Canados — freon mahsulotlari uchun neyming, logotip va qadoq dizayni

Canados — freon mahsulotlari uchun neyming, logotip va qadoq dizayni

Bozorning issiq-sovug‘ini yaxshi biladigan, 12 yildan beri freon sohasida bo‘lgan “Dekat” kompaniyasi o‘z faoliyatida katta qadam tashladi. Ular endi mahsulotni shunchaki import qilish bilan cheklanmay, o‘zlarining shaxsiy savdo markasini (СТМ) yaratishga qaror qilishdi. Asosiy mijozlari — ustalar.

“MINIM” agentligi oldida esa ushbu yangi brendni bozorga yorug‘ yuz bilan olib kirish, ustalar ishonchini qozonadigan yaxlit yechim topish vazifasi turardi.

  • Qadoq dizayni
  • Neyming
  • Logotip

1. Muammo va vazifa

Ustalar bilan ishlashning o‘ziga yarasha nozik tomonlari bor. Ular yaltiroq qog‘ozga uchmaydi, asosiysi qulaylik va sifat. Bizga shunday nom kerak ediki, ham ingliz tilida jaranglasin, ham tilga oson tushsin. Eng asosiysi — eshitilishi bilan mahsulot yo‘nalishini, ya’ni “sovuqlik” hissini bera olsin.

Loyiha doirasida to‘rtta ish qilinishi kerak edi: nom topish, logotip chizish, qadoq dizaynini yaratish va bu dizaynni mahsulotning 8 xil turiga moslashtirish (adaptatsiya).

2. Tadqiqot

Ishni bozorni elakdan o‘tkazishdan boshladik. Xo‘sh, rastalarda manzara qanday? Hammayoq zerikarli texnik raqamlar yoki tilni sindiradigan xitoycha nomlar bilan to‘lib-toshgan.

Sovuqlikni ifodalash uchun qanday yo‘llar bor? Qor-u muzliklar, oq ayiqlar-u pingvinlar... Rosti, bular avval boshqalar tomonidan ishlatilgan. Bizga boshqacharoq, ham esda qoladigan, ham salmoqliroq yondashuv kerak edi.

3. Yechim

Neyming

Nom qidirish jarayonida miyani anchagina charxladik. Izlanishlar bizni anchagina mantiqiy va kuchli assotsiatsiyaga yetaklab keldi. Bu — sovuq iqlimi bilan mashhur Kanada davlati bo‘ldi.

Shu tariqa “Canados” nomi dunyoga keldi. Ingliz tilida yoziladigan, lekin o‘zimizning ustalar talaffuz qilishga qiynalmaydigan, davlat nomi bilan bog‘liq bo‘lgani uchun eslab qolish oson bo‘lgan yechim.

Logotip

Brendning yuzi qanday bo‘lishi kerak? Juda murakkab, detallarga boy logo bu yerda kerak emasdi. Bizga aniqlik va minimalizm zarur edi. Shuning uchun logotipda uchta asosiy elementni birlashtirdik:

  • Brendning bosh harfi bo‘lgan “C”.
  • Sovuqlik timsoli — qor parchasi.
  • Nomga bevosita ishora qiluvchi Kanada bayrog‘i.

Shuningdek, qadoq va boshqa reklama materiallarida doimiy ishlatiladigan, ko‘zga darrov tashlanib turadigan maxsus pattern (naqsh) ham ishlab chiqildi.

Qadoq dizayni

Qadoq polkada shunchaki ko‘rkam turishi birlamchi sotuvlarni oshirsa, ustaning qo‘liga tushganda qulay bo‘lishi qayta-sotuvlar bo‘lishiga va brendga nisbatan ishonch oshishiga sabab bo‘ladi.

Mahsulotning jami 8 ta turi bor edi. Usta ish jarayonida chalkashib ketmasligi uchun har bir tur o‘zining rangi va xarakteristikasiga qarab vizual jihatdan yaqqol farqlandi.

Transportirovka vaqtida xavfsizlikni ta’minlash maqsadida maxsus gofra korobka ham tayyorlandi. Qadoq yuzidagi matnlar, texnik ko‘rsatkichlar va ogohlantirishlar esa xalqaro standartlar o‘rganilgan holda yozib chiqildi.

Yana bir nozik jihati — qutida maxsus teshiklar ochdik. Nega deysizmi?

  • Birinchidan, yon tomonidagi teshik qutini qo‘lda ushlab ko‘tarish uchun juda qulay.
  • Ikkinchidan, old tomonidagi teshik orqali ichidagi mahsulotning o‘zi ko‘rinib turadi. Yashiradigan hech narsa yo‘q, hammasi ochiq va shaffof.

Natija

Natijada freon bozoriga kuchli va o‘ziga ishongan yangi o‘yinchi kirib keldi.

Mahsulotning asosiy mijozlari bo‘lgan ustalar ongida endi yangicha “Canados” nomi o‘rnashadi. Buning ustiga, ular endi 8 xil freon markasi ichida adashishmaydi, vizual ranglar orqali bir soniyada o‘zlariga keraklisini topib olishadi.

Qo‘lga olganda esa tashishga qulay, ichidagi freon balloni yaqqol ko‘rinib turadigan mustahkam yechim bo‘ldi.