Rodnaya Derevnya — pishloqlar lineykasi uchun neyming, logotip va qadoq dizayni

Rodnaya Derevnya — pishloqlar lineykasi uchun neyming, logotip va qadoq dizayni

Rodnaya Derevnya — pishloqlar lineykasi uchun neyming, logotip va qadoq dizayni

“Olmos yerda qolmas”, deydi dono xalqimiz. Jizzaxdagi pishloq ham shunday olmos edi. Xaridorlar uni toʻgʻri sexning oʻzidan olib ketishardi, lekin pishloqning dovrugʻi tanish-bilishlar doirasidan nariga chiqmasdi. Mazasi bor edi-yu, nomi yoʻq edi.

  • Qadoq dizayni
  • Neyming
  • Logotip

1. Muammo va vazifa

Korxona sifatli pishloq ishlab chiqarar, hatto boshqalarning savdo markasi ostida ham chiqarib berardi. Faqat oʻziga brend qilmagandi. Brendsiz esa Korzinka kabi yirik tarmoqlarga kirish qiyin — mijozning maqsadi aynan shu edi.

Oldimizda bitta vazifa turardi: “sexdagi oʻsha mazali pishloq”ni katta bozorga olib chiqsa boʻladigan brendga aylantirish. Butun lineyka uchun nom, logotip va etiketka kerak edi: gollandcha, qaymoqli eritilgan va yarim dudlangan pishloqlar, 100 grammdan 1 kilogrammgacha.

2. Tadqiqot

Ishni oddiy savoldan boshladik: bu pishloq nega bunchalik mazali? Javob joyning oʻzida ekan. Sutni Jizzaxning keng yaylovlarida oʻtlab yurgan sigirlar beradi. Texnologiya esa bu yerda ilgari ishlagan pishloq zavodidan qolgan — korxona hamon oʻsha GOST asosida ishlaydi.

Soʻng bozorga tushib, xaridor va sotuvchilar bilan gaplashdik. Mana nimalarni bildik:

  • eritilgan pishloqni koʻproq oʻrtahol yosh oilalar, bogʻcha va maktablar oladi;
  • eritilgan pishloqda “dudlangan” soʻzi arzonroq tuyuladi, shuning uchun “yarim dudlangan” deb yozish maʼqul;
  • kolbasa pishloqqa avvallari aynan GOST boʻyicha qilingani uchun koʻproq ishonishgan;
  • qadoq toʻq va premium boʻlsa, ichidagi mahsulot ham toʻqroq koʻrinishi kerak, aks holda xaridor ishonmaydi.

Asosiy xulosamiz: mahsulotning kuchi retseptda emas, joyida. Shahardagi xaridorga pishloqni emas, sigirlar yam-yashil oʻt yeydigan, hunar avloddan avlodga oʻtadigan qishloqni sotish kerak.

3. Yechim

Neyming. Avval “Jonajon qishloq” degan nom tugʻildi, uni ruschaga “Rodnaya derevnya” deb oʻgirdik. Bu nom eshitilishi bilan koʻz oldingizga tabiiy sut, yaylovdagi sigirlar va bolalikdagi taʼm keladi. Ruscha jaranglashi esa tarmoqlardagi xaridorga ham tushunarli, GOST bilan bogʻliq ishonchni ham kuchaytiradi.

Logotip. Oq qalqon ustida qoʻlda yozilgan nom, atrofida dalalarni eslatuvchi oltin tasmalar. Belgi har qanday shaklga oson joylashadi: doira, oval, kvadrat, tik va yotiq etiketka.

Brend qahramoni. “Rodnaya derevnya”ning yuzi — Jizzaxning togʻli Zomin tumanidan boʻlgan goʻzal qiz: boshida somon shlyapa, sochi oʻrilgan, egnida atlas, ortida sigir va togʻlar. Bir qarashda mahsulot qayerdan kelganini ham, uy ishlab chiqarishining iliqligini ham his qilasiz.

Etiketka. Tizimni takrorlanuvchi elementlardan yigʻdik:

  • Rang kodlari: gollandcha — yashil, yarim dudlangan — toʻq qizil. Xaridor nomni oʻqimasdan turib taʼmni ajratadi.
  • Chetidagi milliy naqsh ramka vazifasini bajaradi va “bu oʻzimizniki” degan tuygʻu beradi.
  • Ishonch belgilari: “anʼanaviy retsept”, yogʻlilik foizi, logotip ostida “nozik qaymoqli”.
  • Bitta tizimda beshta format: 60 mm doira, 74 × 74 mm kvadrat, 58 × 107 mm oval, 64 × 138 mm tik etiketka va yirik qadoq uchun yotiq etiketka.

4. Yangi buyurtma

Oradan bir yil oʻtib, 2025-yil oktabrida mijozimiz yana bizga murojaat qildi: korxona pitsa uchun motsarella chiqarmoqchi edi. Tizimni yangi mahsulotga moslashtirdik: 200 g va 1 kg uchun etiketka tayyorladik, ishtahani ochadigan pitsa tasvirini qoʻshdik, texnik maʼlumotlarni yangiladik.

Natija

Brifdan bosmaga tayyor fayllargacha toʻrt haftacha vaqt ketdi. Qoʻshimchasiga brend uchun moushn-rolik ham tayyorladik. Jizzax pishlogʻi endi shunchaki etiketkaga emas, toʻliq brendga ega: nomi, yuzi va tarmoqlarga chiqib, oʻsishga imkon beradigan yagona tizimi bor. Mijozning yangi mahsulot bilan qaytib kelgani esa biz uchun eng katta ishonch belgisi.

“Rodnaya derevnya” — qayerda tugʻilganini unutmagan taʼm.

Mahsulotingizning mazasi bor-u, nomi yoʻqmi? Minim agentligiga murojaat qiling.