Gazzak Corn — makkajo‘xori gulchalari uchun unikal qadoq dizayni

Gazzak Corn — makkajo‘xori gulchalari uchun unikal qadoq dizayni

Biznesda eng katta yutuq — bu mijoz bilan o‘rnatilgan mustahkam va uzoq muddatli ishonchdir. MINIM agentligi va tadbirkor Jahongir Xo‘jayev (“Sariq bola” brendi asoschisi) o‘rtasidagi strategik hamkorlik bugungi kunga kelib o‘zining uchinchi bosqichiga qadam qo‘ydi. Bungacha biz birgalikda “Bolajon City Mall” savdo-ko‘ngilochar markazi va “Nanna” (makkajo‘xori tayoqchalari) kabi yirik loyihalarni muvaffaqiyatli yakuniga yetkazgan edik.

Bu gal esa mijozimiz “Gazzak” lineykasi ostida yangi mahsulot — gulchali makkajo‘xori chiqarish rejasi bilan keldi.

  • Qadoq dizayni

1. Muammo va vazifa

Asosiy vazifa aniq edi: bozorda yo‘q, noodatiy va xaridor esida qoladigan dizayn yaratish.

Odatda “kukuruz” deganda ko‘pchilikning ko‘z oldiga faqat bolalar keladi. Oldingi qilgan “Nanna” loyihamiz ham aynan kichkintoylar uchun mo‘ljallangan edi. Biroq bu gal mijozimiz o‘z oldiga juda aniq va noan’anaviy maqsad qo‘ygan edi: yangi mahsulot yosh tanlamasligi, ya’ni 7 yoshdan to 70 yoshgacha bo‘lgan barcha iste’molchilar uchun birdek mo‘ljallangan bo‘lishi shart. Bu esa bizdan odatiy qoliplardan chiqqan holda, yangicha va erkin yechim topishni talab qilardi.

2. Tadqiqot

Mijozning bu qat’iy talabi asosida bozorni va auditoriyani o‘rganar ekanmiz, qadoq orqali turli avlodlarni qanday birlashtirish mumkinligi ustida bosh qotirdik. Axir bunday makkajo‘xori gulchalarini 7 yoshli maktab o‘quvchisi ham, 70 yoshli otaxon ham televizor qarshisida yoki yo‘lda birdek zavq bilan iste’mol qiladi. Demak, qadoq dizayni faqat kichkintoylar uchungina bo‘lib qolmasdan, barchaga birdek yaqin va qiziqarli bo‘lishi kerak edi.

3. Yechim

Loyiha doirasida biz mijozga 2 xil konsepsiya taqdim etdik. Tasdiqlangan konsepsiya ichida esa 3 xil rang kombinatsiyasini ko‘rsatdik yakunda ulardan biri to‘liq tasdiqlandi:

Bergan konsepsiyamizda yuqoridagi maqsaddan kelib chiqib, 7 va 70 yoshli iste’molchilar personajini (maskotlarni) bitta qadoqning o‘zida birlashtirishga qaror qildik. Dizayn yaratishda merchendayzing qoidalarini ham hisobga oldik:

  • Avlodlar maskoti: qadoqda ikkita gulcha personaji jonlantirildi. Biri — qizil kepka va piksel ko‘zoynak taqqan trenddagi 7 yoshli bolakay bo‘lsa, ikkinchisi — dumaloq ko‘zoynak va milliy qora do‘ppi kiygan 70 yoshli nuroniy otaxon. Bu o‘zbekona kolorit xaridorga juda issiq va yaqin tuyg‘u beradi.
  • Ko‘zgu g‘oyasi: do‘konlardagi sotuvchilar mahsulotni doim ham erinmay, to‘g‘ri taxlashga ulgurmaydi. Biz shuni inobatga olib, personajlarni qadoqda ko‘zgu uslubida joylashtirdik. Mahsulotni polkaga qanday qo‘yishmasin (to‘g‘ri yoki teskari), personajlarning biri baribir xaridorga to‘g‘ri qarab turaveradi.
  • Ranglar: mahsulot polkada boshqa ranglar bilan kirishib ketmasligi uchun kontrast tiffani (tiffany) fonni asos qilib oldik. Ma’no jihatdan esa qadoqning tepa qismini ochroq (yoshlik personajiga mos), pastki qismini esa to‘qroq (qariya personajiga xos) ranglarda ishladik.
  • Ijtimoiy mas’uliyat: qadoqda “Halal” sertifikati belgisi joylandi, bu mahalliy bozorda ishonch uyg‘otishning eng muhim omilidir. Undan tashqari, eng hurmatga loyiq jihati — mahsulot oborotidan 1 foizi saratonga chalingan bolalarni davolash uchun ajratiladi. Biz bu savobli xabarni qadoqning old qismida qizil yurakcha bilan alohida aks ettirdik.
  • To‘g‘ri kopirayting: mijozda tayyor logotip bor edi. Biz uning atrofida “Qirsildoq makkajo‘xori gulchalari” va “Yeysiz — yana deysiz” kabi har ikki avlod uchun ham tushunarli kopiraytingni joyladik.

Natija

Turli xil rang-barang sneklar va shirinliklar bilan to‘la do‘kon polkalarida bu qadoq o‘zining noodatiy rangi, qahramonlarimizning o‘ziga xos xarakteri va mehr ulashuvchi xayriya xabari bilan yaqqol ajralib turadi. Bu dizayn kichkintoylarni ham o‘ziga jalb qiladi, kattalarda esa tabassum va ishonch uyg‘otadi. Bunday kuchli va dadil vizual yechim bilan raqobatchilarga bozorda o‘z o‘rnini saqlab qolish ancha qiyin bo‘ladi. “Sariq bola” esa o‘zining zo‘r qadog‘i bilan bozorga shiddat bilan kirishni va polkalarni egallashni reja qilmoqda.

MINIM agentligining bosh missiyasi — “Made in Uzbekistan” tovar belgisi ostidagi brendlarni nafaqat mahalliy bozorda, balki jahon bozorida ham raqobatbardosh qilish. Biz mana shunday to‘g‘ri strategik yechimlar orqali mahsulotingiz qiymatini oshirib, biznesingiz uchun yangi bozorlar va imkoniyatlar eshigini ochamiz!