Matte – fasad va dekor bo‘yoqlari uchun neyming, logotip va qadoqlash dizayni

Matte – fasad va dekor bo‘yoqlari uchun neyming, logotip va qadoqlash dizayni

  • Qadoq dizayni
  • Neyming
  • Logotip

1. Vazifa

Mijozimiz fasad va dekor uchun mo‘ljallangan yangi bo‘yoq hamda emulsiyalar liniyasi bilan bizga murojaat qildi. Oldimizga qo‘yilgan asosiy vazifa do‘kon polkasida boshqalardan yaqqol ajralib chiqish edi. Yaratiladigan brend ham ichki bozorda, ham eksportga chiqqanda tashqi bozorda xorij mahsulotlari bilan bemalol raqobatlasha olishi, ko‘zga cho‘g‘dek tashlanib turishi kerak edi.

2. Tadqiqot va insaytlar

Xo‘sh, xaridor e’tiborini qanday tortish mumkin? Oddiygina yorqin ranglarning o‘zi yetarlimi? Biz jamoa bilan bosh qotirarkanmiz, dizaynga tom ma’noda o‘zimizniki bo‘lgan, milliy ruh ufurib turadigan konsepsiyani singdirishni maqsad qildik. Bu bizning tashabbusimiz edi — mahsulotga shunday milliy kolorit beraylikki, u bozorda xaridorning yuragidan joy olsin.

Odatda “milliylik” deganda ongimizga faqat do‘ppi yoki paxta gulli choynak keladi. Ammo zamonaviy brend uchun bu kabi obrazlar kamlik qiladi. Bizga tomir-tomirimizga singib ketgan, ko‘rgan zahoti ko‘zga issiq ko‘rinadigan, biroq zamonaviy ruhdagi ilhom manbayi kerak edi. Izlanishlar davomida e’tiborimizni xalqimizning o‘ziga xos liboslari — ota-bobolarimiz kiygan salobatli bekasam to‘nlari va momolarimizning ko‘rki bo‘lgan xon atlaslar tortdi. Aynan mana shu matolardagi ranglar va chiziqlar uyg‘unligi loyihamizning yuragiga aylandi. Quvonarlisi, biz taklif qilgan bu g‘oya mijozga ham juda ma’qul keldi.

3. Yechim

Biz loyihaga kompleks yondashib, vazifani uchta asosiy bosqichda amalga oshirdik:

1. Neyming

Ishni mahsulotga munosib nom ishlab chiqishdan boshladik. Dastlab bo‘yoqning yaltiramaydigan, sokin tuzilishidan kelib chiqib, inglizcha “Matte” (matoviy) so‘zida to‘xtaldik. Biroq yuridik jarayonlarda bu so‘zni patentlash imkonsizligi ma’lum bo‘ldi. Keyin nomga inglizcha “Co” (company — kompaniya) qo‘shimchasini uladik.

Shu tariqa tilga oson ko‘chadigan va xorij bozoriga ham mos “Matteco” nomi dunyoga keldi va u muvaffaqiyatli ro‘yxatdan o‘tkazildi.


2. Logotip

Qurilish mollari bozorida qaysi davlatlarning bo‘yoqlari eng sifatli va premium hisoblanadi? Albatta, Yevropaning, xususan Italiya va Fransiyaning. Biz brendga ana shunday yuqori darajadagi xorijiy sifat nafasini berishni maqsad qildik.

Logotipdagi matté so‘zining oxiridagi “e” harfi ustida tomchisimon detal bor. Bu bir qarashda tomib turgan bo‘yoq tomchisini eslatsa, ikkinchi tomondan Yevropa tillariga xos bo‘lgan diakritik belgili harflarga nozik ishora qiladi.

Bu kichik vizual hiyla orqali mahsulot nomiga Yevropaning qimmatbaho brendlariga xos salobat bag‘ishladik.


3. Qadoq dizayni

Logotipdagi yevropacha viqorni qadoqda chinakam o‘zbekona yechim bilan muvozanatladik. Qadoq yuzida bekasam to‘nlarining tik, rang-barang chiziqlarini va atlasning jilolanib turuvchi ranglar uyg‘unligini zamonaviy minimalizm bilan birlashtirdik.

Geometrik chiziqlar nafaqat milliy matolarimizni eslatadi, balki bo‘yoq valik yordamida surtilgandagi tekis va silliq teksturani ham ifodalaydi. Ranglar palitrasi esa interer va ekstererga mos ravishda turlicha kayfiyat bag‘ishlaydigan qilib tanlandi.

Natijada idish shunchaki qurilish tovari emas, balki polkada viqor bilan saf tortib turadigan, milliy koloritni ko‘rsatuvchi estetik mahsulotga aylandi.

Natija

Ishonchimiz komil, “Matteco” bo‘yoqlari bozorga kirib kelishi bilan ustalar va xaridorlarning e’tiborini tortadi. Raqobatchilarning bir xildagi zerikarli idishlari orasida u o‘zining dadil vizual yechimi bilan yaqqol ajralib turadi.

Ammo biz uchun eng katta yutuq bu mijozning roziligi va ishonchi bo‘ldi. Qilingan mehnat va topilgan noan’anaviy yechimdan mamnun bo‘lgan mijozimiz keyinchalik yana ikkita yirik loyihani — yangi kafeteriy brendingi va santexnika anjomlari qadoq dizaynini ham aynan Minim jamoasiga ishonib topshirdi. Bu loyihalarni ham muvaffaqiyatli yakunlab berdik.