Dobro Dobrom — Moxito ichimligi uchun qadoq dizayni

Dobro Dobrom — Moxito ichimligi uchun qadoq dizayni

“Dobro Dobrom” brendi bilan oldin ham katta loyihalarda — sharbatlar va “Yessentuki” suvlari qadog‘i ustida ishlaganmiz. Bu safar ular yangi Moxito ichimligi bilan kelishdi. Bozorda chaqmoq va olovlar bilan bezatilgan, go‘yoki odamga qanot bag‘ishlaydigan agressiv energetiklar polkalarni egallab olgan bir paytda, bu yaxna ichimlikni xaridorga qanday taqdim etsa, to‘g‘ri bo‘ladi?

  • Qadoq dizayni

1. Muammo va vazifa

Vazifamiz aniq edi: salqin ichimliklar tiqilib yotgan polkalarda shunchaki chang bosib yotmaydigan, balki xaridorning e’tiborini tortadigan qadoq yaratish. Ammo yuzlab raqobatchilar orasidan qanday ajralib chiqish mumkin? Eng muhimi, biz bu ichimlikni aslida kimga sotyapmiz? Loyihani aynan shu savollar bilan boshladik.

2. Tadqiqot

Ishni taxminlarga tayanib emas, bozorni va iste’molchilarni yaxshilab o‘rganishdan boshladik. Shu jarayonda juda qiziq insayt chiqib keldi: kuzatuvlarga ko‘ra, moxito xaridorlarining 70-80 foizini yosh qizlar va ayollar tashkil qilar ekan.

Bolalar va o‘smir yigitlar asosan energetiklarni simirib yurgan bir paytda, nozik xilqat vakilalari estetik va salqinlantiruvchi moxito ichishni xush ko‘risharkan. Bu topilma biz uchun dizaynning asosiy kalitiga aylandi.

3. Yechim

Maqsadli auditoriya asosan qizlar ekan, demak, dizayn ham shunga mos ravishda agressiv emas, balki mayin, bejirim va ko‘zga quvonch bag‘ishlaydigan bo‘lishi kerak. Lekin bu yerda nozik bir chegara bor edi:

  • Nafislik va taniluvchanlik: biz qadoqqa iloji boricha nafislik bag‘ishladik, ammo moxitoga xos bo‘lgan umumiy vizual qolipni buzib yubormadik. Nega? Chunki xaridor polkaga ko‘z yugurtirgandayoq yuzlab ichimliklar orasidan “Ha, mana bu moxito!” deb uni bir soniyada osongina tanib olishi kerak. Shuning uchun ishtahaochar laym bo‘laklari, yalpiz yaproqlari va muz bo‘laklari kabi klassik elementlarni joyida qoldirib, ularni nafis fon bilan boyitdik.
  • Ranglar: klassik (laym va yalpizli) ta’m uchun jaziramada muzdek salqinlikni his qildiradigan och havorang, qulupnayli ta’m uchun esa qizlarning jon-u dili bo‘lgan nafis pastel pushti rangni tanladik.
  • Dinamika: qadoqning fonidagi nafis, aylanma chiziqlar go‘yoki yozgi shabada yoki stakandagi muzdek suv to‘lqinlarini eslatib, vizualga jonlilik bag‘ishlaydi. Bunga qaragan odamning beixtiyor tomog‘i qurib, labini ho‘llagisi kelib ketadi.

Natija

Shu tariqa “Dobro Dobrom” moxitolari o‘zining asosiy auditoriyasiga mos tushadigan qadoqqa ega bo‘ldi. U endi polkalardagi to‘q rangli va qo‘pol energetiklar orasida o‘zining bejirimligi bilan darhol ko‘zga tashlanadi, xaridorga o‘zini bexato tanita oladi.

Oftob tig‘dek qizdirayotgan kunlarda bunday go‘zallikni ko‘rgan xaridorning qo‘li beixtiyor shu idishga cho‘zilishi aniq.

Sizningcha, moxitoga xos o‘sha mayin va salqin kayfiyatni bera olibmizmi? Ijodimizga xolis baho bering!