Bio-Inside — BFQ (BAD) uchun qadoq dizayni (BEST liniyasi)

Bio-Inside — BFQ (BAD) uchun qadoq dizayni (BEST liniyasi)

Biz ko‘plab farmatsevtika va BFQ brendlari mahsulotlari uchun qadoqlar ishlab chiqqanmiz. Bu sohaning ikir-chikirlarini yaxshi bilamiz. Lekin har safar yangi brend bilan ishlaganimizda o‘zimiz uchun zo‘r insaytlar olamiz. Bu safargi Bio-Inside loyihasi bilan ham xuddi shunday bo‘ldi.

Odatda yangi loyihani muhokama qilayotganda biz professional nazar bilan qaraymiz: bozor, raqobatchilar, ranglar... Ammo bu safar qiziq holat yuz berdi: mijoz mahsulot haqida gapirib berayotganda, hali dizayni ham yo‘q bo‘lgan ushbu mahsulotlarni o‘zimiz uchun xarid qilgimiz kelib qoldi.

  • Qadoq dizayni
  • Logotip

1. Vazifa va muammo

Mijoz bizga murojaat qilganda vaziyat quyidagicha edi: Germaniya xomashyosidan tayyorlangan, tarkibi va ta’sir kuchi jihatidan juda sifatli mahsulot bor. Lekin uning tashqi ko‘rinishi — qadoq dizayni — bu sifatga umuman mos kelmasdi.

Avvalgi dizayn ko‘pchilik startaplar bosib o‘tadigan yo‘l — MVP (Minimal Viable Product) uslubida qilingan edi. Tadbirkor mahsulotni bozorga tezroq olib chiqish uchun poligrafiya xizmati yordamida shoshilinch tarzda dizayn qildirgan. Print markazlaridagi dizaynerlar bilan tez va arzon bitirilgan ish edi bu.

Asosiy muammolar:

  • Arzonchi qadoq: mahsulot ichida premium sifat va chuqur tibbiy yondashuv bor, lekin qadog‘i arzon va ishonchsiz ko‘rinishga ega.
  • Reputatsiya xavfi: bunday dizayn bozorga kirish uchun vaqtinchalik yechim bo‘lishi mumkin, lekin uzoq muddatda brendning obro‘yini tushiradi. Xaridor qadoqqa qarab, ichidagi doriga ham shubha bilan qarashi mumkin edi.

Vazifa: professional, zamonaviy marketing talablariga javob beradigan darajada yangi qadoq dizayni ishlab chiqish. Qadoqning o‘zi sotuvchiga aylanishi kerak.

2. Tadqiqot

Loyihani boshlashdan oldin mijozimiz bilan uzoq suhbatlashdik. Natijada bildikki, u kishi oddiy tadbirkor emas, balki o‘z ishining haqiqiy ustasi va kuchli mutaxassis.

Ular bizning kasal bo‘lganda dori ichish yondashuvini emas, balki sog‘liqni tizimli saqlash va organizmni tiklash orqali kasalliklarning oldini olish madaniyatini ilgari suradigan mutaxassis edilar. Mijoz bizga organizmni tiklashning aniq algoritmini chizib berdi:

  • Tozalash: avval organizmni shlaklardan tozalash (chunki ifloslangan organizmga vitamin ta’sir qilmaydi).
  • Fundament: keyin suyak va immunitetni mustahkamlash.
  • Singdirish: oxirida kerakli minerallar bilan to‘yintirish.

Insayt: agar tadbirkor o‘z mahsulotini chuqur tushunsa va unga ishonsa — bu ishonch atrofdagilarga ham yuqadi. Biz esa shu ishonchni mahorat bilan qadoqqa ko‘chirishimiz kerakligini tushundik.

Yana bir muhim masala — mahsulot nomlari. Farmatsevtikada Calcium, Zinc, Fish Oil kabi so‘zlar patentlanmaydi (МНН — Международное непатентованное наименование). Raqobatchilardan ajralib turish va nomni brend mulkiga aylantirish uchun bu masalaga ham yechim kerak edi.

3. Yechim

Dizayn konsepsiyasini mijoz taqdim etgan o‘sha “oltin algoritm” asosida qurdik. Qadoqlarni 3 ta asosiy toifaga ajratdik, buni qutining old qismidagi maxsus plashkalarda aniq ko‘rsatib qo‘ydik:

  • 1-bosqich: tozalash va detoks. Bu organizmni tayyorlovchi, qayta ishga tushiruvchi vositalar (Detox, Sun Light, Fish Oil, Lecithin).
  • 2-bosqich: tiklanish va yangilanish. Organizm fundamentini quruvchi vositalar (Calcium, Collagen).
  • 3-bosqich: hujayraviy faollik. Yakuniy quvvat va maqsadli davolash (Cell, Step).

Endi xaridor qadoqqa qarab, bu shunchaki vitamin emas, balki katta va jiddiy davolash rejasining bir qismi ekanini darhol tushunadi.

Raqobatchilardan ajralib turish va nomni brend mulkiga aylantirish uchun esa oddiy va samarali yechim topdik: barcha mahsulotlar nomiga “BEST” so‘zini qo‘shdik (Best Calcium, Best Detox...). Bu ham jarangdor, ham mijozning “eng yaxshisini berish” maqsadiga hamohang edi.

Navigatsiya va infografika

Qadoq “gapirishi” kerak. Odamlar dorixonada qutining orqasidagi mayda yozuvlarni o‘qishni yoqtirmaydi. Shu sababli biz qadoqni xaridor bilan muloqot qiladigan qildik:

  • Qadoqning eng ko‘zga tashlanadigan joyiga — o‘ng tomon pastki qismga mahsulotning asosiy foydalarini qisqa ikonka va so‘zlar bilan berdik. Masalan, Best Calcium qadog‘ida: mushaklar, immunitet va suyaklar uchun. Best Detox qadog‘ida: buyrak, teri va jigar uchun.
  • Qadoqning yon tomoniga “Previous – Now – Next” (Oldin – Hozir – Keyin) sxemasini joylashtirdik. Xaridor qo‘lidagi quticha umumiy davolash zanjirining qayerida turganini va keyin nima ichishi kerakligini bir qarashda tushunadi.
  • Brend ranglari turli bosmaxonalarda o‘zgarib ketmasligi va har doim yorqin chiqishi uchun Pantone ranglar tizimidan foydalandik.

Natija

Endi Bio-Inside mahsulotlari dorixona polkasida turganda “meni shoshib chiqarishgan” deb xijolat bo‘lib turmaydi. Yangi dizayn orqali qadoqlar xaridorga: “Men shunchaki vitamin emasman, men 3 bosqichli mukammal davolash tizimining muhim qismiman”, deb dadil aytadi.

Biz hatto to‘liq tiklanish va davolanish kursini xarid qiluvchilar uchun maxsus To‘plam dizaynini ham ishlab chiqdik. Natijada mijozning kuchli ekspertlik bilimlari va mahsulot sifati endi uning tashqi ko‘rinishida ham 100% aks etmoqda.