Bobur Tea – Bobur olamini jonlantiruvchi choy qadoq dizayni
Bobur Tea – Madaniy qadriyatga ega premium choy brendi
1. Kontekst
Bobur Tea — bu shunchaki choy emas, balki buyuk ajdodimiz, davlat arbobi, sarkarda va shoir Zahiriddin Muhammad Boburga atalgan asar. U Hindistonda Boburiylar saltanatiga asos solgan va o‘zidan keyin bebaho “Boburnoma” tarixiy asarini meros qoldirgan.
Afsuski, bugungi kunda Boburning nomi ko‘pincha faqat tarix darsliklarida tilga olinadi. Biz esa buni muammo deb emas, balki imkoniyat deb bildik: zamonaviy dizayn va funksionallikdan foydalangan holda ayniqsa yosh avlodda uning shaxsiyatiga, buyuk xizmatlariga nisbatan faxr va qiziqish uyg‘otishni maqsad qildik.
2. Vazifa
Bizning oldimizda quyidagi talablarga javob beradigan choy qadoqlari dizayni va brendini ishlab chiqish vazifasi turgandi:
- bobur davrining boy madaniy va badiiy merosini muvaffaqiyatli integratsiya qilish;
- savdo rastasida eksklyuziv (premium) mahsulot sifatida ajralib turish;
- innovatsion, ekologik yechim taklif qilish;
- Sharq estetikasi va zamonaviy G‘arb konseptualligini o‘zida mujassam etish.
3. Tadqiqot
Biz Bobur davrining miniatyura, she’riyat va me’morchilik olamiga sho‘ng‘idik, uning shaxsiy qaydnomalari va qiziqishlarini (masalan, bog‘larga va gullarga bo‘lgan muhabbatini) o‘rgandik. Sharqning vitraj (rangli naqshli shisha) san’ati va uning yorug‘likni sindirib, sehrli muhit yaratish imkoniyati biz uchun asosiy topilma bo‘ldi.
Assotsiatsiyalardan foydalandik: Bobur → Uyg‘onish davri → Nur → Jonlanuvchi tarix. Shu tariqa silindr ichiga joylashtirilgan butun bir olam — “World of Bobur” g‘oyasi tug‘ildi.
4. Yechim
Biz har bir qadoq mustaqil san’at asari bo‘lgan kolleksiyani yaratdik:
- Vitraj san’ati: silindrsimon qadoqning markaziy qismi Bobur hayotidan muhim sahnalarni (saroy lavhalari, she’riy mulohazalar, saroy ahli) tasvirlaydigan uslublashtirilgan vitraj shisha shaklida yaratildi.
- Nur: vitrajli tasvir yorug‘likni o‘tkazadigan material ustiga tushiriladi. Qadoq ichidan yoritilsa, sahnalar jonlanadi va ranglar yorqinlashadi.
- Ikkinchi hayot (Upcycling): choy tugagandan so‘ng qadoq dekorativ shamdon yoki tungi chiroq sifatida foydalanilishi mumkin. Bu mahsulotni ekologik, funksional va estetik jihatdan yuqori qiymatli qiladi hamda uyda Bobur tarixining bir parchasi sifatida saqlab qolishga imkon beradi.
Natija
Loyiha kuchli va innovatsion yechim sifatida e’tirof etilib, yirik professional TAF24 festivalida ishtirok etdi hamda madaniy merosni qayta tiklashning noyob namunasi sifatida omma e’tiborini tortdi.
“World of Bobur” konsepsiyasi brendga shunchaki choy emas, balki kolleksiya buyumi va madaniy suvenir sifatida o‘zini namoyish etish imkonini beradi. Bunday yondashuv art-galereyalar, sovg‘alar do‘konlari va turistik nuqtalar kabi yangi, premium savdo kanallariga yo‘l ochadi. Bunday joylarda esa qadoqning estetik qiymati ko‘pincha ichidagi mahsulot qiymatidan ham yuqori bo‘ladi.












