Melty — vafli lineykasi uchun neyming, logotip va qadoq dizayni

Melty — vafli lineykasi uchun neyming, logotip va qadoq dizayni

Eng yaxshi do‘st — sinovdan o‘tgan eski do‘st, deganlaridek, doimiy mijozimiz A’loxon aka va “Lindo” korxonasi navbatdagi yirik loyihani ham bizga ishonib topshirishdi.

  • Qadoq dizayni
  • Neyming
  • Logotip

1. Muammo va vazifa

Korxona yangi vafli ishlab chiqarish liniyasini olib kirgandi. Qo‘limizda juda zo‘r yangi mahsulot bor, ammo uning nomi ham, dizayni bo‘yicha tasavvurlar ham yo‘q edi. Oldimizdagi vazifa — bu shirinlikka mos jarangdor nom topish, logotip ishlab chiqish va eng asosiysi, turli xil ta’mdagi vaflilarni bir qolipga, yaxlit dizayn tizimiga solish edi.

2. Tadqiqot

Bozorga tavakkal kirib borib bo‘lmaydi. Shuning uchun avvalo raqobatchilarning polkalarini yaxshilab o‘rgandik. Bozorda qaysi ranglar allaqachon band qilinganini o‘rganib, hali hech kim foydalanmagan, ko‘zga tezda tashlanadigan, “tesha tegmagan” ranglarni izladik. Maqsad — qadoqning o‘ziyoq xaridorni o‘ziga jalb qilishi kerak edi.

3. Yechim

Mahsulotning og‘izda muzqaymoqdek erib ketish xususiyatidan kelib chiqib, unga inglizcha Melty (eriydigan) nomini berdik.

Qadoqdagi vafli va shokolad bo‘laklari haqiqiydek ko‘rinishi va mahsulotning ichi qandayligi bilinib turishi uchun erinmay har birining ishtahaochar 3D modellarini yasab chiqdik.

Ranglar masalasida ham o‘ziga xos yechimlarga keldik: pishirilgan sutli vaflilar uchun och havorang, kakao va sutlisiga to‘q ko‘k, shokoladlisiga yorqin sariq va klassik shokoladlisiga ishtahaochar qizil rang tanlandi. Bu tizim 150 grammlik oilaviy qadoqlardan tortib, tikka turadigan katta paketlargacha (pouch) moslandi.

Natija

Xullas, niyat xolis, mehnat qattiq bo‘ldi va ishimiz ko‘ngildagidek pishdi. Natijada hatto Yevropa bozorida ham yuzimizni yorug‘ qiladigan, zamonaviy va ishtahaochar qadoq dunyoga keldi. Hozirda loyiha ishga tushish arafasida. Nasib qilsa, yaqin kunlarda Melty vaflilari nafaqat O‘zbekiston, balki qo‘shni Tojikiston, Qirg‘iziston, Afg‘oniston, Turkmaniston va Qozog‘iston bozorlarida ham polkalarni egallaydi.