MakPlast – Plastik mahsulotlar brendi uchun brending va qadoqlash dizayni

MakPlast – Plastik mahsulotlar brendi uchun brending va qadoqlash dizayni

Oʻzbekchilikda beshik toʻy va sarpolarning oʻrni alohida. Qudalar tomonidan sovgʻa qilinadigan chaqaloqlarni choʻmiltirish toʻplamlari ham shu anʼananing muhim qismi hisoblanadi. Ushbu loyihada biz MakPlast brendining aynan shunday toʻplamlari uchun qadoq dizaynini ishlab chiqdik.

  • Qadoq dizayni

1. Muammo yoki vazifa

Avval bu turdagi mahsulotlar bozorda oddiy stretch plyonkaga oʻralgan holda sotilardi, bu esa bir nechta muammolarni keltirib chiqarardi:

  • Ochiq plastik mahsulot ota-onalarda xavfsizlik va gigiyena hissini uygʻotmasdi.
  • Beshik toʻy uchun moʻljallangan sovgʻa sifatida mahsulotning qiymati va statusi pasayib ketardi.

Asosiy vazifa — mahsulotni “stretch plyonka” standartidan chiqarib, uni ham sarpobop, ham zamonaviy onlayn platformalarda (masalan, marketplace) raqobatlasha oladigan qadoqqa joylashtirish edi.

2. Tadqiqot

Loyihani boshlashdan avval zamonaviy isteʼmolchilarning hayot tarzi va mahsulotning xususiyatlari oʻrganildi.

Koʻplab yosh oilalar kichik xonadonlarda yashaydi, katta plastik vannalarni saqlash esa muammo tugʻdiradi. MakPlast mahsuloti esa bu muammoni hal qiladi — u transformatsiya qilinadi, yigʻiladi va kam joy egallaydi. Bundan tashqari, mahsulot bolalar uchun xavfsiz materiallardan tayyorlangan.

Shuning uchun dizaynda funksionallik va xavfsizlikni birinchi oʻringa chiqarish zarur edi.

3. Yechim

Biz dizaynni maksimal darajada tushunarli va sotuvga yoʻnaltirilgan qildik:

  • Koloristika: uch xil rang yechimi ishlab chiqildi — pushti (qizlar uchun), yalpiz rang (oʻgʻil bolalar uchun) va kulrang (universal variant). Bu xaridorga tanlovni osonlashtiradi.
  • Dizayn-navigatorlar: asosiy afzalliklar piktogrammalar orqali ko‘rsatildi: “4 tasi 1 da / 3 tasi 1 da”, “0–18 oylik”, “xavfsiz”, “ixcham yigʻiladi”, “gipoallergen”, “issiqlikni saqlaydi”, “hidsiz”.
  • Vizual yoʻriqnoma: qadoq yon tomonlarida mahsulotning yigʻilish jarayoni va toʻplam tarkibi (vanna, chelak, choʻmich, gorka) 3D grafikalar orqali tushuntirildi.

Natija

Natijada MakPlast mahsuloti oddiy bozordagi mahsulotdan zamonaviy va ishonchli brend mahsulotiga aylandi. Qadoq mahsulotni sovgʻa sifatida mos darajaga olib chiqdi va marketplace platformalarida samarali ishlaydigan vizual vositaga aylandi.

Xavfsizlik va joy tejash bilan bogʻliq muammolar dizayn orqali toʻliq hal qilindi.

Siz ham mahsulotingizni bozorga yangi darajada olib chiqmoqchimisiz? MINIM agentligiga murojaat qiling — biz mahsulotingizning haqiqiy qiymatini ochib beramiz.