Basma — qutili muzqaymoq qadoqlash dizayni

Basma — qutili muzqaymoq qadoqlash dizayni

Dizayn va brending olamida yozilmagan bir oltin qoida bor: mijoz dizaynerning ishiga haddan ortiq aralashib, tepasida «qorovul» bo‘lsa, natija shunchalik xiralashib boraveradi. Biz MINIM agentligida barcha mijozlarimizni, ularning qaror va fikrlarini qattiq hurmat qilamiz, lekin ularning orasida shundaylari borki, ular bilan ishlashda odam maza qiladi. Bunday rahbarlar loyihaning rulini butunlay mutaxassisga topshirib, unga to‘laqonli erkinlik berishadi. Basma (Airport Icecream) brendi egalari aynan shunday kamyob va eng sevimli mijozlarimiz sirasiga kiradi.

  • Qadoq dizayni
  • Neyming
  • Logotip

1. Muammo va vazifa

Basma brendi bozordagi yangi trendlarga moslashib, qutili, ya’ni korobkali muzqaymoqlar segmentiga kirishni maqsad qildi. Ularning asosiy talabi aniq edi: mahsulot supermarket muzlatgichlaridagi boshqa qadoqlar bilan bo‘ladigan raqobatda ajralib turishi, xaridor e’tiborini tortishi va, albatta, bu yangi format mavjud Basma brendining vizual DNKsiga to‘g‘ri adaptatsiya qilinishi kerak edi.

2. Ishonch va ilhom

Ish jarayonida bizni eng ruhlantirgan jihat mijozning yondashuvi bo‘ldi. Vazifani topshirayotganda ular rahbarimizga yuzlanib, har doimgidek shunday deyishdi: «Lazizxo‘ja, o‘zingiz bilib, eng zo‘rini qilib beravering. Qanday dizayn qilishni o‘zingiz mendan ko‘ra yaxshiroq bilasiz!»

Sizga mutaxassis sifatida shunday yuksak ishonch va mas’uliyat bildirilsa, nima qilasiz? Shunchaki maza qilib, butun borlig‘ingizni berib ijod qilasiz.

3. Yechim

Xaridor do‘kondagi muzlatkichga yaqinlashganida boshqa raqobatchilarning korobkalari unga ko‘rinmasligi kerak. Buning uchun dizaynni ortiqcha elementlar bilan to‘ldirmay, bor urg‘uni ta’m va statusga qaratdik:

  • «Qimmat» ranglar: ko‘zni toliqtiradigan arzon ranglardan voz kechdik. Shokolad va pista ta’mini ochib berish uchun chuqur jigarrang va baxmal yashil fonlar tanlandi. Bu — mahsulot polkada arzon ko‘rinmasligining eng birinchi va asosiy sharti.
  • Ishtahani qitiqlovchi detallar: markazdagi tishlangan muzqaymoq va orqa fonda qaymoqqa singib ketayotgandek ko‘rinadigan aylanma teksturalar. Hammasi bir qarashdayoq ishtahani ochish uchun yaratildi.
  • Adaptatsiya: Basma brendining mavjud brendingini yangi korobkaga shunchaki yopishtirib qo‘ymadik. Brendning vizual DNKsi — shriftlar, logotip pozitsiyasi va tillarang elementlar — keng formatli qutida mutlaqo tabiiy, viqorli va organik joylashdi.

Natija

Xalqimizda «Ustasiga topshirilgan ishning barakasi boshqacha bo‘ladi» degan gap bor. Butun boshli kreativ jarayon va mutaxassislarga berilgan to‘liq erkinlik o‘z mevasini berdi. Biz tayyorlagan vizual yechim mijozga birinchi raundning o‘zidayoq ma’qul keldi. Loyiha qabul qilinib, xizmat haqi tezda «shitir» sanab berildi.

Siz ham mahsulotingiz uchun polkalarni yorvoradigan dizayn olishni xohlaysizmi? MINIM bilan bog‘laning va loyihangizni o‘z ishining ustalariga ishonib topshiring.