Lattico — grek yogurti uchun qadoq dizayni

Lattico — grek yogurti uchun qadoq dizayni

Bizning dasturxonni sut, qatiq, qaymoq, smetana yoki kefirsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bular qon-qonimizga singib ketgan mahsulotlar. Lekin so‘nggi paytlarda bozorda sekin-asta yangi va noodatiy bir mehmon paydo bo‘lmoqda — grek (yunon) yogurti. Unga bo‘lgan talabni asosan fitnes trenerlar va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiluvchi kontentlar yaratib bermoqda.

MINIM agentligiga “Lattico” brendining yangi grek yogurti uchun dizayn konsepsiyasini ishlab chiqish vazifasi ishonib topshirildi.

  • Qadoq dizayni

1. Muammo va vazifa

Grek yogurti — bu shunchaki nonushtaga yeyiladigan sut mahsuloti emas. Uning tarkibi oqsil va probiotiklarga juda boy.

Uning asosiy xaridorlari:

  • yeydigan har bir taomini va kaloriyasini qattiq nazorat qiladigan sportchilar;
  • vazn tashlamoqchi bo‘lganlar;
  • sog‘lom ovqatlanish ixlosmandlari.

Biz shunday qadoq yaratishimiz kerak ediki, u sut mahsulotlari polkasida ishonchli ko‘rinsin, shu bilan birga sportchilar auditoriyasi tilida gaplasha olsin va ularning sog‘lomlashishga bo‘lgan ehtiyojini ko‘rsatib tursin.

2. Tadqiqot

Ishni odatdagidek bozorni o‘rganishdan boshladik. Marketingda “differensiatsiya”, ya’ni raqobatchilardan yaqqol ajralib turish degan strategiya bor. Buni mashhur marketolog Set Godin o‘zining “Binafsharang sigir” konsepsiyasida juda zo‘r tushuntirgan.

Tasavvur qiling: yo‘lda ketayotib yuzlab oddiy sigirlarni ko‘rasiz va ularga e’tibor ham bermaysiz. Lekin dalada bittagina binafsharang sigir o‘tlab yurgan bo‘lsa, darhol to‘xtab, uni rasmga olasiz!

Sneklar yoki suv kabi raqobatchisi ko‘p, tiqilinch bozorda shu strategiya juda yaxshi ishlaydi. Chunki hamma suvlar ko‘k yoki tiniq idishda turganda, siz uni mutlaqo o‘zgacha, masalan, binafsha rangida chiqarsangiz, odamlar “Yangicha suv chiqibdi-mi?” deb qiziqib olib ko‘radi. Bunday kundalik mahsulotlarda tavakkal darajasi past.

Biroq grek yogurti bozorida bu qoida ishlamasligini tushundik. Nega? Chunki bozorda bunday mahsulotning o‘zi kam, polkada bor-yo‘g‘i 3–4 xil taklif bor xolos.

Xaridorning ongida grek yogurtining qat’iy vizual shabloni shakllanib ulgurgan:

  • oq rang;
  • to‘q ko‘k rang;
  • grek alifbosini eslatuvchi maxsus shrift.

Agar biz bunga qarshi chiqib, qadoqni, aytaylik, noodatiy rangda qilib qo‘ysak, xaridor uni shunchaki payqamay o‘tib ketadi. Mijozga bu borada kreativlik kerak emas, u o‘zi qidirayotgan mahsulotni osonroq va tezroq topib olishi muhim. Oqimga qarshi suzish, ya’ni noodatiy vizual yechimlar berish bu yerda faqat zarar keltiradi.

3. Yechim

Shunday tariqa biz bu loyihada velosiped kashf qilib o‘tirmadik. Xaridorlar ko‘zi o‘rgangan oq va to‘q ko‘k ranglarni, shuningdek, oltin standartga aylangan grek shriftini saqlab qoldik. Lekin biz qilgan ishimiz baribir nimasi bilandir boshqalardan farq qilib turishi, qaysidir jabhada raqobatchilardan ustunroq bo‘lishi kerak edi.

Antik davr

Grek yogurti iste’molchilari kimlar? Sportchilar va sog‘lom turmush tarzi tarafdorlari. Biz buni Qadimgi Yunoniston estetikasi bilan bog‘ladik. Tasvirlarda ko‘rinib turganidek, qadoq dizayni uchun ikki xil antik qahramon illyustratsiyalaridan foydalandik:

  • mahsulotning bir tarafida mushaklarini ko‘z-ko‘z qilayotgan baquvvat erkak atlet tasvirlangan;
  • boshqa tarafida qo‘lida an’anaviy yunon ko‘zasini — amforani ushlab turgan nazokatli ayol obrazi joy olgan.

Bu go‘yoki mahsulotning mohiyatini — kuch, sog‘lomlik va tabiiylikni ochib berdi. Xaridor qadoqqa qarashi bilan mahsulot aynan u uchun ekanini anglaydi.

Nimaga sigir emas?

Avvalroq Lattico brendining glazurli siroklari uchun sigir obrazi orqali zo‘r differensiatsiya qilgandik va u ish bergandi. Lekin bu safar sigirdan foydalanish g‘oyasini darhol rad etdik.

Grek yogurti qidirayotgan odam sigirni ko‘rsa, “Ha, bu yog‘li sut mahsuloti ekan” degan birlamchi tasavvur bilan mahsulotni olmaydi.

Bu mahsulotga quyidagilar mos kelmaydi:

  • fermer xo‘jaligi motivlari;
  • qishloq manzaralari;
  • oddiy sut mahsulotlariga xos an’anaviy obrazlar.

Bu yerda faqat va faqat antik grek tematikasi mos tushadi.

Natija

Mijozimiz tomonidan qaror qabul qiluvchilar — belorus, ukrain va buxorolik kuchli mutaxassislardan iborat, eski MDH standartlarida zavodlarda chiniqqan chinakam “xalqlar do‘stligi” jamoasi edi. Bunday tajribali ko‘zlarni balandparvoz gaplar bilan aldab bo‘lmaydi. Ularga taqdim qilgan konsepsiyamiz bir urinishdayoq, hech qanday e’tirozlarsiz ma’qul bo‘ldi.

Loyiha natijalari:

  • konsepsiya birinchi urinishdayoq ma’qullandi;
  • dizayn asosida 15 dan ortiq SKU — tovar turlari ishlab chiqildi;
  • Lattico mahsulotlari supermarket polkalarida o‘z o‘rnini egallay boshladi;
  • dizayn brendning loyal auditoriyasini shakllantirishga xizmat qilmoqda.

Hozirda Lattico mahsulotlari supermarket polkalarida sekin-asta, lekin ishonch bilan o‘z o‘rnini egallab bormoqda. Ortiqcha shovqin-suronsiz, aql bilan qilingan dizayn o‘z loyal auditoriyasini yig‘ishni va bozorni egallashni boshladi.