Barg – O‘zbekistonda choy brendi uchun qadoqlash dizayni
FMCG bozorida, ayniqsa, choy segmentida raqobat oʻta shiddatli. Bu yerda shunchaki mahsulotning yaxshi boʻlishi kamlik qiladi. Mijoz diqqatini tortish va unda darhol ishonch uygʻotish uchun bor-yoʻgʻi bir necha soniya vaqt beriladi. Biz Barg choy brendi misolida bu vazifani qanday hal qilganimizni va qanday qilib rastada ajralib turadigan dizayn yaratganimizni soʻzlab beramiz.
1. Vazifa
Bizga tayyor nom — “Barg” va 4 ta SKU (mahsulot turi)ning dastlabki assortimenti kelib tushdi. Asosiy vazifa choy bozorining rang-barang rastalarida boshqalardan yaqqol ajralib turish, esda qolarli va sifatni aks ettiruvchi vizual konsepsiya yaratish edi. Shunchaki dizayn emas, balki savdoni oshiruvchi va xaridorni oʻziga bogʻlovchi tizim yaratish kerak edi.
2. Tadqiqot
Dizaynga kirishishdan avval biz xaridorlarning choy sotib olish maqsadlarini chuqur oʻrgandik. Segmentlar turlicha edi: kimdir kundalik isteʼmol uchun, kimdir ofisga, yana kimdir choyxonaga oladi. Ammo bizni eng ilhomlantirgan yoʻnalish — toʻylarga, sovchilik va unashtiruv patnislariga qoʻshib olib boriladigan sovgʻabop xaridlar boʻldi. Oʻzbekona mentalitetimizda patnisga eng sara, eng chiroyli va basavlat koʻrinadigan narsalar qoʻyiladi. Demak, mahsulotimiz tashqi koʻrinishidan aynan shu segmentning yuksak didiga va talablariga toʻliq mos tushishi kerak edi.
3. Yechim
Loyihalarimizda vizual yechim yaratishda nom asosiy oʻrin tutadi. Logotip va qadoq dizaynini bevosita “barg” ekanini anglatadigan, tabiiylikni aks ettiradigan yaxlit yoʻnalishda yaratdik.
- Logotip: asosiy “Barg” tipografik belgisini zamonaviy va minimalistik koʻrinishda aks ettirdik, barcha harflarida barg elementini integratsiya qildik. Endi mahsulotni koʻrmasdan turib ham logotip orqali nima mahsulot ekanini tushunsa boʻladi.
- Rang va tekstura: qadoqni rastada yorqin koʻrsatish uchun boy, toʻyingan ranglardan foydalandik: qora choy uchun chuqur, jozibali qizil va koʻk choy uchun esa yorqin yashil bargli teksturalar.
- Unikallashtirish: toʻy patnislarining talabini qondirish va premium sifatni taʼkidlash uchun dizaynga tilla suv yugurtirish (zoltin tиснение) effektini qoʻshdik. Bunday yechim qadoqni qimmatbaho va basavlat qilib koʻrsatadi hamda rastadagi boshqa qadoqlar ichida yaqqol ajratib turadi.
- Ishonch: qadoqning old qismiga mahsulotning haqiqiy sifatini koʻrsatuvchi professional fotosuratlarni joylashtirdik: sifatli quruq choy va shaffof stakandagi damlangan choy. Bu xaridorda ishonch uygʻotadi va ishtahasini ochadi. Seylon choyining yuqori sifatini taʼkidlash uchun esa «FROM INDIA» va «100% NATURAL TEA LEAVES» kabi kichik tilla rangli sifat tamgʻalarini joylashtirdik.
Bozorning real talabidan kelib chiqib, asosiy 4 ta SKU dan tashqari yana 3 ta yangisiga mijozimiz buyurtma berdilar. Biz dizayn tizimini shunday ishlab chiqdikki, u 25 ta va 100 ta paketli qutilarga ham, choy paketlarining oʻziga ham yagona aydentika asosida adaptatsiya boʻladi.
Natija
Natijada rastada raqobatchilardan yaqqol ajralib turadigan, yorqin va hattoki eng aziz mehmonga sovgʻa qilsa yoki toʻy patnisiga qoʻysa ham yarashadigan dizayn yaratildi. “Barg” loyihasi boʻyicha qadoq dizaynining butun tizimi, logotipdan tortib turli xil formatdagi qutilargacha mijozga toʻliq pod klyuch topshirildi.
Siz ham mahsulotingiz kengroq segmentlarga yoyilishini istaysizmi? Minim agentligiga murojaat qiling va biz sotuvlarni oshiruvchi va xaridor didini qozonuvchi qadoq dizaynini ishlab chiqamiz.








