Udar — kungaboqar pistasi uchun qadoq dizayni
Pista chaqish — bu shunchaki odat emas, balki qon-qonimizga singib ketgan o‘ziga xos milliy sportimiz! Choyxonadagi gurunglarda ham, oila davrasida serial ko‘rganda ham o‘rtada albatta bir idish pista turadi. Yaqinda xuddi shu qaynoq bozorga yangi brend kirib keldi va bizga qadoq dizaynini yaratish vazifasi topshirildi.
1. Muammo va vazifa
Mijozimiz agentlikka o‘zlari tasdiqlagan logotip va brend rangi (yashil) bilan keldi. Logotipda qalin (bold) harflar bilan “UDAR” yozuvi bor edi.
To‘g‘risini aytganda, bu so‘zni birinchi marta eshitgan odamning xayoliga nima keladi? Albatta, boks qo‘lqopi, tajovuzkorlik yoki ko‘chadagi mushtlashuv. Agar biz qadoq dizaynini shu nomning to‘g‘ridan to‘g‘ri ma’nosiga moslab, mushtlar, olov yoki shunga o‘xshash agressiv elementlar bilan bezatganimizda bormi — qosh qo‘yaman deb ko‘z chiqarib qo‘ygan bo‘lardik. Bunday dizayndagi mahsulotni faqat ko‘chaning shovvozlari sotib olishi mumkin edi (ular ham oladimi yoki yo‘qmi, bunisi ham dargumon).
Bizning oldimizdagi asosiy vazifa — nomi agressiv bo‘lishiga qaramay, mahsulotni hammabop (universal) pozitsiyaga olib chiqish va har qanday auditoriya cho‘chimasdan sotib oladigan klassik qadoq yaratish edi.
2. Tadqiqot
Muammoni yechish uchun mahsulotning o‘zini va uning ichini o‘rganishga kirishdik. Mijozning ta’kidlashicha, bu qadoqlarga Xitoyning mashhur “363” markali, ya’ni bozordagi eng sara, yirik va sifatli pistalari joylanadi.
Shu insaytdan kelib chiqib, biz “udar” so‘zining mushtlashuv ma’nosini unutib, uning xalq tilidagi ikkinchi ma’nosiga — “udar (ya’ni dahshat, zo‘r, qoyilmaqom) sifat” degan talqiniga urg‘u berishimiz kerak edi. Xaridor pistaning po‘chog‘ini emas, mag‘zini yeydi. Shuning uchun butun e’tiborni mahsulotning asosiy afzalligi — mag‘zining yirikligiga qaratishga qaror qildik.
3. Yechim
Dizaynda ortiqcha vizual shovqinlardan voz kechib, toza va klassik uslubni tanladik.
- Yirik mag‘iz va “Haqiqiy lazzat”
Qadoqning qoq markazida yirik, tillarang va ishtahaochar pista mag‘zini tasvirladik. Bu xaridorga “Bizning pistalarning ichi puch emas, mana shunaqa yirik!” degan aniq signalni beradi. Yashil fonda esa bu vizual yechim juda salobatli va jozibador ko‘rinish oldi. Shuningdek, agressiv nomni yumshatish va odamlarni ta’mga jalb qilish uchun “Haqiqiy lazzat” degan shior (slogan)ni ham ishlatdik.
- Assortiment uchun ranglar o‘yini
Pistalarning tuzli va tuzsiz kabi turlarini bir-biridan ajratib ko‘rsatish uchun asosiy klassik stilni saqlab qolgan holda fon ranglarini o‘zgartirdik. Bu yechim mahsulotning ko‘k va to‘q qizil rangli qadoqlari misolida ham yaqqol ko‘rinadi. Bunda hech qanday ortiqcha detallar yo‘q — faqat qisqa va lo‘nda “UDAR” nomi, ulkan mahsulot va uning afzalliklari.
Natija
Shu tariqa “Udar” pistalari o‘zining jarangdor, esda tez qoladigan nomi bilan uyg‘unlashgan, ammo ko‘rinishidan juda bejirim va ishtahaochar qadoqqa ega bo‘ldi.
Endi bu pistani do‘kon polkalarida ko‘rgan odam cho‘chib tushmaydi. To‘g‘ri tanlangan pozitsiya va dizayn tufayli mahsulot nafaqat yoshlar, balki bozorlik qilayotgan otaxonlar-u, kechasi serial ko‘radigan kelinoyilarning ham sevimli xaridiga aylanishiga to‘liq zamin yaratildi. To‘g‘ri dizayn savdoda “udar” natija beradi!









