ArZincum — rux eritmasi va spreyi uchun qadoq dizayni
Sog‘lik — tuman boylik, deydi dono xalqimiz. Organizm soatdek aniq ishlashi uchun turli vitamin va minerallar suv va havodek zarur. Ayniqsa, rux (sink) moddasining o‘rni beqiyos. U turli viruslardan himoya qiladi, bo‘y o‘sishiga ko‘maklashadi va umuman olganda, tana uchun eng kerakli minerallardan biri hisoblanadi.
“Alkimyogar pharm” kompaniyasi ayni shu yo‘nalishda katta ishga qo‘l urdi. Ular Kanada texnologiyasi asosida o‘zimizning Farg‘onada rux kolloid eritmasini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishdi. Bu ularning mutlaqo o‘ziga xos, eksklyuziv mahsuloti edi.
1. Muammo va vazifa
Mahsulotning asosiy fishkasi — uning tarkibidagi rux moddasi oddiy emas, balki nano-zarrachalar ko‘rinishida ekanligidir. Odatda vitamin va minerallar tanaga to‘liq singavermaydi. Ammo ushbu kolloid eritmadagi nano-zarrachalar organizm tomonidan 98% gacha o‘zlashtiriladi. Ya’ni har bir tomchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri sog‘liq uchun xizmat qiladi.
Mahsulot ikki xil shaklda chiqariladi:
- Sprey: tomoq og‘rig‘i, gaymorit, faringit va anginada tengi yo‘q yordamchi. Bundan tashqari, u tashqi yaralar, terining kuyishi, dermatit, ekzema va hatto husnbuzarlarni tozalashda ham kuchli antiseptik sifatida sepiladi.
- Eritma: qoshiqda ichiladigan tabiiy antibiotik. Ichkaridan turib virus va infeksiyalarga qarshi kurashadi.
Bizning oldimizdagi vazifa ushbu noyob mahsulotning mohiyatini ochib beradigan, xaridorda ishonch uyg‘otadigan vizual qiyofa — qadoq dizaynini yaratish edi.
2. Tadqiqot
Doimgidek ishni dorixona polkalarini va raqobatchilarni o‘rganishdan boshladik. Odatda BFQ (Biologik faol qo‘shimcha) va vitaminlarning qadoqlari rang-barang, ba’zan haddan tashqari yorqin bo‘ladi. Xaridorning ko‘zini qamashtirib, diqqatni tortishga urinadi.
Ammo bizning mahsulot shunchaki odatiy vitamin emas. U tarkibi va ta’sir kuchiga ko‘ra jiddiy davolovchi vosita. Agar biz ham oqimga qo‘shilib, qadoqni yorqin ranglarga bo‘yab tashlasak, mahsulotning qadri tushib ketadi va odamlar uni oddiy BFQ deb qabul qiladi. Bizga boshqacha, tibbiy va ilmiy yondashuv kerak.
3. Yechim
Mahsulot uchun jarangdor va xorij brendlaridan qolishmaydigan ArZincum nomi tanlandi. Shundan so‘ng asosiy dizayn konsepsiyasiga o‘tdik.
Qadoqda oppoq fonni asosiy qilib oldik. Oq rang — bu tibbiyot, sterillik va ishonch ramzi. U mahsulotga jiddiylik va dorivorlik maqomini beradi. Asosiy elementlar va matnlar uchun esa rux moddasining tabiiy rangiga ishora qilib, kulrangdan foydalandik.
Eng asosiy kreativ yechimimiz qadoq markazidagi geometrik abstraksiyalar bo‘ldi. Ikkala shakldagi mahsulotning ishlash prinsipini shu geometriya orqali ochib berdik:
- Sprey qadog‘ida markazdan atrofga sachrab, otilib chiqayotgan nursimon chiziqlar tushirildi. Bu spreyning sepilish va tarqalish jarayonini geometrik abstrakt uslubda ifodalaydi.
- Eritma qadog‘ida esa geometrik chiziqlar bir-biriga chambarchas bog‘lanib, xuddi murakkab to‘r yoki to‘qima hosil qilgan. Bu organizmga 98% singib ketuvchi nano-zarrachalarning bir-biri bilan birlashish va sog‘lom hujayralarni hosil qilish jarayonini majoziy ma’noda ko‘rsatib beradi.
Natija
Dizayndagi tibbiy va jiddiy yondashuv darhol o‘z so‘zini aytdi: ArZincum nafaqat xaridorlar, balki shifokor va farmatsevtlar ishonchini ham qozonib, mutaxassislar tomonidan oddiy BFQ emas, balki davolovchi vosita sifatida tavsiya qilina boshladi.
Marketing nuqtayi nazaridan, ortiqcha ranglardan xoli, “toza” va premium qadoq mahsulotni dorixona polkalarida raqobatchilardan yaqqol ajratib turdi. Bunday aniq pozitsiyalash konversiyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatib, sotuv hajmining keskin o‘sishini va xaridorlarning takroriy xaridlarini ta’minladi.








