Exclusive Harvis — sovg‘abop choylar uchun qadoq dizayni
“Mehmonga quruq qo‘l bilan borib bo‘lmaydi” deydi mehmondo‘st xalqimiz. Lekin bayramlarda ba’zida shunday sovg‘alarga ko‘zimiz tushadiki, odam uni ochib ko‘rmay, keyingi to‘yda boshqa birovga uzatib yuborgisi keladi. Har bir ishlab chiqaruvchi o‘z choyi shunday qadrli tuhfa bo‘lishini, dasturxonning to‘rida, eng aziz insonlar uchun damlanadigan haqiqiy sovg‘a bo‘lishini orzu qiladi.
Aynan shu ezgu niyat bilan “Exclusive” brendi “Harvis” nomli premium va sovg‘abop choylar liniyasiga qadoq dizayni yaratish uchun agentligimizga murojaat qildi.
1. Muammo va vazifa
Bozorda choy qadoqlari tiqilib yotibdi — xo‘p desangiz, qop-qopi bilan topiladi. Lekin bizning vazifamiz shunchaki “ichida choyi bor quti” yasash emasdi. Biz shunday qadoq yaratishimiz kerak ediki, xaridor uni qo‘shimcha yaltiroq qog‘ozga o‘rab, sarson bo‘lib o‘tirmasin. Qo‘lga olgandayoq «ichidagi mahsulot arzon emas» degan signalni berishi shart edi.
Buning ustiga, dizayn erkakka ham, ayolga ham birdek yoqishi, ko‘rgan odamning bahri dili ochilib, bayramona kayfiyat ulashishi talab etilardi. Xullas, vazifa — oddiy mahsulotni haqiqiy to‘yona darajasiga olib chiqish.
2. Tadqiqot
Ishni doimgidek yetti o‘lchab, bir kesishdan boshladik. Odamlarimiz sovg‘a tanlayotganda nimaga uchadi? Odatda ko‘zni qamashtiradigan, salmoqli va nazokatli vizualga ahamiyat beramiz. Bozordagi zerikarli, bir xil qutilardan qochib, klassik viqor va zamonaviy yorqinlikni birlashtirishga qaror qildik.
Shuningdek, karton qutilarning yangicha formatini va eng asosiysi — mahsulotning qadrini yanada oshiradigan, keyinchalik uyda ro‘zg‘orga ham ishlatsa bo‘ladigan maxsus temir idishlar (tubus) konsepsiyasini chuqur o‘rganib chiqdik.
3. Yechim
Dizaynda premium kayfiyatni berish uchun mahsulotlarni ikki xil formatda ishlab chiqdik:
- Yorqin vizuallar: kundalik, lekin baland did bilan ichiladigan piramida shaklidagi choylar uchun yorqin va shirali ranglarni tanladik. Mevali va o‘simlik choylarining qadoqlarida har bir ta’mning o‘ziga xos rangi va mevalarning nihoyatda jonli tasvirini joyladik. Bunga qaragan odamning beixtiyor choyxo‘rlik qilgisi kelib ketadi.
- Premium sifat: eng asosiy yurishimiz — bu sovg‘abop temir qutilar bo‘ldi! Rasmlardagi podshohona ko‘k, to‘q qizil va zumrad yashil rangli temir idishlarga e’tibor bering. Ularning ustidagi bo‘rtma, tillarang naqshlar qadoqqa go‘yoki saroylarga xos viqor bag‘ishladi.
Bu jarayonda biz shunchaki dizaynni chizib, “qolgani o‘zingizdan” deb chetga chiqib turganimiz yo‘q. Ishni ipidan ignasigacha o‘zimiz nazorat qildik. Qadoqning shaklidan tortib to pechatdan chiqqunga qadar Xitoydagi ishlab chiqaruvchilar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri gaplashib, texnik jihatlarni kelishdik va mahsulot yorug‘ yuz bilan bozorga chiqmaguncha jarayonning tepasida turdik.
Natija
Biznesda bir yozilmagan qonun bor: katta mijozlar agentlikka darrov bor-yo‘g‘ini ishonib topshirmaydi. Oldin eng qiyin, miyani qotiradigan, katta jamoa va ko‘p vaqt talab qiladigan ishni sinov tariqasida berib ko‘radi. Agar qovun tushirmasangiz, keyin boshqa loyihalarni ham beradi.
Bizda ham aynan shunday bo‘ldi. Temir qadoqdagi murakkab dizayn va uning pechatgacha bo‘lgan nazoratidan muvaffaqiyatli o‘tganimizdan so‘ng, mijozning ishonchi yuz foiz oqlandi. Natijada Exclusive Harvis brendi yana 10 dan ortiq yangi mahsulotlar (SKU) dizaynini ham hech ikkilanmay o‘zimizga topshirdi.
Siz nima deysiz, rasmlardagi bu mahsulotlarni eng yaqin insonlarga, qaynota-qaynonalarga yoki ustozlarga uyalmasdan sovg‘a qilsa bo‘ladimi? Mahalliy brendimizning bu alternativasi xalqaro mashhur brendlardan qolishmaydi-ku, to‘g‘rimi? Fikrlaringizni kutib qolamiz.












