Ichan Qal’a – Muzqaymoq uchun kreativ qadoq dizayni

Ichan Qal’a – Muzqaymoq uchun kreativ qadoq dizayni

Brendingda milliy g‘urur bu shunchaki bayroq hilpiratish emas. Haqiqiy strategik yondashuv — bu tarixiy merosni muzey tokchalaridan olib, zamonaviy bozor tiliga tarjima qilish va uni odamlarning kundalik hayotiga foydali tarzda qilib olib kirishdir.

Bizning navbatdagi hamkorligimiz O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi va Basma muzqaymoq fabrikasi bilan bo‘ldi.

  • Qadoq dizayni

1. Vazifa

Oldimizda turgan maqsad shunchaki muzqaymoq emas, balki “tilga kiradigan” va tarixni so‘zlaydigan mahsulot yaratish edi.

Ichan Qal’a — bu ochiq osmon ostidagi tirik tarix. Lekin yoshlar va bolalar uchun tarix ko‘pincha zerikarli darslik bo‘lib tuyuladi.

Muammo: qanday qilib yosh avlodda o‘z tarixiga qiziqish uyg‘otish va ayni paytda ichki turizmni targ‘ib qilish mumkin? Bizga shunday yechim kerak ediki, u ham tijoriy jihatdan muvaffaqiyatli bo‘lsin (yaxshi sotilsin), ham ijtimoiy vazifani bajarsin.

2. Tadqiqot

Bolalar va yoshlar nimani yaxshi ko‘radi? Ular sirlarni, sarguzashtlarni va kashfiyotlarni yaxshi ko‘radi. Biz Ichan Qal’a xaritasini o‘rgandik. Uning tor ko‘chalari, minoralar joylashuvi xuddi labirintni eslatadi.

Insayt: agar biz Ichan Qal’a xaritasini oddiy topografik chizma sifatida emas, balki qaroqchilarning xazina xaritasi uslubida chizsak-chi?

Bu yondashuv qadoqni shunchaki axlatga tashlanadigan qog‘ozdan o‘rganiladigan kontentga aylantiradi.

3. Yechim

Loyihaning to‘liq konseptual yechimi — nomlashdan tortib grafikagacha agentligimiz tomonidan ishlab chiqildi.

  • Nomlash (Naming): ortiqcha murakkabliksiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri nom tanlandi — “Ichan Qal’a”. Bu nomning o‘ziyoq mahsulotning kelib chiqishi va missiyasini anglatadi.
  • Vizual strategiya: qadoq dizaynida biz “Gamification” (o‘yinlashtirish) usulini qo‘lladik. Biz qadimiy Ichan Qal’a obidasining xaritasini xuddi sarguzasht filmlaridagi “xazina xaritasi” uslubida illyustratsiya qildik. Sarg‘aygan qog‘oz effekti, qadimiy shriftlar, obidalarning qiziqarli chizmalari — bularning barchasi bolani (va kattalarni ham) muzqaymoqni yeb bo‘lgach, qog‘ozni tashlab yubormasdan, uni yoyib ko‘rishga undaydi.

Natija

Bu loyiha orqali biz “bir o‘q bilan ikki quyonni urdik”:

  • Madaniy targ‘ibot: har bir sotilgan muzqaymoq — bu Ichan Qal’a bo‘ylab kichik ekskursiya. Bu orqali biz ichki turizmni rivojlantirishga va yoshlarni o‘z yurtini tanishga chaqiruvchi o‘ziga xos flayer yaratdik.
  • Bozordagi o‘rni: raqobatchilar odatiy dizaynlardan chetga chiqolmay turgan paytda, “Ichan Qala” o‘zining intellektual va estetik dizayni bilan yaqqol ajralib chiqdi.

Demak, dizayn faqat chiroyli rasmdan iborat emas, undan ta’lim va tarbiya vositasi sifatida ham foydalanish mumkin ekan. “Ichan Qala” loyihasi shuni isbotladiki, agar tarix va madaniyat to‘g‘ri “qadoqlansa”, u har qanday zamonaviy trenddan ko‘ra qiziqarliroq bo‘la oladi.

Sizning brendingiz ham jamiyatga foyda keltirishini xohlaysizmi? Minim Design — biz biznesga ham, jamiyatga ham foyda keltiradigan brendlar yaratamiz.