Suon – suv va salqin ichimliklar uchun logotip va qadoq dizayni

Suon – suv va salqin ichimliklar uchun logotip va qadoq dizayni

  • Qadoq dizayni
  • Logotip

1. Vazifa

Bu safargi mijozimiz — yirik distribyutorlik kompaniyasi. Ular bozorga o‘zining shaxsiy savdo markasi (СТМ — собственная торговая марка) ostida yangi gazlangan salqin ichimliklar liniyasini olib kirishni maqsad qilgan edi. Nom mijoz tomonidan allaqachon tanlangan edi: “Suon”.

Nomning etimologiyasi va falsafasi juda qiziq. Birinchi navbatda bu jarangdor va quloqqa yoqimli eshitiladigan so‘z. Ikkinchidan, uning zamirida mahsulotni yetkazib berish mohiyati yotadi. “Suv onlayn” yoki “suv bir onda” — ya’ni suvning kerak paytda zudlik bilan, bir onda muhayyo bo‘lishiga yashirin ishora bor edi.

Bizning oldimizdagi asosiy vazifa:

  • Shu nom va g‘oyaga hamohang, yurtimizda ishlab chiqariladigan milliy brend uchun o‘ziga xos logotip yaratish.
  • Asosan yoshlarga mo‘ljallangan, raqobatchilarga to‘la polkalarda darhol ko‘zga tashlanadigan qadoq dizaynini ishlab chiqish.

2. Tadqiqot

Har qanday kuchli dizayn bozor va raqobatchilarni o‘rganishdan boshlanadi. Biz suv va gazlangan ichimliklar bozorini, xususan, tarkibida meva ta’mi bo‘lgan ichimliklarni o‘rgandik.

Ko‘rdikki, deyarli barcha brendlar dizayni bir xil standart asosida ishlangan: qadoqda giper-realistik 3D mevalar illyustratsiyasi, ularning ustida yaltirab turgan suv tomchilari va jonli, ishtahaochar kompozitsiyalar. Ha, bu ish beradigan, sinalgan yo‘l. Lekin hamma bir xil tilda gapirsa, brendlar bir-biriga o‘xshab, xaridor ko‘zida yaxlit bir vizual shovqinga aylanib qoladi. Biz esa biroz farqlanishni istadik.

Logotip bo‘yicha izlanishlarimizda esa tarixga murojaat qildik. Mahsulotni yetkazib berish g‘oyasi bizni qadimgi Buxoro va u yerdagi Ark atrofidagi hayotga yetakladi. Qadimda odamlarga suvni tuyalarda, maxsus teri meshlarda tashuvchi meshkoblar yetkazib bergan. Biz mana shu tarixiy milliy koloritni zamonaviy tezkorlik bilan birlashtirish yo‘lini izladik.

3. Yechim

Biz ko‘pchilik boradigan tayyor shablonlardan voz kechdik va ikkita dadil qadam tashladik.

  • Logotip: “Suv bir onda” (tezkorlik) g‘oyasini ifodalash uchun og‘irkarvon tuyani emas, balki shiddatli chopqir otni tanladik. Logotip nafis Sharq miniatyurasi stilistikasida chizib chiqildi. Ot ustidagi chavandozga milliy bosh kiyim — an’anaviy cho‘girma kiydirildi, uning orqasida esa suv to‘la mesh. Bu orqali ham milliylik, ham distribyutorlik (etkazib berish) g‘oyasi, ham tezkorlik vizual ramzga aylandi.
  • Qadoq dizayni: 3D renderlar va standart yaltillagan mevalar o‘rniga, biz qadoqni sanat asariga aylantirishga qaror qildik. Dizaynda mevalarni rang-barang, ekspressiv 2D grafika orqali tasvirladik.

Bu uslub dizayn tilida “Abstrakt geometrik illyustratsiya” va “Flat Art” uyg‘unligi deb ataladi. U o‘zining murakkab shakllarni oddiy, ammo o‘ta yorqin rangli dog‘lar, erkin chiziqlar va takrorlanmas teksturalar orqali berishi bilan ajralib turadi. Dyushes, o‘rmon mevalari va anorli moxito ta’mlari mana shu dinamik va jo‘shqin abstraksiya orqali ochib berildi. To‘q ko‘k rangli, qat’iy va nafis logotip esa bu rang-baranglik fonida mahsulotni arzon ko‘rsatmasdan, unga premium va ishonchli ko‘rinish bag‘ishladi.

Natija

Natijada, “Suon” brendi polkada o‘z o‘rnini yaqqol egallaydigan, xaridor (ayniqsa trendlarni his qiluvchi yoshlar) e’tiborini darhol tortadigan loyihaga aylandi.

Qadoqdagi abstrakt naqshlar va yorqinlik mahsulotga o‘ziga xos vizual joziba berdi. Bu ichimlik shunchaki chanqoq bosti bo‘lib qolmay, balki bayram dasturxonini bezaydigan, to‘y va marosimlarda stolda taxlab qo‘yilganda o‘zining estetik jilosi bilan muhitga kayfiyat qo‘shadigan elementga aylandi.

Qadoq dizayni, brending va neyming masalalari bo‘yicha MINIM agentligi sizga yordam beradi. Keling, keyingi muvaffaqiyatli loyihani birgalikda yaratamiz!