“Candy Gold” — Nillo kekslari uchun TEZKOR QADOQ DIZAYNI
Biznesda shunday qulay vaziyatlar tug‘iladiki, paydo bo‘lgan imkoniyatni ushlab qolish uchun ba’zan tezkor qaror qabul qilish kerak bo‘ladi. Bundan bir necha yil avval ma’lum geosiyosiy vaziyatlar sabab xorijdan keladigan ayrim qandolat mahsulotlarining importi to‘xtab qoldi. Bozorda ochiq maydon paydo bo‘ldi. Bunday paytda yoki darhol harakat qilib polkalarni egallash yoki boshqalarning savdosi qiziganini chetdan tomosha qilib o‘tirish mumkin. “Candy Gold” tomoshabin bo‘lishni istamadi. Ular o‘zlarining shokoladli, malinali va bananli Nillo kekslari bilan shu bo‘shliqni tezkorlik bilan to‘ldirishga qaror qilishdi.
1. Muammo va vazifa
Vazifamiz mahsulotni bozorga tezda olib kirish uchun qadoq yaratish edi. To‘laqonli, oylab davom etadigan murakkab dizayn ishlab chiqishga vaqt yo‘q, bozor bizni kutib o‘tirmaydi. Mahsulot maktab o‘quvchilarining tanaffusdagi tamaddisi va ofisdagilarning kofe-breyklari uchun ham mos kelardi.
Bunday vaziyatda ham xaridorning e’tiborini tortadigan, ham ishlab chiqarishga oson bo‘lgan dizayn qanday bo‘lishi mumkin?
2. Tadqiqot
Aynan shu yerda bizga marketing va dizaynning eng kuchli quroli — to‘g‘ri brend pozitsiyasi yordamga keldi. Yangi mahsulotni shoshilinch ravishda, hali odamlar tanimaydigan paytda bozorga olib kirganda xaridorda doim kichik ikkilanish bo‘ladi: “Ichidagi qanaqa ekan? Yumshoqmikan yoki qotib qolganmikan?”
Bizning insaytimiz shu edi: yangi xaridorni ishontirishning eng tezkor yo‘li — unga borini ko‘rsatish. Keksimiz chindan ham yumshoq, ishtahaochar va tovlanib turganidan keyin, birinchi qadamdayoq uning aynan shu ustunligini ochiq namoyish etishga qaror qildik. Shu orqali mijoz yangi mahsulot bilan yaqindan, hech qanday to‘siqlarsiz tanishib oladi.
3. Yechim
Shu tariqa biz shirinligimizni umuman yopmaslikka qaror qildik. Qadoqni minimalistik va shaffof uslubda ishlab chiqdik. Shaffof plyonka mahsulotning qanday pishganini, uning yumshoq biskvitini shundoqqina ko‘rsatib turadi. Oq rangli, yirik va o‘qilishi oson bo‘lgan “Nillo” yozuvi esa uzoqdan ham yaqqol ko‘zga tashlanadi.
- Ochiqlik — eng zo‘r reklama: shaffoflik orqali mijozda “buning ichida nima bor ekan-a?” degan shubhaga o‘rin qolmaydi. Ko‘rdi, ishondi, sotib oldi! Bu ochiqlik yangi mahsulotni bozorga tezkor tanitishda eng to‘g‘ri va ishonchli pozitsiya hisoblanadi.
- Qo‘shimcha detallar: bu kekslar shunchaki arzon va oddiy yegulikka o‘xshab qolmasligi uchun qadoqning ikki chetiga tillarang effektini qo‘shdik. O‘zi nomi ham “Candy Gold” bo‘lgandan keyin, mahsulot ham shunga yarasha premium ko‘rinishi kerak-da.
Natija
Shu tariqa “Candy Gold” vaqtdan yutqazmadi. Bo‘shab qolgan polkalarni birinchilardan bo‘lib egalladi va haqiqiy ko‘rinishini yashirmagani uchun xaridorlarning ishonchini darhol qozondi. Shaffoflik mijoz bilan muloqot qilishda eng tezkor va ishonchli vosita ekani yana bir bor o‘z isbotini topdi. Vaqti kelib, bozor o‘rganilib, talab yuqoriligi tasdiqlangach esa ushbu mahsulot uchun to‘laqonli va kuchli yangi qadoq dizayni ham aynan bizning agentlikda yaratildi (batafsil).



