Penda — tagliklar uchun logotip va qadoq dizayni
- Mijoz: “Penda”
- Yo‘nalish: gigiyena vositalari
1. Vazifa
Bolalar tagliklari bozoriga kirish xuddi tayyorgarliksiz ringga chiqishdek gap. U yerda global “akulalar” (Pampers, Huggies) suzib yuribdi. Bunday muhitda mahalliy brend ularning orasida nafaqat omon qolishi, balki o‘z o‘rnini topishi uchun juda puxta marketing strategiyasi kerak edi.
Mijoz bizga murojaat qilganda vaziyat shunday edi: savdo bor, lekin o‘sish ko‘proq vertikal tarzda (ya’ni eski xaridorlarga qayta sotish hisobiga). Bizga esa gorizontal o‘sish (yangi auditoriya, yangi segment, yangi daromad manbai) kerak edi.
Mahalliy brend deganda ko‘pchilikda “arzon va sifatsiz” degan qotib qolgan stereotip bor. Bizning vazifamiz — bu stereotipni yo‘q qilish va onaga: “Men bolamga ‘Penda’ olib, pulni tejamadim, balki unga eng yaxshisini premium mahsulotni ravo ko‘rdim” degan hissiyotni berish edi.
2. Tadqiqot
- Taglikni odatda otalar sotib oladi, ammo ularni tanlashda onalarning ham o‘rni katta. Ota-ona uchun eng katta qo‘rquv — bu “Men yomon ota/onamanmi?” degan ichki gumon. Arzon pampers olganda ota-ona xuddi o‘z bolasidan pul qizg‘angandek yashirin vijdon azobini tuyishi mumkin.
- Biz “Penda”ni bolaning statusini ko‘rsatib beradigan vosita sifatida tasavvur qildik. O‘zbek oilasida bola bu shunchaki farzand emas, u xonadon podshohi, erkatoyi.
- Tan olish kerak, ona pampers olayotganda nafaqat bolasining, balki o‘zining ham tinch uyqusini sotib oladi.
Ayni shu yuqoridagi insaytlar bizga kuchli dizayn konsepsiyasini ishlab chiqishga yordam berdi.
3. Yechim
Biz dizayn va kommunikatsiyani Premium konsepsiyasiga qurdik.
Rang
Asosiy rang sifatida tanlangan yorqin moviy (Cyan Blue) onaning xotirjam uyqusiga ishora qiladi. Bu rang onaga “Xavotir olma, tonggacha hammasi quruq va tinch bo‘ladi” deb signal beradi va xotirjamlik bag‘ishlaydi.
Logotip
Logotipning asosi yurak shaklida chizilgan, bu ona mehrini ifodalaydi. Yuqorisidagi uch qirrali toj esa bolaning oiladagi yuksak o‘rnini bildiradi: bolakayingiz — oilangiz shahzodasi yoki malikasi va boshingiz toji, u eng yaxshisiga, “Penda”ga munosib.
Logotip yozuvidagi o‘tkir burchaklarsiz, “do‘mboq” harflar bolalar olamini eslatadi.
“Uyu ve oyna” (uxla va o‘yna) yozuvi mahsulotning asosiy funksiyasini sodda va lo‘nda tushuntiradi.
Qadoq dizayni
Brendni jonlantirish va esda qolarli qilish uchun nomiga mos panda qahramoni (maskot)ni ishlab chiqdik. Qizig‘i shundaki, qadoqdagi panda shunchaki bezak emas, u bolaning do‘sti. Ya’ni bolakay ulg‘ayib, taglik o‘lchamlari kattalashgani sari panda ham ulg‘ayib boradi.
Hali kichikligida yoqimtoy, himoyaga muhtoj va shiringina uxlayotgan holida tasvirlangan bo‘lsa, o‘sgani sayin o‘tirgan yoki o‘ynayotgan holatda tasvirlandi.
Xalqaro tajriba va standartlar asosida kuchli illyustrativ belgilar qo‘shdik: qizil lentadagi “Ertalabgacha ishonchli himoya” yozuvi, “Turkish Technology” muhri, “Dermatologik sinovdan o‘tgan” belgisi, “Nafas oluvchi tashqi qatlam” va “Uch qatlamli” ikonkalari mahsulotning funksional ustunliklarini ko‘rsatadi.
Natija
Yangi strategiya “Penda”ni arzon mahsulot darajasidan milliy g‘urur darajasiga olib chiqdi.
- Onalarda endi “Penda” sotib olayotganda arzonini oldim degan emas, bolamga premium mahsulot oldim degan hissiyot bo‘ladi.
- Yorqin moviy rang va sifatli qadoq qimmatbaho import mahsulot effektini yaratdi, natijada mahsulot raqobatchilar orasidan yaqqol ajralib chiqdi.
- Kuchli yozuv va belgilar tufayli brendga bo‘lgan ishonch keskin oshdi hamda brendning gorizontal o‘sishi (yangi mijozlarni jalb qilish) uchun mustahkam poydevor qurildi.
Tadbirkor va ishlab chiqaruvchilar yaxshi bilishadi: bozorda “arzon” bo‘lish oson, lekin “qadrli” bo‘lish qiyin. Bu keysda biz marketing va kreativni birlashtirib, mijozni eng xavfli hududdan — “narx jangi” maydonidan olib chiqdik va marjasi yuqori bo‘lgan emotsional brend ligasiga o‘tkazdik. Natijada mahsulot tannarxi o‘zgarmadi, lekin uning xaridor ko‘zidagi qiymati (Value) bir necha barobar oshdi.








