Sunana — yurak bilan his qilinadigan choy
Sunana dizayni — har bir detalda tabiat, qulaylik va soddalik uygʻunligi.
1. Vazifa
Bu loyihada yangi choy brendi uchun yagona dizayn konsepsiyasini ishlab chiqish vazifasi turgandi. Qadoq dizayni mahsulotning premium toifasini bildirib turishi va bir qarashdan “bu shunchaki choy emas, bu sanʼat” degan tasavvur uygʻotishi kerak edi.
2. Tadqiqot
Biz mahalliy va xalqaro raqobatchilarni oʻrganib chiqdik. Supermarketlar rastalarida koʻpincha Ahmad Tea, Greenfield, Riston, Curtis, Tess, Piala kabi brendlarni uchratish mumkin. Choylarda asosan toʻq, sokin ranglardan va klassik elementlardan foydalanishadi. Ammo koʻp hollarda dizayn bir xil boʻlib qoladi: koʻk choy uchun yashil, qora choy uchun esa qizil rang. Biz esa Sunana brendi boshqalardan ajralib turishini istadik.
3. Maqsadli auditoriya
biz ikkita asosiy segmentga eʼtiborimizni qaratdik:
• Yoshlar (25-35 yosh) — ular uchun ekologik tabiiy mahsulotlar, qadoq va mahsulot sifatida premium yondashuv muhim.
• Oilalar va yoshi kattalar — ular brendga ishonch muhim va anʼanalarni qadrlashadi, ammo dizayn va qadoqda yangiliklarga ham ochiq boʻlishadi.
4. Qadoq va materiallar
tadqiqotlarga koʻra, 2024-yilda tabiiy mahsulotlarga talab ortib, choy bozori 12% ga oshgan ekan. 91% holatlarda esa premium choy isteʼmolchilari qadoqning qulayligi sotib olishga undaydigan asosiy omil ekanligini koʻrsatishgan. Shu bois biz zamonaviy, qulay, choy iforini saqlab qoladigan Ziplock-paketlarni tanladik.
5. Yechim
Logotip: Sunana logotipi — bu choy pari chiqayotgan finjon. Unda biz har bir qultum choyda iliqlik va orom borligi haqidagi gʻoyani ilgari surdik. Logotip goʻyoki aytyapti: “Men oʻzgacha muhit yaratadigan premium choyman”.
Dogʻ effekti: biz qadoqda dogʻ effekti (эффект пятна)dan asosiy element sifatida foydalandik. Alohida plashka tufayli u kontrast hosil qiladi va asosiy ranglar fonida ajralib turadi. Natijada xuddiki “Men bu yerdaman!” deb baqirayotgan qadoq hosil boʻldi. Ishonavering, bu dizayn albatta raqobatchilaridan ajralib turadi.
Ranglar palitrasi: har bir choy turi oʻzining noyob xarakteriga ega boʻlishi uchun biz turli yorqin ranglardan foydalandik.
Natija
Sunana oʻzining noyob dizayni tufayli choy olamida alohida koʻzga tashlanadigan brendga aylandi. Yorqin aksentlar, dogʻ effekti va iliqlik muhitini yaratuvchi qiziqarli logotip, buning ustiga, mahsulot yangiligini saqlab qolishga xizmat qiladigan ziplok-paketlar — barchasi natija uchun xizmat qiladi.
Mahsulot bozorga chiqib ulgurdi va isteʼmolchilardan ijobiy baho oldi. Xaridorlarning aytishicha, Sunana qadogʻi rastalarda koʻzga yaqqol tashlanib turibdi. Brendni odamlar tanishni boshlaganini va doʻkonlardan soʻrab turishganini bozorchilar ham taʼkidlashmoqda.