Nazif — tish choʻtkalari uchun qadoq dizayni
Nazif ("toza") tish cho‘tkalari uchun yagona va tanib olinadigan vizual tizim ishlab chiqildi. To‘yingan qizil rang, pasta oqimi shaklidagi logotip va blisterning aniq tuzilishi rastada bir zumda ajralib turishni va brend qadriyatlarini yetkazishni ta’minladi.
1. Vazifa
Bizga “Nazif” brendi murojaat qildi va bir necha turdagi tish choʻtkalari uchun yagona va esda qolarli vizual dizayn ishlab chiqish vazifasini topshirdi.
“Nazif” ozoda, pokiza maʼnosini anglatuvchi nom boʻlib, tish choʻtkalari beradigan asosiy qiymatni ifodalaydi. Ammo nom aniq boʻlishiga qaramay, brendning vizual qismida tizimli yondashuv yoʻq edi. Koʻpgina yosh kompaniyalar kabi ”Nazif” ham eksperimentlardan boshlagan — turli uslub, rang va shakllardan foydalangan. Ammo brend oʻsishi bilan aniqlik talab qilingan: yagona uslub, tanib olinadigan qadoq va aniq pozitsiya.
2. Tadqiqot
Biz Oʻzbekiston va qoʻshni davlatlarda sotiladigan ogʻiz boʻshligʻini parvarishlash vositalarini oʻrganib chiqdik:
• xaridorlarning 80% dan koʻprogʻi tish choʻtkasini rangi, shakli va qadogʻiga qarab ilk 3 soniya ichida tanlaydi;
• aksariyat qadoqlar bir-biri bilan aralashib ketgan — ayniqsa, mahsulot turi koʻp boʻlgan supermarketlarda;
• bu segmentda bir qarashdan diqqatni tortadigan va oʻz xarakteriga ega brendlar deyarli yoʻq.
3. Yechim
Logotip
Biz ishlab chiqqan logotip yozuvli formatda boʻlib, uning asosiy qismi — tish pastasi siqimiga oʻxshatilgan “F” harfidir. U harakat, parvarishlash, yumshoqlik va tozalik hissini beradi.
Silliq, muvozanatlangan, vizual jihatdan yangicha — tozalik yoʻnalishidagi brend logosi aynan shunday boʻlishi kerak oʻzi.
Rang
Vizual tizimning asosiy rangi sifatida sof qizil rangni tanlab oldik. U tishlarini tozalagandan soʻng har bir inson his qilishni istaydigan sogʻlik, energiya, oʻziga boʻlgan ishonchni ifodalaydi.
Qiziq rang bu yoʻnalish uchun dadil tanlov, negaki odatda sovuq, steril ranglar ishlatiladi. Aynan shu sababli ham “Nazif” darhol boshqalaridan ajralib turadi hamda xaridor bilan ochiq va dadil muloqot qiladi.
Qadoqning yorqin pastki qismi va yuqoridagi shaffof blister qismining kontrasti xuddiki joʻshqinlik va sokin tozalik hissini muvozanatga keltiradi. Bunday kompozitsiya oson taniladi va esda qoladi.
4. Qadoq
• Blisterning pastki qismi logotip va taʼriflari bilan maxsus qizil rangda amalga oshirildi;
• Logo qismidagi qiya kesma zamonaviylik va harakatni bildiradi;
• Mahsulot turlari (SKU) yuqorida aks ettirildi — tezda farqlab olish uchun;
• Eng kerakli maʼlumotlar koʻz tushadigan joylarda yozildi;
• Bolalar uchun moʻljallangan mahsulot turi alohida ishlandi: yorqinroq ranglar, qahramon bilan, ammo pastki blok va logotip yagona tizim qolipidan chiqmay, aslicha qoldi.
Tekstura
Qadoq foni yengil nuqtali va gradiyentli patternlar bilan bezatildi. Bunday effekt dizaynga nafaqat chiroy, balki ushlaganda yoqimli his ham beradi.
Natija
Yangi vizual tizim quyidagi imkoniyatlarni berdi:
— 8+ mahsulot turini yagona uslubda dizayn qilish;
— brendni bir qarashda tanib olinadigan qilish;
— yumshoqlik darajasi va ishlatilish holati boʻyicha oson ajratish;
— ozodalik, ehtiyotkorlik va ishonch kabi brend qadriyatlarini yetkazish.
Taqdimotdan soʻng mijoz darhol konsepsiyamizni qabul qildi. Mahsulot ayni damda yurtimiz doʻkonlarida sotuvda va isteʼmolchilar yuqori darajada baholamoqda. Toʻgʻri tuzilgan dizayn esa ish berib, sotuvlar oshishiga xizmat qilmoqda.












