Ez (Easy) — tez tayyorlanadigan lapsha uchun neyming va qadoq dizayni

Ez (Easy) — tez tayyorlanadigan lapsha uchun neyming va qadoq dizayni

Odamlarning yashash tarzi o‘zgarmoqda: hamma qayoqqadir shoshadi, pulni va eng muhimi, vaqtni tejash bugungi kunning asosiy tendensiyasiga aylandi. Buni supermarket polkalaridan ham yaqqol sezish mumkin. E’tibor berganmisiz, oldinlari tez tayyor bo‘ladigan lapshalar uchun do‘konda atigi 2-3 qator joy ajratilardi. Hozir esa ular butun boshli katta stellajlarni egallab yotibdi.

Bu bozor ancha to‘yingan, raqobatchilar ko‘p, lekin shu bilan birga u shiddat bilan kengayib boryapti. Aynan mana shu trendni to‘g‘ri anglagan holda yangi loyihaga investitsiya kiritishga qaror qilgan Xitoylik mijozlarimiz MINIM agentligi eshigini qoqib keldi.

  • Qadoq dizayni
  • Neyming

1. Muammo va vazifa

Mijozlarimiz (30–35 yoshlardagi, zamonaviy fikrlaydigan oilaviy tadbirkorlar) agentlikka o‘zlarining tayyor g‘oyalari bilan kelishdi. Ular mahsulotni “Chop-chop” nomi ostida chiqarmoqchi edi.

Aslida, bu so‘zning tarixi juda qiziq. XIX asrda Xitoy portlarida ishchilar tezlikni anglatuvchi kantoncha 急急 (gap-gap yoki kap-kap) so‘zini ko‘p ishlatishgan (xitoy tilida so‘zlarni takrorlash ma’noni kuchaytiradi). Inglizlarning qulog‘iga bu “chop” bo‘lib eshitilgan va ular buni zudlik bilan harakat qilishga undovchi “chop-chop” buyrug‘iga aylantirib olishgan.

Hatto ingliz tilidagi mashhur chopsticks (xitoy tayoqchalari) so‘zi ham aynan shu o‘zakdan kelib chiqqan — inglizlar ularni “tezkor tayoqchalar” deb atashgan.

Lekin bir muhim jihat bor edi: zamonaviy xitoy tilida “chop-chop” degan iboraning o‘zi yo‘q! Bu shunchaki dengizchilar orasida ommalashib, keyinchalik ingliz tiliga to‘laqonli idioma sifatida singib ketgan chet elliklarning tarixiy slengi. Mahsulot butun MDH davlatlariga chiqishi mo‘ljallangani sababli bizga bunday tarixiy sleng emas, balki hammaga birdek tushunarli va zamonaviyroq nom kerak edi.

Eng qizig‘i esa vizual qismda bo‘ldi. Mijoz sun’iy intellektga “o‘zbekona” qilib chizdirib kelgan tayyor logotipda boshiga qirg‘iz milliy qalpog‘ini qo‘ndirib olgan otaxon tabassum qilib turardi. Biz buni ko‘rib miyig‘imizda kuldik: “Qo‘yinglar, qirg‘iz doda bilan uzoqqa borolmaymiz! Biz faqat O’zbekiston emas, balki butun MDH davlatlarini ko‘zlayapmiz. Demak, hammaga birdek tushunarli bo‘lgan, mahsulotning “tez va oson tayyor bo‘lishiga” urg‘u beradigan mutlaqo yangi va universal nom kerak”.

2. Tadqiqot

Loyiha beradigan eng katta qadriyat — bu mahsulotning tez va oson tayyor bo‘lishi edi. Shunday dadil va zamonaviy nom qidirayotgan kunlarimizning birida, ofisimizda jamoamiz yigitlari CS:GO o‘yini bo‘yicha o‘zaro turnir o‘ynashayotgan edi. Geymerlarning g‘alaba paytida maqtanib ishlatadigan sevimli termini bor: “Easy”— oson. Bu so‘z jamoamiz tilidan tushmay qolgandi. Birdan miyamizga zo‘r fikr keldi: lapsha oson tayyorlanadi, yoshlarbop va quloqqa yaqqol o‘rnashib qoladi. Nega endi “Easy” bo‘lmasligi kerak?!

3. Yechim

  • Neyming: nom tanlashda so‘zni yanada soddalashtirib, uning yozuvdagi “EZ” shaklini taklif qildik. Mijozimizning turmush o‘rtoqlari videoo‘yinlarni juda yaxshi ko‘rar va bu terminning ruhiyatini zo‘r tushunar ekanlar! U kishi bu nomni eshitiboq xursand bo‘lib ketdilar va loyihaning chinakam “advokatiga” aylandilar. Bu nomni turmush o‘rtoqlariga ham, loyihaning tepasida turgan Xitoydagi investor rahbarlarga ham o‘zlari himoya qilib, ko‘ndirib berdilar.

    Hozir patentlash sohasida vaziyat juda murakkab, bitta klassning o‘zida 20 000 tagacha arizalar yotibdi. Zo‘r va esda qolarli nomni patentlash tobora qiyinlashyapti. Lekin biz o‘z nomimizni himoya qilish uchun uni “Ez — Easy to cook” qo‘shimchasi bilan muvaffaqiyatli patentlab oldik.

  • Illyustratsiya: qadoq yuziga ikki madaniyatni birlashtiruvchi vizual yechim kerak edi. Biz Xitoy karnavallaridagi mashhur ajdarhodan ilhomlandik. Osmonga sapchiyotgan dinamik ajdarho silueti qaynayotgan lapsha tolalaridan shakllantirildi.

  • Mahalliy kolorit: mahsulot O’zbekistondan chiqayotganini ko‘rsatish uchun eng nozik va muhim detalni qo‘shdik — bu ajdarho osmondan emas, balki o‘zimizning milliy va qadrdon paxta gulli kosamizdan otilib chiqayotgandek tasvirlandi.

Har bir ta’mga moslashtirilgan yorqin qadoqlar adaptatsiya qilingach, Xitoydan investor rahbarlar uchib kelishdi. Biz ularga shu dizayn va konsepsiya bo‘yicha taqdimot o‘tkazib berdik. Ular 1-2 kun o‘ylab ko‘rishdi va aynan shu nom hamda dizaynda qolishga qat’iy qaror qilishdi.

4. Ish jarayoni

Bu loyiha dekabr oyining oxirida boshlandi va Xitoyning yangi yiliga qadar — fevral boshida (jami 1 oy ichida) to‘liq yakunlandi.

Bu jarayonda biz xitoylik investorlarning ishga bo‘lgan munosabatiga qoil qoldik. Agar Zoom orqali uchrashuv soat 14:00 ga belgilansa, ular 13:55 da tarmoqqa kirib, kutib o‘tirishardi. Oflayn uchrashuvlarga ham Toshkentning tirbandliklari yoki boshqa yurtdan kelganliklari bahona bo‘lmadi. Orada 3 ta tarjimon almashtirishdi. Tadbirkorlikdagi bunday egiluvchanlik (adaptivlik), intizom va maqsad sari to‘xtamaslik MINIM jamoasi uchun ham zo‘r saboq bo‘ldi va biz ular bilan qalin do‘st bo‘lib qoldik.

Natija

Bugungi kunda “Ez” lapshalari Sirdaryodagi erkin iqtisodiy zonada ishlab chiqarilmoqda. Mahsulot yaqinda bozor yuzini ko‘rdi, peshtaxtalardan joy oldi va ijtimoiy tarmoqlarda o‘z hayotini boshladi. Mahsulot o‘zini faol targ‘ib qilib, yangi hamkorlar bilan ishlashni boshlab yubordi.

Mijozimiz loyiha natijasidan shunchalik xursand bo‘ldiki, biz bilan ishlash qanchalik maroqli bo‘lgani va ko‘ngillaridagidek natija olishganini aytib, maxsus video-tashakkurnoma (fidbek) yubordi. Ular hatto brendning SMM xizmatini ham bizga topshirmoqchi bo‘lishdi. Biroq biz o‘z fokusimizni faqat qadoq dizayni va brendingga qaratganimiz uchun har kim o‘z ishining ustasi bo‘lgani ma’qul, deb hisobladik va ularga biz tanigan kuchli 2-3 ta SMM agentliklarini tavsiya qilib yubordik.

Mahsulotingizni bozor lideriga aylantirishni, raqobatchilarga to‘la polkalarni egallashni istasangiz, Minim agentligiga murojaat qiling.