01.08.2026
Doʻkon polkasidagi 3–5 soniya mahsulot taqdirini qanday hal qiladi?
Brend yillab strategiya ustida ishlashi, reklamaga millionlar sarflashi va oʻz nomini tanitishi mumkin. Lekin oxir-oqibat mahsulot sotiladimi yoki yoʻqmi — barchasi bitta joyda, doʻkon polkasida hal boʻladi. Chunki brend va xaridor oʻrtasidagi oxirgi muloqot televizorda yoki ijtimoiy tarmoqlarda emas, aynan shu yerda boʻlib oʻtadi. Bu muloqot uchun esa brendda atigi bir necha soniya vaqt bor, xolos.
Qadoqning aslida qancha vaqti bor?
Mahsulot haqidagi birinchi taassurot biz oʻylagandan koʻra ancha tezroq shakllanadi. Koʻz harakatini kuzatishga asoslangan (eye-tracking) tadqiqotlarga koʻra, xaridorda mahsulotga nisbatan ilk reaksiya uygʻonishi uchun ikki soniya yetarli. Polkadagi qadoqqa koʻz tushib, uni ilgʻab olish jarayoni esa 3–5 soniya davom etadi. Aynan shu qisqa vaqt tovarning eʼtiborga tushishi, tushunilishi va eng yaxshi holatda polkadan olinishini hal qiladi.
Bu marketologlar oʻylab topgan nazariya emas. Xaridorlarning doʻkondagi psixologiyasi boʻyicha yirik ilmiy ishlar (POPAI va undan keyingi tadqiqotlar) natijasiga koʻra, kundalik isteʼmol tovarlari (FMCG) xaridining 60–80 foizi oldindan rejalashtirilmaydi, bevosita doʻkonning oʻzida hal boʻladi. Boshqacha aytganda, xaridor koʻpincha doʻkonga aniq bir brendning tovari uchun kelmaydi. U nima sotib olishni aynan polka oldida turib hal qiladi.
Nega xaridorning miyasi faqat koʻz yugurtiradi?
Supermarket polkasi — koʻzni qamashtiradigan darajada maʼlumot koʻp joy. U yerda oʻnlab brendlar va yuzlab tovarlar xaridor eʼtibori uchun oʻzaro kurashadi. Inson miyasi esa buncha maʼlumotni bittalab tahlil qilishga ulgurmaydi. Shuning uchun miya “avtopilot” rejimiga oʻtadi. Yaʼni, oʻylab oʻtirmasdan, tanish qoliplarga qarab tez qaror qiladi.
Natijada xaridor tovarlarni mantiqan solishtirib oʻtirmaydi. U brend nomini oʻqishga ulgurmasdanoq shaklga, rangga va kontrastga reaksiya bildiradi. Tadqiqotlarga koʻra, xaridor polkadagi butun assortimentning atigi 15–20 foizini koʻradi. Qolgan tovarlar xaridorning eʼtiboridan chetda qolib ketadi.
Koʻz harakati nimani koʻrsatadi?
“Eye-tracking” texnologiyalari merchandayzerlarning taxminlarini aniq qonuniyatlarga aylantirib berdi. Bunga koʻra:
Polkadagi joy dizayndan ham muhimroq. Koʻz sathidagi yoki qoʻl yetadigan polka doimiy ravishda eng koʻp eʼtiborni tortadigan joydir. Xaridor eng tepa yoki eng pastki qatorlarga faqat aniq bir narsani qidirgandagina qaraydi. Shunchaki tovarlarni koʻzdan kechirayotganda esa u yerga qaramaydi.
Eʼtibor koʻproq yon tomonga tushadi. “Journal of Marketing Research” nashridagi tadqiqotlardan birida (Chen va boshqalar, 2021) aniqlanishicha, xaridorlar polka boʻylab harakatlanayotganda oʻng tomonda joylashgan tovarlarga koʻproq eʼtibor berishadi. Eʼtiborni jalb qilish uchun eng maqbul balandlik esa koʻz sathidan taxminan 35–40 sm pastroq.
Miya maʼnodan oldin rang va shaklni koʻradi. Koʻz avval yaxlit rangga va qadoqning umumiy shakliga tushadi. Agar shu rang boshqalardan ajralib tursa, keyin brend nomi va detallarga qaraladi. Demak, qadoq faqat raqobatchilar bilan emas, polkadagi butun vizual shovqin — narxlar va POS-materiallar bilan ham raqobatlashadi.
Qadoqni 3–5 soniya ichida oʻqishning uchta darajasi
Amaliyotda bu bir necha soniyani bitta jarayon deb emas, uchta qisqa oʻqish bosqichi deb koʻrgan foydali.
1-bosqich (1 soniyagacha): “Bu oʻzi menga kerakmi?” Bu yerda matn emas, qadoq shakli va rang bloki ishlaydi. Agar qadoq umumiy fonga singib ketsa, xaridor mahsulotga qaramay oʻtib ketadi.
2-bosqich (1–3 soniya): “Bu qanday mahsulot oʻzi?” Bu bosqichda miya mahsulot qaysi segmentga tegishli ekanini aniqlaydi. Masalan, bu snek, shirinlik yoki biron premium mahsulotmi — shuni farqlaydi. Xaridor har bir segmentdan oʻziga xos vizual belgilarni kutadi. Bu qoidalar asossiz buzilsa, u buni innovatsiya deb emas, bachkanalik yoki tushunarsiz narsa deb biladi.
3-bosqich (3–5 soniya): “Buning boshqalardan nimasi yaxshi?” Faqat shu uchinchi bosqichdagina xaridor endi oʻqiy boshlaydi. Xaridor brend nomiga, asosiy xabarga va mahsulotning ustunligiga eʼtibor beradi. Brend bu yerda atigi bir-ikki fikrni yetkaza oladi, xolos. Boshqa har qanday qoʻshimcha maʼlumot, hatto yirik yozilgan boʻlsa ham, xaridorning koʻziga koʻrinmaydi.
Bu qadoq dizayni uchun amaliyotda nimani anglatadi?
Bundan bir nechta amaliy xulosa chiqadi. Ularni ish bitgandan keyin emas, dizayn chizilayotgan paytdayoq hisobga olish zarur:
Kontrast detallardan muhimroq. Eng chiroyli qadoq emas, polkadagi vizual shovqin orasidan ajralib chiqqan qadoq yutadi. Baʼzida buning uchun oʻz segmentingizdagi odatiy ranglardan voz kechishga toʻgʻri keladi.Maʼlumotlar tartibi qatʼiy boʻlishi shart. Qadoqda beshta muhim xabar boʻlsa, xaridor birortasini ham oʻqimaydi. Faqat “bitta asosiy + bitta qoʻshimcha xabar” qoidasi ishlaydi.
Siluet — brendning mustaqil aktivi. Tanish shakl logotipdan tezroq oʻqiladi. U yorugʻlikka yoki qadoqning qanday turganiga bogʻliq emas.
Dizaynni kompyuterda emas, polkada sinash kerak. Maketni dizaynerning toza ekranida emas, real raqobatchilar yonida, haqiqiy oʻlchamda tekshirish shart. Hatto tasodifiy odamlar orasida oʻtkazilgan oddiy test ham koʻpincha ekranda koʻrinmaydigan muammolarni ochib beradi.
Bu Oʻzbekiston bozorida qanday ishlaydi? (Minim keyslari)
Bu aslida shunchaki nazariya emas. Minim agentligining mahalliy bozordagi keyslari yuqoridagi qoidalarning har bir segmentda qanday ishlashini aniq brendlar misolida tasdiqlaydi.
Segment qolipini buzish (Brilux keysi). Oʻzbekistondagi LED lampalar bozori vizual jihatdan bir xil. Aksariyat qadoqlarda oʻxshash ranglar va kompozitsiya ishlatilgani uchun birorta brend birinchi soniyadayoq eʼtiborni torta olmaydi. Shu sababli dizaynni bu segment uchun xos boʻlmagan yashil rang va nokni eslatuvchi shakl atrofida qurdik. Natijada mahsulot sotuvchilar va xaridorlar orasida oʻz laqabiga ega boʻldi. Bu esa brendga doʻkonlarga kirishni osonlashtirdi.

Qoidalarni buzish emas, kuchaytirish (Tibet keysi). “Tibet” keysida jamoaga qadoqda segment qoidalarini buzmasdan, yanada kuchaytirish vazifasi qoʻyildi. Chunki ichimlik suvi segmentida allaqachon 30 dan ziyod oʻyinchi sof suv elementlari asosida ishlayotgandi. Natijada dizaynda qorli togʻ fonidagi yirik suv tomchisi tanlandi.
Bu vizual element mahsulotning premium ekanini darhol koʻrsatib berishi bilan ajralib turardi. Xaridor kerakli taʼm yoki hajmni tez topishi uchun esa qopqoqlarga rangli kodlar berildi. Bunday yechim xaridorni polka oldida uzoq oʻylantirib qoʻymaydi va tanlovga ketadigan vaqtni soniyalargacha qisqartiradi.

Qadoqni maʼlumotga toʻldirib tashlamaslik (Miray keysi). Qandolat bozorida raqobat juda kuchli. Shunday bozorga kirib kelgan Miray brendi keysida qadogʻiga hamma maʼlumotni joylamadik. Buning oʻrniga yorqin ranglar, aniq logotip va esda qolarli bitta maskot tanlandi. Natijada qadoq polkada darhol koʻzga tashlanadigan koʻrinishga keldi. Toʻrt oy ichidayoq savdo besh barobar oʻsib, kompaniya eksportni yoʻlga qoʻydi.

Dizaynning oʻzi “sotganda” (Azzir keysi). Ziravorlar segmenti uchun yaratilgan yagona vizual tizim brendga bir yil ichida 4 ta mahsulotdan 160 tagacha kengayish imkonini berdi. Xaridor brend kodini bir marta tushunib olgach, qolganiga reklamasiz ham savdo oʻz-oʻzidan oʻsib boraverdi.

Polka — shunchaki vitrina emas, mediakanal
Koʻp mahsulotlar uchun, ayniqsa katta reklamaga byudjet ajratilmagan holatlarda, qadoq — xaridor bilan yagona muloqot vositasi boʻladi. Brendda birinchi taassurot qoldirish uchun ikkinchi imkoniyat yoʻq. U yo hozir ishlaydi, yoki xaridor boshqa tomonga qarab ketadi.
Shuning uchun qadoqqa shunchaki oʻram emas, oʻz auditoriyasi, raqobati va qatʼiy vaqt chegarasi bor alohida muloqot kanali sifatida qarash lozim. Buni tushungan brendlar polkadagi kurashda doim yutib chiqadi.
Boshqa maqolalar

05.11.2026
Sut mahsulotlari qadoq dizayni: bir xil etiketkalar orasida qanday ajralib turish mumkin?
Toshkentdagi istalgan supermarketning sut muzlatgichi bitta uzun etiketkaga oʻxshaydi: oq fon, havorang toʻlqin, oʻtloqdagi sigir va yogʻlilikni bildiruvchi katta raqam. Quyida sut kodining qaysi elementlariga tegmaslik kerakligi, farqni qayerdan izlash va Minim loyihalarida bu vazifa qanday hal qilingani haqida soʻz boradi.

04.11.2026
Agentlik va bosmaxona: qayta chop etishga pul toʻlamaslik uchun maketni qanday topshirish kerak?
Xalqimizda “Ignadek teshikdan tuyadek sovuq kiradi” degan gap bor. Quyida bosmaxonaga nimalar topshirilishi, qaysi xatolar koʻproq brakka olib kelishi va agentlik, bosmaxona hamda buyurtmachi oʻrtasida masʼuliyatni qanday taqsimlash kerakligini koʻrib chiqamiz.

03.11.2026
Oʻzbek lotin va kirill yozuvi uchun shriftlar: ikki tilli qadoqni qanday terish kerak?
Xalqimizda “Tilga eʼtibor — elga eʼtibor” degan gap bor. Qadoq bilan ham xuddi shunday: tarkibdagi bitta notoʻgʻri harf xaridorga brend uning tiliga qanday qarashini koʻrsatib qoʻyadi. Maket tasdiqlandi, tiraj chop etildi, tarkibda esa “oʻ” oʻrnida toʻgʻri apostrofli “o” yoki boʻsh kvadrat turibdi. Bunday holat shrift ekrandagi chiroyli lotin harflariga qarab tanlanib, oʻzbekcha belgilar faqat bosmada tekshirilganda yuz beradi. Endi masalaning ikkinchi tomoni ham bor: 2026-yil 21-oktabrda oʻzbek alifbosidagi toʻrtta harfni oʻzgartiradigan qonun imzolandi. Quyida shrift qaysi belgilarni qoʻllab-quvvatlashi kerakligi, islohot nimani oʻzgartirishi, ikki tilni old va orqa tomonga qanday joylash va shriftni bosmadan oldin qanday tekshirishni koʻrib chiqamiz.