Panda — eksport darajasidagi qadoq dizayni

Panda — eksport darajasidagi qadoq dizayni

Eksport darajasidagi kir yuvish kukuni qadoq dizayni

  • Qadoq dizayni

1. Vazifa

Bugun yurtimizda tadbirkorlik shu darajada rivojlandiki, yangi brendlar yomgʻirdan keyingi qoʻziqorindek koʻpayib bormoqda. Ishlab chiqarish ortib, raqobatchilar yelkama-yelka turtkilashib turgan bu davrda bozorga shunchaki oddiy mahsulot bilan kirib boʻlmaydi.
Hamma jarangdor nomlar allaqachon band. Mijozimiz esa kir yuvish kukuni uchun kuchli “Panda” nomini muvaffaqiyatli patentlab, qadoq dizayni ishlab chiqish vazifasi bilan Minim agentligimizga murojaat qildi.
Nom kuchli, ammo quruq qoshiq ogʻiz yirtar deganlaridek, faqat nomning oʻzi bilan uzoqqa borib boʻlmasdi. Bizning oldimizda turgan vazifa — bu nomni shunchaki yozuv emas, balki har bir oʻzbek ayolining roʻzgʻoridagi qadrdoniga aylantirish edi.
Agar ehtiyot boʻlinmasa, bu nom xaridorda “bolalar oʻyinchogʻi” yoki “arzon-garov narsa” degan taassurot qoldirishi mumkin edi. Maqsadimiz:
  • mahsulot beradigan qiymatini koʻrsatish;
  • “Koʻz — koʻngil oynasi” tamoyiliga amal qilib, bir qarashda mehr uygʻotish;
  • mijoz mahsulotini raqobatchilarning “shovqini” orasidan yaqqol ajratib olishi.

2. Tadqiqot

Ishni boshlashdan oldin har doimgidek bozorni oʻrgandik: polkalar rang-barang, brendlar dizaynda turli rang va uslublardan foydalangan. Hamma xaridorni jalb qilish uchun bor kuchini ishga solgan.
Bunday vaziyatda bizga shunchaki chiroyli rang emas, balki “gapiradigan” tus kerak edi. Biz anchagina noyob, Sharqda “Ranglar qiroli” deb ataladigan firuza rang (Turquoise)ni asosiy rang qilib oldik.
Nega aynan shu rang? Chunki bozordagi gʻala-gʻovur ichida xaridor halovat izlaydi. Firuza rang agressiv emas, u:
  • mahsulotning mayinligini;
  • kiyimlar uchun xavfsiz ekanligini;
  • yoqimli iforini sokinlik bilan yetkazib beradi.
Lekin asosiy qurolimiz boshqa edi.

3. Yechim

Bozordagi ming xil rang ichida yoʻqolib qolmaslik uchun bizga koʻzga tashlanadigan va xaridor bilan “til topishadigan” vosita kerak edi. Biz bu vazifani — maskot (brend personaji) zimmasiga yukladik.
  • Maskot: natijada Panda nomiga mos ravishda panda qahramoni bizning maskotimizga aylandi. Pandamiz shunchaki rasm emas. U qoʻlida yumshoq sochiq va gullar tutib turibdi. Bu orqali u: “Men kiyimlarni mana shunday avaylayman”, deb xaridor koʻnglini xotirjam qiladi. Odamlar nomni eslay olmasligi mumkin, lekin “oʻsha pandali poroshok” desa, darrov hamma tushunadi.
  • Arxitektura: qadoq dizaynida zamonaviy “DryTech Technology” belgilaridan foydalanib, mahsulotning texnologik jihatdan kuchli ekanligini taʼkidladik.
  •  Kategoriyalar: har bir xushboʻy ifor (Lilly, Iris, Lavender, Chamomile) uchun alohida rang kodlari va vizual elementlar ishlab chiqildi, bu xaridorga tanlovni osonlashtiradi.

Natija

Biz ishlab chiqqan dizayn va mijozimizning sifatli mahsuloti oʻzaro birlashib, kutilganidan ham yuqori natija berdi:
  • firuza rang va yoqimli personaj sababli mahsulot polkalarda darhol oʻz muxlislarini topdi;
  • dizayn arzon koʻrinishdan yiroq boʻlgani uchun isteʼmolchilar yangi brendni sinab koʻrishdan choʻchishmadi;
  • mahsulot nafaqat Oʻzbekiston bozorida oʻz oʻrnini topdi, balki bugungi kunda Qirgʻiziston va Tojikiston bozorlarida ham oʻz distribyutorlik kanallarini yoʻlga qoʻydi.
Odamlar orasida “oʻxshatmasdan uchratmas” degan gap bor. Lekin bozorda hammaga oʻxshash magʻlubiyat degani. Boshqalardan biror nimangiz bilan ajralib tursangizgina xaridor sizni oʻrlab tovarlar ichidan adashmay topib oladi. Panda brendi bunga yorqin misol.