IMPERIA – makaron mahsulotlari uchun qadoqlash dizayni va rebrending
Brendning 23 yillik tarixini zamonaviy vizual tilga ko‘chirish va xaridor bilan ochiq muloqot strategiyasi.
1. Vazifa
Oldimizdagi asosiy vazifa — brendning taniqli nomini saqlab qolgan holda, uni zamonga moslashtirish va rastalarda xaridor e’tiborini qayta zabt etadigan premium qadoq tizimini yaratish edi.
2. Logika va yondashuv
Makaron mahsulotlari segmentida xaridorning qaror qabul qilishi bir necha soniya davom etadi. Bu jarayonda iste’molchi avvalo mahsulotning rangiga, shakliga va butunligiga vizual baho berib, so‘ng tanlov qiladi. Shu bois, biz yangi dizaynda “yashirin” zonalardan voz kechib, shaffoflikni asosiy mezon qilib oldik. Qadoqning katta qismi shaffof qoldirilishi xaridorga mahsulot sifatini bevosita ko‘rish imkonini berdi.
Shuningdek, dizayn markaziga xom mahsulotning o‘zini emas, balki undan tayyorlangan ishtahaochar taom tasvirini joylashtirdik. Bu xaridorda mahsulotni shunchaki sotib olish emas, balki uni tezroq pishirib ko‘rish ishtiyoqini uyg‘otishga xizmat qiladi.
3. Yechim
Biz qadoq dizaynida ham pragmatik, ham estetik yechimlarni birlashtirdik.
-
Logotip va Aydentika. Brend nomi “Imperiya”. Bu ulug‘vorlikni vizual tilda ifodalash uchun bug‘doy boshoqlaridan tashkil topgan “toj” ko‘rinishidagi logotip yaratildi. Bu element mahsulotning ham tabiiy bug‘doydan qilinganiga, ham uning premium darajasiga aniq ishora qiladi.
-
Shaffoflik va ”Food zone”. Qadoqning pastki qismi to‘liq shaffof qoldirildi. Bu xaridorga mahsulotni ochiq-oydin ko‘rish va unga baho berish imkonini yaratdi. Qadoq markaziga esa makarondan tayyorlangan ishtahaochar taom tasviri joylashtirildi.
-
Yagona stilistika. Butun lineyka (barcha turdagi makaronlar) uchun tabiiylik va sifatni anglatuvchi to‘q yashil hamda oq ranglar uyg‘unligi tanlandi va yagona vizual tizim shakllantirildi.
Natija
Natijada rastada o‘zining viqorli nomiga mos turadigan, ammo iste’molchidan hech narsani yashirmaydigan ishonchli va jozibador brend paydo bo‘ldi. Ochiq shaffoflik va to‘g‘ri vizual iyerarxiya mahsulotning xaridorgirligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
Brending olamining afsonasi Uolli Olins ta’kidlaganidek:
“Brendning asosi — bu haqiqat va ishonchdir”.
Qadoqdagi shaffoflik orqali biz iste’molchiga aynan shu haqiqatni ko‘rsatdik va brendga bo‘lgan kuchli ishonchni shakllantirdik.











