Royal Farms — kolbasa mahsulotlari uchun logotip va etiketka dizayni
Ertalab choyga issiqqina non bilan mazali kolbasa yoki sosiska zo‘r ketadi-a? Lekin supermarketga kirib, go‘sht mahsulotlari bo‘limiga o‘tsangiz, polkalarda har bir brend xaridor e’tiborini tortish uchun qo‘lidan kelgancha harakat qilganini ko‘ramiz: kimdir yorqin bezaklar qo‘shgan, yana kimdir butun qadoqni yorqinroq rangga bo‘yagan, boshqasi esa e’tiborni tortish uchun turli xil bezaklardan foydalangan. Ammo ba’zida e’tiborni tortish uchun baland ovozda gapirishi shart emas.
1. Muammo va vazifa
“Royal Farms” brendi bizga murojaat qilganida oldimizdagi vazifa kimnidir hayratda qoldirib, boshqalardan butunlay farq qiladigan qadoq yaratish emasdi.
Asosiy maqsad — tizim va tartib yaratish! Butun boshli kolbasa va sosiskalar oilasi uchun bir xil va puxta ishlangan vizual konsepsiya (yagona stilistika) ishlab chiqish kerak ediki, ular qatorlashib turganda xaridor bitta butun, jiddiy va ishonchli brendni ko‘rsin. Xilma-xil mahsulotlar bir xil dizayn tilida gapirishi, ya’ni bir oilaning a’zolaridek bir-biriga to‘la mos tushishi kerak edi.
2. Tadqiqot
Biz erinmasdan rastalardagi mahsulotlarni ko‘zdan kechirdik. Bozorda ko‘pchilik mahsulotning sifatini ko‘rsatish uchun qadoqqa turli yasama tamg‘alar, jonzotlarning suratlari va murakkab naqshlarni joylashtirishga odatlangan. Natijada mahsulotning asl egasi — brendning nomi shu ko‘p sonli detallar ichida biroz ko‘rinmay qoladi.
Biz esa xaridorni chalg‘ituvchi mayda detallardan voz kechib, butun e’tiborni brend yuziga, ya’ni logotipga qaratdik.
Eng avvalo, xaridorda ishonch va tabiiylik hissini uyg‘otadigan to‘q ko‘k va yashil ranglar kombinatsiyasidan iborat, salobatli “Royal Farms” logotipini ishlab chiqdik. Endigi vazifa esa ana shu markaziy qahramonni kolbasa va sosiskalar qadog‘i ustida yagona stilistikani buzmasdan joylashtirish bo‘ldi.
3. Yechim
Mahsulotlar turi ko‘p bo‘lsa-da, ularni birlashtirib turadigan aniq va tizimli yagona stilistika ishlab chiqdik. Logotip sosiskalarning etiketkasi bo‘ylab ketma-ketlikda, lenta shaklida tartibli joylashadi. Eng qiziq tomoni shundaki, u obolochkaning asosiy rangiga moslashib, goh oq, goh ko‘k fonda tovlanib turadi.
Yagona tizimni qat’iy saqlagan holda har bir mahsulotning o‘z xarakterini ochib berish uchun ranglar va ixcham detallar ustida ishladik:
- Bolalar uchun sosiskalar: jonli qizil fonda turli o‘yinchoqlar, skeytbord, chupa-chups va mo‘yqalamlarning quvnoq ilyustratsiyalarini joylashtirdik. Bolakaylarning e’tiborini tortadigan, shu bilan birga brendning umumiy uslubidan chiqib ketmagan ajoyib yechim.
- Sutli sosiskalar: ishtahani ochadigan yorqin sabzirang va to‘q ko‘k ranglar kontrastida ishlandi. Bu yechim mahsulotga o‘ziga xos toza va didli ko‘rinish bergan.
- Tovuqli sosiskalar: sariq va to‘q sariq ranglar uyg‘unligida, oq fondagi logotip bilan bezatildi. Butun boshli sosiskalar oilasi bir joyga jamlanganda ko‘z quvnaydigan tartibli manzara hosil bo‘ladi.
- Qaynatilgan kolbasalar: yirik hajmli kolbasalar uchun klassik to‘q yashil hamda och sabzirang qadoqlardan foydalandik. Ketma-ket tushgan yirik logotip mahsulotning vizual salmog‘ini oshirib, dasturxonga tortganda ko‘rkam ko‘rinadi.
Natija
Xalqimizda ust-boshiga qarab kutib olishadi, degan ajoyib gap bor. “Royal Farms” uchun yaratilgan bu dizayn tizimi ham mahsulotning yuqori sifatiga munosib va tartibli libos bo‘ldi. Logotipning markaziy o‘ringa chiqishi va barcha mahsulotlardagi yagona stilistika brendning salobatini oshirdi. Endi bu kolbasa va sosiskalar do‘kon polkasidagi turli-tuman, didsiz qadoqlar bilan raqobatda yutqazmaydi. O‘zining vazmin, ishonchli va tartibli ko‘rinishi orqali xaridor e’tiborini bir qarashdan o‘ziga tortadi.










