Doctor Ali — AQSh bozoriga mo‘ljallangan BFQ qadoq dizayni
“Ota rozi — Xudo rozi”, deydi dono xalqimiz. Farg‘onaning mashhur Mehrigiyo korxonasi asoschilari ana shu hikmatga amal qilib, yangi subbrendlarini otalarining sharafiga Doctor Ali deb nomlashgan. Niyat xolis ekan, bu mahsulot kichik bir hududda emas, to‘g‘ridan to‘g‘ri okean ortida — Amerika Qo‘shma Shtatlarida ham sotila boshladi.
MINIM jamoasi uchun bu loyiha nafaqat navbatdagi ish, balki o‘ziga xos milliy g‘urur masalasi ham edi.
1. Muammo va vazifa
BFQ (Biologik faol qo‘shimchalar) va turli vitaminlar iste’moli bo‘yicha amerikaliklar jahon chempioni hisoblanadi. Biz esa, o‘zingiz bilasiz, palovxo‘rlikda chempionmiz! Lekin eng qiziq va yuzda tabassum uyg‘otadigan joyi shundaki — o‘sha Amerikadagi chempionlarga vitamin sotayotganlar o‘zimizning o‘zbekistonliklar, ya’ni “Mehrigiyo” bo‘ldi. Qoyilmisiz?
Biroq mahsulot Amazon kabi dunyoning eng yirik marketpleysiga kirib borganida bir muammo ko‘zga tashlandi. “Doctor Ali”ning eski dizayni Amerikaning injiq va nozikta’b bozori uchun biroz sodda, “arzonroq” va tarqoq ko‘rinishda edi. Ya’ni qadoq o‘ta raqobatli bozorda go‘yoki katta to‘yga kalish bilan borib qolgan odamdek ta’surot uyg‘otardi.
Bizning oldimizdagi vazifa — mijoz taqdim etgan boshlang‘ich eskizlarni tubdan qayta ko‘rib chiqib, dizaynni yagona, premium stilga olib kelish va shu qadoq orqali mahsulotning haqiqiy qiymatini oshirish edi.
2. Tadqiqot
Ishni mahsulotning ichidan, uning asl qiymatini anglashdan boshladik. Aslida Doctor Ali shunchaki qanaqadir oddiy vitaminlar emasdi. Uning orqasida eng qattiq xalqaro standartlardan o‘tganligini tasdiqlovchi nufuzli sertifikatlar turardi:
- USDA Organic
- Halal
- EU Organic Bio (Евролист)
- NON GMO
Bunaqa “medal”lar bilan bozorda bemalol ko‘krak kerib yursa bo‘ladi.
Ammo odamni ustiga qarab kutib olishadi, degan maqol bor. Shunday yuqori sifat va sertifikatlar oddiygina, arzon ko‘rinishdagi qadoqda tursa, xaridorning miyasida shubha paydo bo‘ladi. Ichi to‘la oltin bo‘lsa ham, qutisi karton bo‘lsa, odamlar ikkilanadi. Amerikalik iste’molchi birinchi navbatda ko‘zi bilan xarid qiladi. Demak, bizga Amazon polkalaridagi eng qimmat brendlarni ham ortda qoldiradigan, toza va ishonchli vizual yechim kerak edi.
3. Yechim
Loyiha doirasida 4 xil mahsulot uchun yangicha vizual qiyofa yaratildi:
- Detox Clean — tozalovchi
- Multivitamin — vitaminlar kompleksi
- Antistress — charchoq va zo‘riqishga qarshi
- Omega 3-6-9 — baliq moyiga asoslangan
Oq ko‘ylak
Avvalambor, brend nomi va logosi yaqqol ko‘zga tashlanishi uchun umumiy fon sifatida toza oq rangni tanladik. Oq plashka — bu tibbiy sterillik, ishonch va premiumlik belgisi.
So‘zlovchi naqshlar
Har bir turdagi mahsulot uchun uning tarkibi va vazifasidan kelib chiqqan holda maxsus naqshlar (patternlar) ishlab chiqdik. Masalan, Omega 3-6-9 qadog‘iga e’tibor bersangiz, baliq moyini anglatishi uchun baliq tangachalarini eslatuvchi geometrik patterndan foydalandik. Xuddi shunga mos ravishda Detox, Multivitamin va Antistress mahsulotlari ham o‘z mohiyatini ochib beruvchi individual patternlarga ega bo‘ldi.
Tartib va aniqlik
Qadoqning old tomonida mahsulot nimaga taalluqli ekanini tez anglatuvchi maxsus ikonkalar joylashtirildi. Barcha matnlar ingliz tilida yozildi. Biz faqatgina yuz tomonni chiroyli qilish bilan cheklanmadik. Qadoqning yon va orqa tomonlaridagi matnlarning terilishiga alohida e’tibor qaratildi. Yo‘riqnomalar va УТП (unikal savdo takliflari) qat’iy tipografika qoidalari hamda modulli setka asosida millimetrgacha hisoblanib, tartibli taxlab chiqildi.
Natija
Yangi “libos” kiygan Doctor Ali Amazon marketpleysida yanada viqor bilan qadam tashlay boshladi. Puxta o‘ylangan dizayn o‘zini 100 foiz oqladi: mahsulotning qiymati xaridorlar ko‘z o‘ngida keskin oshdi, nufuzli sertifikatlar va tabiiy tarkib vizual estetika bilan mukammal uyg‘unlashdi.
Eng muhimi esa — mijozimiz MINIM agentligining ishidan va yondashuvidan shunchalik mamnun bo‘ldiki, kompaniyaning keyingi yangi loyihalari dizaynini ham hech ikkilanmay aynan bizning jamoamizga topshirdi.








