SLADOVO – O‘zbekistonda pechenye brendi uchun qadoqlash dizayni

SLADOVO – O‘zbekistonda pechenye brendi uchun qadoqlash dizayni

Odatda yaxshi mahsulot o‘z-o‘zini sotadi, deyishadi. Ammo zamonaviy raqobat bozorida mahsulotingiz qanchalik mazali va sifatli bo‘lmasin, uning ko‘rinishi xaridor diqqatini tortmasa, rastalardagi yuzlab brendlar orasida yo‘qolib qolishi hech gap emas. Navbatdagi keysimizda aynan shunday vaziyatdan qanday qilib chiroyli va foydali chiqib ketganimiz haqida so‘z yuritamiz.

  • Qadoq dizayni

1. MUAMMO

“Sladovo” brendining mazali pechenyelari ko‘pchilikka tanish. Ular “Korzinka” supermarketlar tarmog‘ida yaxshi sotiladi. Lekin bir jihati bor edi: mahsulotlar xaridorga to‘liq shaffof, oddiy plastmassa qadoqlarda taqdim etilardi.

Bizning oldimizga kelgan mijozda tabiiy va juda o‘rinli bir qo‘rquv bor edi: “Agar biz shaffof paketlardan voz kechib, yopiq va standart etiketkalarga o‘tsak, xaridorni cho‘chitib qo‘ymaymizmi? Mahsulot sotilmay qolmasmikan?” Chunki odamlar pechenyening o‘zini ko‘rib xarid qilishga o‘rganib qolishgan edi.

Biroq tanganing ikkinchi tomoni ham bor. Shaffof va oddiy qadoq bilan mahsulotning qadrini ham, narxini ham oshirib bo‘lmasdi. “Sladovo” bozordagi yirik va ko‘zga ko‘ringan brendlar bilan yelkama-elka turib raqobatlashishi uchun unga chinakam, premium va ishonch uyg‘otuvchi qadoq kerak edi.

2. TADQIQOT

Biz bozorni, rastalardagi holatni va xaridorlar psixologiyasini chuqur o‘rgandik. Iste’molchi nima sotib olayotganini avvaldan ko‘rishni istaydi — bu fakt. Xalqimizda “Yuz marta eshitgandan, bir marta ko‘rgan afzal” degan gap bejiz aytilmagan.

Shaffoflik — brendning asosiy kuchli tomoni edi, lekin vizual tomondan juda arzon taassurot uyg‘otardi. Demak, oldimizda turgan boshqotirma shundan iborat edi: qadoqni shunday yaratish kerakki, u ham zamonaviy va qimmat ko‘rinsin, ham xaridorga ichidagi mahsulotni ko‘rsatib tursin.

3. YECHIM

Biz ishni kompleksli tarzda qo‘lga oldik:

  • Dizayndagi ayyorlik: suratlarga e’tibor bersangiz, har bir qadoqda o‘ziga xos vizual yechim qo‘llaganmiz. Qadoqning ma’lum bir qismi go‘yoki yirtilib, ichidan ishtahaochar, haqiqiy pechenye (masalan, qip-qizil jemli “Frutikeyk” yoki yorqin “Mindalki”) chiqib kelayotgandek illyuziya yaratildi. Bu yechim mijozning “mahsulot ko‘rinib turishi kerak” degan talabini ortig‘i bilan bajardi. Endi xaridor pechenyeni zerikarli shaffof paket orqali emas, balki mazali va kreativ dizayn orqali ko‘radi.
  • Logotip apgreydi: brendning avvalgi tarixi va ruhini saqlab qolgan holda logotipni yanada zamonaviy, ixcham va ko‘zga tez tashlanadigan holatga keltirdik.
  • Gofra qutilar yangilanishi: tortib sotiladigan mahsulotlardan voz kechilmadi. Aksincha, chakana savdo uchun mo‘ljallangan gofra qutilarning dizaynini ham yangi qadoqlarga hamohang tarzda yangiladik. Bu butun brend yaxlitligini ta’minladi.

NATIJA

To‘g‘ri topilgan yechim o‘zini yuz foiz oqladi! Yangi qadoq bilan bozorga kirib borilgach, mijozimiz kutganidan-da yuqori natijalarga erishganini, sotuv ko‘rsatkichlari a’lo darajada ekanini xursand bo‘lib ma’lum qildi. Xaridorlar yangi dizaynni iliq kutib olishdi, mahsulotning bozordagi qiymati esa sezilarli darajada oshdi.

Boshida bizga faqat 5 ta SKU (mahsulot turi) bo‘yicha buyurtma berilgan edi. Ishimiz va natijamiz ma’qul kelgani sababli keyinroq yana qo‘shimcha 5 ta yangi mahsulot dizaynini ishonib topshirishdi. Bundan tashqari, brendning ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalari va kommunikatsiyasi bir xil, professional stilistikada olib borilishi uchun to‘laqonli Gaydbuk (brend qo‘llanmasi)ga buyurtma berishdi.

Eng quvonarlisi, “Sladovo” o‘zining yangi, xalqaro talablarga javob beradigan qiyofasi bilan xalqaro ko‘rgazmalarda muvaffaqiyatli ishtirok etdi va mahsulotlarini eksport qilish uchun yangi, yirik hamkorlar topishga muvaffaq bo‘ldi.

P. S. O‘zbekiston Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda yurtimizda 152,1 trln so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarilgan. Bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan 9,7 foizga oshgan degani. Birgina Toshkent shahrining o‘zida esa bu ko‘rsatkich 27,6 trln so‘mni tashkil etgan. Ajab emas, mahalliy ishlab chiqaruvchilarimizning bunday ulkan marralarni zabt etishida va rastalarni to‘ldirishida ularning mahsulotlariga chiroyli va xaridorgir “libos” kiydirayotgan Minim jamoasining ham kichik bo‘lsa-da hissasi bor bo‘lsa!