Lattico – Sut mahsulotlari uchun brending va qadoq dizayni
Lattico – Sut mahsulotlari uchun musiqiy brending va qadoqlash dizayni
1. Vazifa
Do‘kon rastalarida bir xil, standart etiketkalardan iborat zerikarli sut mahsulotlari ko‘p. Bu vizual shovqindan qanday chiqib, “Biz boshqachamiz!” deya jar solish mumkin? Mijozimiz Lattico kompaniyasi uchun esa shunchaki oddiy qadoq emas, balki mahsulotlarini nega bu qadar o‘zgacha, noyob ta’m va sifatga ega ekanligini tushuntirib beruvchi konsepsiya kerak edi.
2. Tadqiqot
Biz Lattico'ning o‘ziga xos taraflari, qadriyatlarini o‘rganishga kirishdik. Bilishimizcha, Lattico fermasidagi sigirlar musiqa ixlosmandlari ekan. Ular klassik simfoniyalar va jaz tinglashar, shu sababli doimiy xotirjamlikda, huzur-halovatda bo‘lishar ekan. Natijada-chi? Stress yo‘q va, ilmiy isbotlanganidek, yuqori sifatli, nafis, to‘yingan ta’mga ega sut.
Agar mahsulot musiqa ohanglaridan ilhomlangan bo‘lsa, demak, brend ham shuni aks ettirishi kerak. Bu shunchaki sut mahsulotlari emas, bu — “Musiqa ta’mi”. Bizning, ya’ni Minim agentligining vazifasi — ana shu musiqa mavzusini ko‘zga ko‘rinadigan holatga keltirish edi.
3. Yechim
Biz dadil qadam tashladik: ta’mlar musiqiy janrlarga, qadoqni esa xuddiki konsert afishasiga aylantirdik.
- Qahramon: brendning asosiy qahramoni musiqachi sigir bo‘ldi va u markaziy element sifatida tanlandi. Sigirning qadoqdagi holati, chalayotgan cholg‘u asbobi, tashqi ko‘rinishi va kayfiyati ta’mning xususiyatini yetkazib beradi. U shunchaki rasm emas, balki Lattico orkestrining haqiqiy xonandasi go‘yo.
- Musiqiy nomenklatura: biz har bir ta’mga o‘ziga xos musiqiy nom berdik. Shu tariqa “Вишнёвая мелодия” (Olcha melodiyasi), “Персиковый джаз” (Shaftoli jazi), “Клубничная симфония” (Qulupnay simfoniyasi) va “Гармония Какао” (Kakao garmoniyasi) shunchaki ta’mlar emas, balki brend liniyasidagi alohida musiqiy kompozitsiyalarga aylandi.
Biz qadoq dizayni orqali oddiy mahsulotlarni musiqiy to‘plamga aylantirdik. Qadoq endi raqsga tushadi, kuylaydi va Lattico nima uchun o‘zgacha ta’mga ega ekanligini so‘zlab beradi.
Natija
Ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgandan so‘ng yangi qadoq dizayni tufayli mahsulot juda tez fursatda xaridorlar va xalq orasida ishonch qozondi, bu dizayn samaradorligining to‘g‘ridan to‘g‘ri tasdig‘i bo‘ldi. Loyiha professional maydonda ham yuqori e’tirofga sazovor bo‘ldi: u Markaziy Osiyodagi reklama va kreativ sohasidagi eng yirik tadbir — TAF25 (Tashkent Advertising Festival 2025) festivalida ham ishtirok etdi.







