Honest — qog‘ozli sochiqlar uchun qadoq dizayni
Honest — Qog‘oz sochiq qadoqlash dizaynining yangilanishi: tozalik va ishonch
1. Vazifa
Honest brendi rulonli qog‘oz sochiqlarning upakovka dizaynini yangilash vazifasi bilan bizga murojaat qildi. Asosiy maqsad — tashqi ko‘rinishni butunlay yangilash va do‘konlarda raqobatbardoshligini oshirish. Mijozimiz odatiy, arzon qadoq obrazlaridan qochib, zamonaviy, hissiyot beradigan va esda qoladigan yechim berishimizni so‘radi. Logotipni ham yangi vizual tizimga moslab yangilash mumkinligi aytildi.
2. Tadqiqot
Biz O‘zbekiston va qo‘shni davlatlarda rulonli qog‘ozlar bozorini tahlil qildik. Natijada quyidagilarni aniqladik: ko‘plab qadoqlar standart, bir xil ranglarda, mayda elementlar, yozuvlarga to‘la, eskirgan ranglar kombinatsiyasidan foydalanadi. Bunday qadoqlar emotsiya bermaydi, raqobatchilar orasida yo‘qolib ketadi va sifat borasida ishonch uyg‘otmaydi.
Shu bilan birga, biz maqsadli auditoriyani ham o‘rgandik — bu asosan supermarketda xarid qilishga qaror qiladigan 25–45 yosh atrofidagi ayollar ekan. Ular uchun narx va xususiyatlari (yumshoqligi, qatlamlar soni)dan tashqari, go‘zalligi ham muhim: ularga ortiqcha jimjimalarsiz, vizual jihatdan toza va yoqimli mahsulotlar qiziq.
3. Yechim
- Logotipni yangiladik: eskisini ravonroq va do‘stona ko‘rinishga keltirdik.
- Soflik va tabiiylik taassurotini uyg‘otadigan yengil ranglar tizimini ishlab chiqdik.
- Nafislik va ishonch hissini berish uchun mayin gradiyent va akvarel rangli gullardan foydalandik.
Bu dizayn zamonaviy va bulutdek yengil ko‘rinishga ega bo‘ldi. Biz ongli ravishda ortiqcha ola-bulalikdan voz kechib, toza fonga urg‘u qaratishga qaror qildik.
Natija
Redizayndan so‘ng Honest upakovkasi do‘kon rastalarida oson topiladigan va ajralib turadigan bo‘ldi. Ranglar xilma-xilligi mahsulotni jozibaliroq qildi hamda iste’molchiga o‘z didiga qarab mahsulot tanlash imkonini berdi. Endi bu qog‘ozlarni ko‘rganda tozalik, sifat va iste’molchiga g‘amxo‘rlik tasavvuri hosil bo‘ladi.
Bu dizayn brend rivojlanishiga turtki berdi: qadoq shunday yangilandiki, natijada uning sodiq mijozlari saqlab qolindi va yangilari jalb qilindi. Endi Honest ekonom segment emas, o‘rta va yuqori segment mahsuloti sifatida tan olinadigan bo‘ldi.








