Brilux qadoqlash dizayni – Tabiatdan Ilhomlangan gʻarq pishgan lampa konsepsiyasi
Brilux LED-lampalari uchun qadoq dizayni
1. Muammo
Brilux brendi bizga lampalar uchun qadoq dizayni ishlab chiqish vazifasi bilan murojaat qildi. Bizgacha mijozimiz turli dizayn variantlarini koʻrib chiqqandi, ammo ularning hech biri yo maʼqul kelmagandi, yo boshqa brendlar dizaynini takrorlardi va original emasdi.
2. Tadqiqot
Bozordagi boshqa brendlar dizaynini oʻrganish chogʻida biz shuni aniqladikki, raqobatchilar yashil rangdan boshqa barcha ranglardan foydalanishadi. Bu boʻshliq bizga boshqalardan ajralib turish imkoniyatini ochib berdi.
Lampa shakli bizga goʻyoki daraxtda oʻsayotgan nok mevasini eslatdi, natijada biz unikal konsepsiya ishlab chiqa oldik.
3. Yechim
Lampaning noyob shakli va nokni eslatuvchi tabiat (yashil rang) bilan bogʻliqlikdan ilhomlanib, biz tabiiy yorugʻlik manbasini ifodalovchi “Tabiat nuri” konsepsiyasini ishlab chiqdik.
4. Ushbu konsepsiyasini amalga oshirish uchun biz:
- Tabiat mavzusiga urgʻu berish uchun toʻq yashil rangni asosiy rang sifatida tanlab oldik.
- Jonli, tabiiy yorugʻlik hissini oshirish uchun qadoqqa barglar tasvirini qoʻshdik.
- Lampaning oʻzini shoxda osilib turgan nok mevasi shaklida tasvirladik va shu bilan majoziy maʼno hosil qildik.
5. Qoʻshimcha afzalliklar
Dizayn konsepsiyasini ishlab chiqish jarayonida biz lampani shunchaki yoritish vositasi emas, boshqa narsalar bilan bogʻliq holda (assotsiatsiya) qabul qilishi mumkin boʻlgan isteʼmolchilar ongi va ehtimoliy trendlarni ham hisobga oldik. Aytishimiz mumkinki, brendning rasmiy nomi Brilux boʻlsa, yaqin kelajakda mahsulot mijozlar, sotuvchilar va savdo agentlari orasida “nok lampa” degan norasmiy, ammo esda qoladigan nom bilan maʼlum va mashhur boʻladi. Natijada nafaqat mahsulot unikalligi oshadi, balki uning bozorda rivojlanishi va tanib olinishi ortadi.
Natija
Yakunda Brilux shunchaki yangicha qadoqqa emas, kuchli vizual obrazga ham ega boʻldi. U mahsulotni raqobatchilardan ajratib turadi, tabiat nuri va nok haqida tasavvur uygʻotadi, mahsulotni isteʼmolchiga yaqinroq va tushunarliroq qiladi.