Exclusive Tea — mevali choy uchun qadoq dizayni

Exclusive Tea — mevali choy uchun qadoq dizayni

Xalqimizda choyxo‘rlik — shunchaki odat emas, balki mehr ulashish, diydorlashuv demak. Ammo bozordagi raqobat kuchaygan sari, xaridorni oddiy karton qutilar bilan hayratda qoldirib bo‘lmay qoldi. Yangi keys doirasida biz Exclusive mevali choylari uchun stereotiplarni buzuvchi va polkada ajralib turuvchi dizayn konsepsiyasini ishlab chiqdik.

  • Qadoq dizayni

1. Muammo va vazifa

Choy bozorida eskirgan bir standart bor: mahsulot ko‘pincha karton quti va ichki sellofan paketga qadoqlanadi. Uyimizga olib kelib ochishimiz bilan bu format germetikligini yo‘qotadi, choyning asl ifori uchadi, eng asosiysi — ichidagi mahsulot xaridorga ko‘rinmaydi.

Mijozimiz bu kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida tayyor PET-banka, ya’ni alyuminiy qopqoqli format bilan keldi. MINIM oldidagi vazifa esa shu format imkoniyatlaridan maksimal foydalanib, zamonaviy xaridorlar, yosh oilalar va talabalar diqqatini tortuvchi, mahsulotning premium darajasini ko‘rsatib beruvchi kuchli vizual yechim taqdim etish edi.

2. Tadqiqot

Loyihaga kirishishdan avval bozorni o‘rganar ekanmiz, yorqin insaytlarga duch keldik:

  • Ishonch inqirozi: bugungi xaridor quti ustidagi “mevali choy” degan yozuvga anchadan beri ishonmay qo‘ygan. Nimaga? Chunki aksariyat hollarda o‘sha quti ichidan kimyoviy aromatizatorlar va changga aylangan 1-2 ta meva qoqisi chiqadi, xolos.
  • Vizual ASMR: aslida, Exclusive choyining eng katta boyligi uning tarkibida edi — yirik yaproqlar, butun quritilgan malinalar va yorqin gulbarglar. Bu shunchaki choy emas, ko‘zni quvontiradigan vizual estetika. Shunday tabiiy ne’matni karton quti va yaltiroq paket ichiga yashirib qo‘yish marketing nuqtai nazaridan to‘g‘ri bo‘lmasdi. Xaridor mahsulot ifori va sifatini ko‘zi bilan “his qilishi” kerak.
  • Tannarx va qadriyat: premium ko‘rinish albatta katta xarajat talab qiladi, degan stereotip bor. Ammo hisob-kitoblar shuni ko‘rsatdiki, alyuminiy qopqoqli shaffof PET-bankaning tannarxi oddiy karton quti va ichki paket narxidan deyarli farq qilmaydi. Ishlab chiqaruvchi xarajatlarni oshirmay turib, mahsulotning xalq ko‘z o‘ngidagi qadrini bir necha barobarga oshirish imkoniga ega bo‘ldi.

3. Yechim

Agentligimizning dizaynerlik yondashuvi mahsulotning tabiiy jozibasini markazga olib chiqish va yoshlar auditoriyasi bilan ularning tilida gaplashishga qaratildi:

  • Etiketka bankani to‘liq yopib qo‘ymaydi. Yuqori va pastki qismlar ataylab ochiq qoldirilib, ishtahaochar va rang-barang choy aralashmasi xaridorga to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etildi. Dizayn mahsulotning o‘zi bilan uyg‘unlashib ketdi.
  • Standart va zerikarli fotosuratlar o‘rniga har bir ta’m — malina, olma, gilos va ananas uchun zamonaviy, teksturali yirik meva illyustratsiyalarini yaratdik. Ular yorqin fonlar bilan kontrast hosil qilib, polkada vizual magnit vazifasini bajaradi.
  • Tipografikada klassik va zamonaviy shriftlardan foydalandik. Tarkibning 100% tabiiyligini va o‘zimizning bog‘larimiz nafasi borligini ta’kidlash uchun qadoqqa yashil muhr grafigini kiritdik.

Natija

Qayta yopiluvchi qopqoq va germetiklik tufayli mahsulot dinamik hayot tarzidagi iste’molchilar, jumladan, ofis xodimlari, talabalar va yosh oilalar uchun qulay yechimga aylandi hamda maqsadli auditoriya e’tiborini muvaffaqiyatli qozondi.

Eng kuchli organik reklama esa qadoqning ikkinchi hayotida namoyon bo‘lmoqda. Choy tugagach, bekalarimiz bu shinam bankalarni tashlab yubormay, oshxonada ziravorlar yoki boshqa ro‘zg‘or mayda-chuydalarini saqlash uchun ishlatmoqda. Shu tariqa MINIM ishlab chiqqan dizayn iste’molchining uyida yillar davomida ko‘z o‘ngida saqlanib, brendga nisbatan loyallikni uzluksiz oshirib bormoqda.