Mikki Crispy – Bolalar uchun shirin makkajoʻxori donachalari qadoq dizayni

Mikki Crispy – Bolalar uchun shirin makkajoʻxori donachalari qadoq dizayni

Do‘kon polkasi oldida bolaning diqqatini tortish uchun sizda bor-yo‘g‘i 3 soniya bor — ko‘z ko‘rib, miya ilg‘aguniga qadar. Endi o‘zingizga savol bering: qadoq markazidagi zerikarli logotipingiz yoki mahsulot foydalari haqidagi yozuv bolakayga qiziqmi? Yo‘q albatta! Ularga nima qiziq? Biz — MINIM agentligi “Mikki crispy” brendi uchun ishlab chiqqan qadoq dizaynida bu savolga javob topasiz.

  • Qadoq dizayni
  • Logotip

1. Muammo va vazifa

Mijozning mahsuloti — barchamiz yoshlikdan yeb katta bo‘lgan shirin makkajo‘xori tayoqchalarining noodatiy, gulcha shaklidagi versiyasi. Mijozning talabi bitta va aniq edi: “Bozordagi siyqasi chiqqan standartlardan qochib, yangicha yechim bering”.

Bizning vazifamiz shunchaki chiroyli rasm chizish emasdi. Biz polkada bolalarning ko‘zini shartta o‘ziga tortadigan va ular bilan bitta tilda, samimiy gaplashadigan jonli qadoq yaratishimiz kerak edi.

2. Tadqiqot

Ishni polkalardagi raqobatchilarni va xaridorlar xulq-atvorini kuzatishdan boshladik. Natijada ikkita kuchli insaytga amin bo‘ldik:

  • Bir xillik: bozordagi hamma raqobatchilar bir xil shablonga yopishib olgan: qadoq markazida logotip va uning tagida shunchaki mahsulotning o‘zi. Xaridor polkaga qaraganda bunday bir xillikdan ko‘zi charchaydi va hammasi bir-biriga qorishib ketadi. Bunday vizual shovqin ichida yangi brend shunchaki yo‘qolib qolardi.
  • Dizayn iste’molchiga yoqishi kerak, brend egasiga emas: aksariyat brendlar mahsuloti bolalar uchun mo‘ljallangan bo‘lsa-da, qadoqni kattalar didi bilan, o‘ta jiddiy qiladi. Bizga esa bolakaylar yuragiga yo‘l topadigan, ular bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri “gaplasha oladigan”, sho‘x-shodon va o‘yinqaroq personaj kerak.

3. Yechim

Biz mahsulotni qadoqqa shunchaki joylashtirib qo‘ymadik, uni dizaynning eng asosiy va interaktiv qismiga aylantirdik:

  • Soch o‘rnidagi gulchalar: multfilm qahramonlaridan ilhomlanib, quvnoq bolakay obrazini yaratdik. Dizaynning eng kuchli fishkasi shundaki, bolakayning jingalak sochlari aynan gulcha shaklidagi mahsulotning o‘zidan iborat. Bu orqali mahsulotning real ko‘rinishi qadoqda juda kreativ tarzda, personajning bir qismi bo‘lib jonlandi.
  • 100% qo‘l mehnati: hozir hamma yoqni sun’iy intellekt (AI) bosgan bir paytda, bu safar illyustratorlarimiz qahramonimizni to‘lig‘icha o‘z qo‘llari bilan, mehr berib chizishdi. Shuning hisobiga personaj sun’iylikdan xoli, juda tabiiy, samimiy va jonli chiqdi.
  • Logotip: diqqat bilan qarasangiz, “Mikki” logotipidagi “i” harflarining tepasidagi nuqtalar mahsulotning shaklini aynan takrorlovchi kichkina gulchalar ko‘rinishida ishlandi. Bunday mikro-detallar butun dizayn konsepsiyasini yaxlit va mukammal qiladi.
  • Ranglar va xarakter: asosiy fon uchun ochiq havorang, qadoqning tepa va pastki qismiga esa bayram kayfiyatini beruvchi qizil-sariq chiziqlar tanlandi.

Natija

Konsepsiya va vizual yechimning mantig‘i shunchalik kuchli va asoslangan ediki, loyiha mijoz tomonidan birinchi raundning o‘zidayoq ma’qullandi.

Endi polkadagi zerikarli shablonlar o‘rniga, xaridorga tilini chiqarib, kulib turgan quvnoq qahramon paydo bo‘ldi. Bu mahalliy bozor uchun anchagina dadil va noodatiy yechim.

Sizga ham mahsulot turi va auditoriyasiga mos qadoq dizayni ishlab chiqish kerak bo‘lsa, Minim agentligi sizga yordam beradi.