AquaAsia — salqin ichimliklar brendi uchun yangi etiketka dizayni

AquaAsia — salqin ichimliklar brendi uchun yangi etiketka dizayni

Xalqimizda to‘y-tomosha, yig‘in-ma’raka deganlari hech qachon tugamaydi, ilohim, tugamasin ham. Ammo shu to‘kin dasturxonning qoq markazida viqor bilan turadigan, mehmonlar oldida mezbonning yuzini yorug‘ qiladigan premium salqin ichimliklar masalasi hamisha dolzarb.

Ishlab chiqaruvchi mijozimiz Eldor aka bilan bu uchinchi yirik loyihamiz. Avvalroq ular uchun “NOV” va “Toshkent suv” mineral suvlari loyihalarini pishiq-puxta qilib topshirgan edik. Navbatdagi, uchinchi yurish esa СТМ (shaxsiy savdo belgisi) formatidagi yangi brend — AquaAsia bo‘ldi.

  • Qadoq dizayni

1. Strategiya

Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: nima uchun bitta kompaniya ustma-ust uchta salqin ichimlik brendini yaratadi? Axir bitta qozonda ikki qo‘chqorning kallasi qaynamaydi, deyishadi-ku?

Gap shundaki, biznesda bu qoida biroz boshqacha ishlaydi. Bitta mahsulotni 3–4 xil brend ostida turli dilerlar va distribyutsiya kanallari orqali sotish — bu bozorda ko‘proq ulushni egallashning ayyorona va samarali strategiyasidir.

Qolaversa, bu tadbirkorning moliyaviy xavfsizlik yostig‘i ham. Tasavvur qiling, butun boshli zavodning taqdirini bitta distribyutorning qoshi-ko‘ziga qarab, uning qo‘liga topshirib qo‘yish qanchalik xavfli? Tuxumlarni bitta savatga solmaslik kerakligini yaxshi bilgan mijozimiz bitta hududga 2–3 ta mustaqil brend bilan kirib borish orqali tavakkalchilik (risk) foizini kamaytirishga qaror qildi.

2. Muammo va vazifa

Bizga qo‘yilgan vazifa aniq edi: shunday qadoq va vizual yechim yaratish kerakki, u to‘y va marosimlarimizdagi to‘kin dasturxonlarni bezab tursin. Unga qaragan odamda sifatli narsa ekan, degan tasavvur bo‘lsin. Ichimlik Yevropa brendlaridan qolishmasligi, lozim bo‘lsa, dasturxondagi Cola, Fanta va Sprite'larning, yana Chernogolovka va Natakhtari kabi gigantlarning o‘rnini munosib egallashi kerak edi.

3. Yechim

Mahsulot uchun avvalgi “NOV” loyihamizdagi kabi premium shisha idish andaza qilib olindi. MINIM agentligi esa bu shishaga jon kiritish — neyming va etiketka dizaynini yaratish ustida ish boshladi.

  • Neyming va logotip: yangi brend uchun AquaAsia nomi tanlandi — u jarangdor va global eshitiladi. Logotip esa baland tog‘lardan oqib tushayotgan zilol suvni bildiruvchi “dog‘” (пятно) effektiga ega holda aks ettirildi. Bu tabiiylik va musaffolikka to‘g‘ridan to‘g‘ri ishora.
  • Salqinlik effekti: eng qiziq detal etiketka fonida qo‘llangan maxsus grafik yechim bo‘ldi. E’tibor bersangiz, etiketkada mayda oq nuqtalar (shum) bor. Biz bu orqali shisha idishga qirov tushgandek, qor va muzdeklik effektini berdik. Xaridor ichimlikni polkada ko‘rishi bilanoq bitta yutinib, o‘sha muzdekkina atmosferani vizual his qiladi.

Natija

Bugungi kunda AquaAsia jami 6 xil mevali ta’mda ishlab chiqarilmoqda. Biz ishlab chiqqan dizayn tufayli mahsulot haqiqatdan ham dasturxon ko‘rkiga aylandi.

Endi o‘zbek xaridori xorijning qimmat ichimliklarini qidirib sarson bo‘lmaydi. AquaAsia o‘zining viqorli shishasi, salqinlik ufurib turadigan dizayni va betakror ta’mi bilan bozordagi kuchli raqobatchilarga munosib zarba berib, sekin-asta, lekin ishonch bilan o‘z ulushini tortib oladi.