Zenit Kilo — oilaviy muzqaymoq uchun qadoq dizayni va neyming

Zenit Kilo — oilaviy muzqaymoq uchun qadoq dizayni va neyming

O‘zbekistonda oilaviy muzqaymoq formati — bu alohida madaniyat. Bu shunchaki desert emas, balki mehmonlarni iliq kutib olish uchun strategik zaxira degandek gap. Doimiy mijozimiz bo‘lgan Zenit brendi uchun biz kiloli muzqaymoq mahsulotida qadoq dizayni ishlab chiqdik.

Avvalroq Zenit'ning boshqa lineykalari uchun qadoq dizayni ishlab chiqqanmiz (keysni ushbu havola orqali ko‘rish mumkin)

  • Qadoq dizayni

1. Muammo va vazifa

Kontekst: avval Zenit brendining kiloli mahsulotlari turli xil dizaynlarda bo‘lgan. Xaridor ularni bitta lineykaga oid ekanini bilolmasdi, mahsulot do‘konlarda raqobatchilar orasida yo‘qolib ketardi.

Vazifa:

  • Qimmat va ishtahaochar ko‘rinishda bo‘lgan dizaynni ishlab chiqish.
  • Tarqoq dizayndagi mahsulotlarni yagona vizual brend arxitekturasiga birlashtirish.
  • Bozordagi gigantlarning mualliflik huquqlarini buzmagan holda mashhur ta’mlarni ko‘rsatib berish.

2. Tadqiqot va insaytlar

  • Xalq tilidan neyming: biz mijozlar turli xil muzqaymoq nomlarini eslab qolishmasligini payqadik. Do‘konda shunchaki “Kiloli muzqaymoq bormi?” deb so‘rashadi. Shu sababli biz ortiqcha yangilik qilmay, “Kilo” nomini taklif qildik.
  • 3 soniya qoidasi: xaridor o‘zining sevimli ta’mini nomiga qarab emas, ko‘proq rangi va teksturasiga qarab tanlaydi. Masalan, kokosli batonchik ta’mi — bu har doim och ko‘k rang va palmalar, quyultirilgan sut ta’mi esa ko‘k va oq geometrik shakllar orqali taniladi.
  • Tillarang: bu segmentdagi ko‘plab mahsulotlar oq yoki shaffof qadoqda bo‘ladi. Muzlatkichlarda raqobatchilardan ustunlikka ega bo‘lish uchun mutlaqo boshqacha yondashuv kerak.

3. Yechim

Biz metall tillarang plyonka asosidagi dizayn tizimini ishlab chiqdik. Bu muzlatkichdagi “premium toifadagi quyma” effektini beradi.

Dizayn detallari:

Markaziy obraz (Food Zone): biz ishtahaochar 3D grafikani ishlab chiqdik. Muzqaymoq vafli savatchasidagi ajoyib sharchalar ko‘rinishida tasvirlandi. Bu ongosti darajasida “sotib ol va mehmonlaringga tortiq qil” degan ma’noda iste’mol qilishga undaydigan element.

Assotsiatsiyalar (Taste Codes): biz ta’mlarni yetkazishda begona logotiplardan foydalanmadik, ammo hammaga taniqli vizual kodlardan foydalandik:

  • Quyultirilgan sut ta’mi uchun: har birimizga bolaligimizdan tanish bo‘lgan sovet davridagi quyultirilgan sut brendining ko‘k-oq shaklini ishlatdik.
  • Kokos ta’mi uchun: och moviy fon, palma barglari va kokos bo‘lagi o‘sha mashhur samoviy zavq lazzatini ifodalaydi.
  • Snikers ta’mi uchun: to‘q jigarrang, cho‘ziluvchan karamel va yeryong‘oq tasvirlari — bularning barchasi mahsulot o‘sha sevimli “Snikers” ta’mida ekanini bildirib turadi.

Tipografika: “Kilo” logotipi jiddiy tillarang fonga do‘stonalik va mayinlik bag‘ishlaydigan yirik qo‘lyozma shriftida yozildi.

Natija

Redizayndan so‘ng Zenit qayta jonlandi:

  • Yagona tillarang fon tufayli mahsulotlar kuchli rang ustunligiga ega bo‘ldi va ularni endi payqamaslikning iloji yo‘q.
  • Mahsulotlarning barchasi bir brendga tegishli ekanini bilish osonlashdi.
  • To‘g‘ri rang markerlari va markazda joylashgan yirik masalliqlar tufayli iste’molchi mahsulot ta’mini darhol aniqlay oladi.
  • Mahsulot o‘z narxidan qimmatroq ko‘rinishga ega bo‘ldi, bu uni mehmonlarga tortiq qilish uchun ham mukammal tanlovga aylantiradi.