Mini Bini — kichik ruletchalar uchun qadoq dizayni
Mini Bini: «Meni o‘zing bilan olib ket» deydigan kichkina ruletcha
1. Vazifa
Bu safargi mijozimiz — Zarqand brendi Mini Bini mahsuloti bilan bizga murojaat qildi. Mahsulot odatiy snek ham, shunchaki shirinlik ham emasdi — u qalbingiz shirinlik tusayotganda, qorningiz esa nimadir yeb olish kerakligini aytayotganda mos keladigan yengil tamaddi, ya’ni kichik ruletcha.
Bizga oddiy, ammo ancha yuqori maqsadli vazifa berildi: bolalar bilan do‘stlasha oladigan, ota-onalar ishonchini qozonadigan va boshqa o‘nlab raqobatchilar orasida ajralib turadigan qadoq dizayni ishlab chiqish.
2. Tadqiqot
Biz qandolat mahsulotlari bozoriga chuqur kirib bordik. Raqamlar quyidagilarni ko‘rsatdi:
- FMCG sohasidagi o‘rganishlarga ko‘ra, tamaddilarning 60 foizidan ko‘prog‘i odamlarda to‘laqonli tushlik qilish imkoni bo‘lmaganda yo‘l-yo‘lakay olinadi.
- Mini tamaddilar kategoriyasida eng talabgir format — “sweet & fill”, ya’ni mahsulot ham ta’mi bilan, ham to‘ylimliligi bilan ma’qul kelishi kerak.
- Ota-onalarning yarmidan ko‘prog‘i farzandlari olib berishni so‘ragan mahsulotni olib berishadi — bu yerda qadoq asosiy omil bo‘lib xizmat qiladi.
Raqobatchilar tahlili bizning taxminlarimizni tasdiqladi: ba’zi brendlar dizaynni ortiqcha elementlar bilan to‘ldirib yuborishadi, boshqalari esa kattalarga moslab o‘ta jiddiy usulni tanlab, zerikarli qilib qo‘yishadi. Ayrim hollatda oltin o‘rtalikni tanlashni ham bilish muhim.
Bizning holatimizda esa “bir o‘q bilan ikkita quyonni urish” kerak edi — qadoq dizayni bolalarga ham quvonch olib kelishi muhim, kattalarga ham ishonch berishi kerak.
3. Yechim
Logotip
Biz o‘qilishi oson va esda qolarli, sodda logotip ishlab chiqdik: yirik, yumaloq va yumshoq shriftda. Mos ravishda “MiNi” so‘zini kichikroq tasvirladik.
Qadoq dizayni
- Ranglar. Yetarlicha yorqin, ammo ko‘zni olmaydigan darajada — qulupnay ta’mi uchun qizil chiziqlar, rezavor mevalar ta’mi uchun esa binafsha rangli chiziqlar qo‘ydik.
- Ishtahaochar mahsulot. Ruletcha shunday ishtahaochar qilib tasvirlandiki, uni ko‘riboq yeb qo‘ygisingiz keladi.
- Qahramon (maskot). Oq quyoncha — brend qahramoni. Mehr, ishonch va yengillik timsoli. U bolakaylarga manzur keladi va kattalarda xotirjamlik hissini uyg‘otadi.
Brend atmosferasi
Mini Bini dizayni go‘yo aytadi: “Meni o‘zing bilan olib ol — men kichikkina, shirinman va qorningni biroz to‘yg‘azaman”. Bu ham emotsional, ham ratsional darajada ta’sir qiladigan yengil, lekin to‘g‘ri kommunikatsiya.
Natija
- Mahsulot boshqalardan ajralib chiqa oldi — vizual shovqin evaziga emas, aniq, do‘stona obrazi tufayli.
- Ota-onalar ta’kidlashicha, bolalar aynan shu qadoqdagi mahsulotni olishni istashyapti — demak, dizayn ishlayapti.
- Kelajakda yangi ta’mlar yo‘lga qo‘yilsa, ranglar tizimi ularga osongina moslashadi.
- Brend kommunikatsiya uchun qo‘shimcha resursga ega bo‘ldi: quyoncha qahramoni nafaqat qadoqda, balki promo roliklarida, reklamada, digital muhitda ham ishlatilishi mumkin.











