TADA! — guruch va makkajo‘xori chipslari uchun qadoq dizayni
Biz TADA! (qovurilmasdan tayyorlangan) sog‘lom chipslari uchun minimalistik, lekin ifodali qadoq dizaynini ishlab chiqdik. Pastel ranglar va chipsning toza vizuali mahsulotning foydasini aks ettiradi. Kontrastli logotip esa peshtaxtada darhol e’tiborni tortadi.
1. Vazifa
Prima Foods jamoasi agentligimizga murojaat qilganida ularda tayyor mahsulot va uning nomi bor edi. Lekin bu nomga mos keladigan vizual qiyofa — ya’ni brend yuzi hali shakllanmagandi.
TADA! — bu guruch va jo‘xoridan tayyorlangan, yog‘da qovurilmasdan, butun donlar asosida ishlab chiqilgan yengil va foydali snek. U bolalarga ham, ofisda ishlovchi kattalarga ham, sport bilan shug‘ullanuvchi sog‘lom turmush tarzi tarafdorlariga ham, shunchaki mazali va bezarar tamaddi qilishni istovchilarga ham mos keladi. Mijozda nom tayyor edi: TADA — yapon tilida "oddiy", "faqatgina", "shuning o‘zi" degan ma’nolarni anglatadi. Bu so‘zning o‘zi mahsulot falsafasini ifodalaydi: hech qanday ortiqcha narsa yo‘q, faqat eng keraklisi.
Bizning oldimizda aynan shu g‘oyani logotip va qadoq dizayni orqali to‘liq va ta’sirli yetkazish vazifasi turgandi.
2. Tadqiqot
Bugungi kunda "aqlli gazaklar"ga bo‘lgan talab jahon bo‘ylab o‘sib bormoqda. Nielsen tadqiqotlariga ko‘ra, 18–45 yosh oralig‘idagi iste’molchilarning 65% low fat (yog‘ miqdori kam), natural (tabiiy) yoki whole grain (butun donli) deb belgilangan sneklarni tanlaydi. Lekin iste’molchi nafaqat foydani, balki qadoqning ko‘rinishi orqali qalban yaqinlikni ham izlaydi.
O‘zbekistonda ham bu yo‘nalish sezilarli darajada rivojlanmoqda. Yosh ota-onalar, ofis xodimlari, sog‘lom turmush tarzi tarafdorlari — mazali, lekin zararsiz mahsulotni izlashmoqda.
Yana bir muhim fakt: 80% holatda xarid qilish qarori do‘kon rastasi oldida qabul qilinadi. Shu bois qadoq nafaqat chiroyli, balki ishonch va tatib ko‘rish istagini uyg‘otadigan bo‘lishi zarur. Dizayn tez, oddiy va hissiy jihatdan ta’sir qilishi kerakligini bilardik.
3. Yechim
Mijoz tanlagan TADA! nomi jarangli, sho‘x va jo‘shqin. Bir vaqtning o‘zida — sodda, oddiy va ishonarli. Biz logotipni shu jihatni inobatga olgan holda ishlab chiqdik:
Qalin yozuv, jo‘shqin shakl, kuchli aksent. U go‘yo "menga e’tibor qarat" deb turgandek. Negaki FMCG sohasida va umuman marketingda bir qoida amal qiladi: "E’tiborni tortmaguningcha hech narsani sota olmaysan"
Logotipni kontrastlar asosida ishlab chiqdik:
• qalin tipografika va ekspressiv shakl,
• grafik yorqinlik, ammo vizual "qichqiriqlar"siz,
• harakat va yengillik hissi, ammo aniq geometriya asosida.
4. Qadoq
So‘ng qadoq ustida ishladik. Dizayndagi asosiy jihatlar:
• Pastel ranglar — yengil va sof qabul qilinadigan, har bir ta’mga mos, mayin, ishtahaochar ranglar.
• Ta’mlar ikonkalari — ta’miga qarab obraz o‘zgarishi: masalan, pishloq, ko‘kat, shashlik va hokazo.
• Diqqat markazida — chipsning o‘zi. Render emas, markazda joylashtirilgan mahsulotning yoqimli va real ko‘rinishi.
• Matnlar — 2 metr masofadan o‘qishga qulay shrift va joylashuvda.
• Orqa tomon — mahsulot tarkibi va ozuqaviy qiymatidan tortib aloqa ma’lumotlarigacha FMCG mahsulotlari mantig‘iga mos ishlab chiqilgan.
Natija
Biz ishlab chiqqan qadoq oddiy ko‘rinadi, ammo ta’siri chuqur.
U ishonch uyg‘otadi, mahsulot foydasini ifodalaydi va shu bilan birga, yorqin va zamonaviy bo‘lib qoladi.
TADA! mahsuloti bozorga olti xil ta’m bilan chiqdi va har biri yagona konsepsiyaga muvofiq vizual jihatdan adaptatsiya qilindi.
Mashhur dizayner Pol Rend aytganidek:
"Dizayn — bu faqat tashqi ko‘rinish emas, balki u qanday ishlashi ham". Bu loyihada biz aynan shunday, ya’ni ishlaydigan qadoq yaratdik: u mahsulot sotilishiga xizmat qiladi.








