqali qadoq ochilgandan keyin ham brend bilan aloqa saqlanadi.
- Format va ergonomika: Zip-lock (qayta yopiladigan) qadoq tanlandi. U rastada tik turadi va mahsulotni uzoq vaqt yangi saqlaydi.
- Koloristika va psixologiya: krem, karamel va sutli shokolad ranglarining yumshoq gradientlari ishlatildi. Bu ranglar ong ostida mahsulot ta’mini his qildiradi.
- Ishtahaochar fud-zona: markazda krem oqib chiqayotgan pechenye yuqori sifatli 3D formatda tasvirlandi. Xaridor mahsulotni vizual tarzda “tatib ko‘radi”.
Natija
To‘g‘ri qurilgan vizual strategiya o‘z samarasini berdi. “Nuvella” qadoqlari xalqaro ko‘rgazmalarda brendning asosiy vizit kartasiga aylandi.
Eng muhimi, aynan shu dizayn va to‘g‘ri pozitsiyalash orqali mijoz xorijiy hamkorlar e’tiborini jalb qilib, yirik eksport shartnomalarini imzoladi.
Bugungi bozorda faqat kuchli xarakter va aniq vizual strategiyaga ega brendlar raqobatda yutadi. Agar sizning mahsulotingiz ham xalqaro bozorlarga chiqishga tayyor bo‘lsa, MINIM agentligiga murojaat qiling — birgalikda brendingizni Top of mind darajasiga olib chiqamiz.








