5 SEKUND — ko‘mir briketi uchun neyming va qadoq dizayni
5 SEKUND (yog‘och ko‘mir) brendi ishlab chiqildi: neyming bir zumda alangalanib ketishni ta’kidlaydi. Qora fondagi qizigan "5" belgisi va infografika mahsulotning o‘ziga xosligi va ishlatish qulayligini bir zumda tushuntiradi.
1. Vazifa
Odatda ko‘mir yoqish uchun o‘tin, qog‘oz yoki moy, spirt kabi suyuqliklardan foydalanamiz. Bu vaqt va ortiqcha harakat talab qiladi, ba’zan hatto taomning ta’mi buzilishiga ham sabab bo‘ladi.
Mijozimiz Minim agentligimizga yangi mahsulot — 5 SEKUND nomli yog‘och asosidagi ko‘mir briketi bilan keldi, u faqat bittagina gugurt yordamida alanga oladi va oddiy ko‘mirga qaraganda uzoqroq yonadi. Bizga qisqa vaqt ichida mahsulotning noyobligini darhol ko‘rsata oladigan yorqin va tushunarli brend yaratish vazifasi qo‘yildi.
2. Tadqiqot
Bozorni tahlil qilish jarayonida uchta asosiy muammoni aniqladik:
- raqobatchilarning qadoqlari bir xil va mahsulot afzalliklarini aks ettirmaydi;
- iste’molchi qaysi ko‘mir uzoq yonishini va qaysi biri qulayroq ekanini tushunishi qiyin;
- bu yo‘nalishda qulaylik va innovatsiya tilida gapiradigan brend yo‘q.
Shu bilan birga, 5 SEKUND quyidagi noyob afzalliklarga ega edi:
- qo‘shimcha vositalarsiz alanga oladi;
- oddiy ko‘mirga nisbatan uzoqroq yonadi;
- uchta formatda taqdim etilgan:
- yumaloq — 1,5 soat,
- kvadrat — 2,5 soat,
- olti burchakli — 3,5 soat.
Shularni inobatga olib, qadoq qanday bo‘lishi kerakligi borasida o‘zimiz uchun vazifani aniqlab oldik, ya’ni u bir necha soniya ichida mahsulotdan foydalanish qulayligi va boshqa afzalliklarini tushuntirishi kerak.
3. Yechim
Logotip
5 SEKUND nomi mahsulotning mohiyatini o‘zida aks ettirardi. Biz uni vizual jihatdan yanada kuchaytirdik:
- “5” raqamini yonayotgan, alanga ichidagi ko‘mir sifatida tasvirladik;
- yirik shriftda yozilgan “SEKUND” so‘zi ishonch uyg‘otadi;
- qizil-sarg‘ish ranglar kombinatsiyasi issiqlik va energiya bilan bog‘liq his-tuyg‘ular uyg‘otadi.
Shu tariqa logotip mahsulotning kuchli, oson taniladigan va esda qoladigan timsoliga aylandi.
Qadoq
Biz qadoqning o‘zini asosiy “sotuvchi”ga aylantirdik, ya’ni:
- ulkan yonayotgan “5” raqami darhol diqqatni jalb qiladi;
- qora fon premium sifat va kontrastni ko‘rsatadi;
- rangli aksentlar (yashil, sabzirang va ko‘k) uch xil ko‘mir turini farqlashga yordam beradi;
- “stressiz hordiq chiqaring”, “o‘tin kerak emas”, “bir dona gugurt yetarli”, “tutunsiz” kabi infografika va ikonkalar mahsulot afzalliklarni darhol tushunish imkonini beradi;
- Qulaylik uchun qadoqning yuqori qismida uchta teshik bo‘lishi ko‘zda tutildi — qo‘lingiz to‘la bo‘lsa ham, uni qiyinchiliksiz ko‘tara olasiz.
Natija
- Bir necha kun ichida logotip, aydentika va qadoqqa ega to‘liq brend yaratildi.
- 5 SEKUND O‘zbekistonda birinchi innovatsion va qulay ko‘mir briketi sifatida pozitsiyalandi.
- Qadoq dizayni mahsulotni darhol do‘konlarda ajralib turadigan qildi va ortiqcha so‘zlarsiz qiymatini yetkazib turadigan bo‘ldi.
- Mahsulot ichki bozorda ommalashdi hamda qo‘shni Qozog‘iston va Tojikiston bozorlariga eksport qilina boshladi.









